121
Kunning uzunligi ham kartoshkaning o’sish va rivojlanishiga katta tahsir etadi.
Uzun kun o’simlik palagining, qisqa kun esa tuganak shakllanishi va o’sishining jadal
o’tishiga olib keladi. Lekin bu holat shartli bo’lib, ko’pchilik hozirgi ekiladigan navlar
uchun uzun kun o’simlikning rivojlanishi va tuganak
hosil qilishi uchun ham
yaxshidir.
Namga munosabati.
Kartoshka tuproq va havo namligiga talabchan.
O’simlikning o’sish va rivojlanish fazalarida namga bo’lgan talabchanligi turlicha. Bu
albatta uning biokimyoviy tarkibi (70— 85% gacha suv), morfologik tuzilishi, ko’p
miqdorda biomassa hosil qilishi, barg sathini shakllantirishi
va ildiz sistemasining
nisbatan yuza joylashishi bilan bog’liq. Kartoshkaning transpiratsiya koeffitsienti 630-
700 ga teng.
Havoning quruqligi kartoshkaning o’sish va rivojlanishiga yomon tahsir qiladi,
ayniqsa gul va mevalarini to’kib yuboradi. Lekin, tuproqda nam yetarli bo’lsa,
havoning quruqligi palakning o’sishi va tuganak hosil bo’lishiga sezilarli tahsir
etmaydi.
O’simlik rivojlanishining dastlabki davrlarida tuproq
namligiga unchalik talab
sezmaydi. Hatto unib chiqish uchun urug’lik ona tuganak nami yetarli. Biroq
shonalash tugashi va gullay boshlash fazasida uning namlikka bo’lgan talabi keskin
oshadi va bu kritik davr deyiladi. Bu davrda tuproqda nam yetarli bo’lmasa oziq
moddalarning tuganakka kelishi to’xtaydi. Natijada
tuganaklarning shakllanishi
kechikadi yoki butunlay o’sishdan qoladi. Boshqacha aytganda hosildorlik faqatgina
shonalash davridagi qisqa muddatli qurg’oqchilik tufayli 17—20% ga kamayadi.
Yomg’ir yoqqandan yoki ekin sug’orilgandan keyin tuganaklar qayta o’sa boshlaydi,
yahni bolalaydi, bunda bolacha va stolonlarda shakllanmagan tuganaklar hosil bo’ladi.
Ayrim quyoshli issiq kunlarda kartoshka bir tup o’simligi 4 litr suv bug’latadi
yoki bir kilogramm tuganak hosil qilish uchun 65—140 litr suv talab qiladi. Bir
gektardan 200—300 tsentner hosil olish uchun 5000—6000 metr kub suv sarflanadi.
Kartoshka palagining yetarli darajada o’sishi va yuqori tuganak hosili to’plash
uchun eng qulay sharoit tuproqning namligi dala nam sig’imiga nisbatan unib
chiqishdan shonalashgacha 70—75, shonalashdan palak sarg’ayishgacha 80—85,
palak sarg’ayishdan yig’ishgacha 75-80% bo’lganda qayd etiladi (T. E. Ostonaqulov,
1980, 1991).
Tuproqda namlikning bundan past yoki yuqori darajada bo’lishi
hosildorlikning
shakllanishiga salbiy tahsir etib, tuganak tarkibidagi quruq modda,
kraxmalni
kamaytiradi, saqlanuvchanligini pasaytiradi. Tuproq namligini qulay darajada
tahminlab turish, o’simlikning havo, oziq elementlarni yaxshi o’zlashtirishiga ijobiy
tahsir ko’rsatadi.
Kartoshka qurg’oqchilikka ham nisbatan chidamli o’simlik. Qurg’oqchilik
boshlanishi bilan transpiratsiya va
fotosintez jarayoni susayadi, o’simlik o’sish va
tuganak tugishdan to’xtaydi, lekin nobud bo’lmaydi. Qurg’oqchilik o’tgach,
kartoshkaning tuganak tugishi va uning o’sishi tiklanadi, lekin hosildorlik sezilarli
ravishda kamayadi.