10.2. O’lchash tizimlari
Har qanday o’lchash tizimining vazifasi, uning zaruriy imkoniyatlari, texnik parametrlari va tavsiflari asosan u yaratilayotgan tadqiqot ob’ekti bilan aniqlanadi. Zamonaviy O’T larning tuzilishi favqulodda xilma-xil, tez rivojlanmoqda va hal qilinadigan masalalarga bog’liq bo’lib, ularning bo’linishi hozirgi vaqtda hali etarlicha to’la talqinga ega emas.
O’lchash tizimlarini bajaradigan funksiyalariga bog’liq va shartli ravishda uchta asosiy turga ajratish mumkin: o’lchash va axborotni saqlash o’lchash tizimlari (ularni to’g’ri vazifali o’lchash tizimlari deb ataymiz), nazorat o’lchash va teleo’lchash tizimlari. O’lchash tizimlari jumlasiga obrazlarni tanish tizimlari va texnik tashhislash tizimlari ham mansub bo’lib, bular radioo’lchashlar kursida o’rganilmaydi.
O’lchash tizimlari o’lchash kanallari soni bo’yicha bir, ikki, uch va ko’p kanalli (ko’p o’lchovli) tizimlarga bo’linadi. Birgalikdagi va majmuaviy o’lchashlarda ko’pincha ko’p kanalli, approksimatsiyalovchi tizimlardan foydalaniladi.
Hozirgi vaqtda to’g’ri vazifali O’T lar eng ko’p yaratilmoqda va joriy qilinmoqda. Ularning asosiy xususiyati turli fizik kattaliklarni o’lchashlar uchun dasturli usul bilan qayta sozlash va o’lchashlar rejimida o’zgartirish imkoniyatidir. Bunda apparatli qismda o’zgarishlar talab etilmaydi.
To’g’ri vazifali o’lchash tizimlari shartli ravishda quyidagiga bo’linadi:
– axborot-o’lchash tizimlari (ularni ko’pincha o’lchash-axborot tizimlari ham deyiladi – AO’T);
– o’lchash-hisoblash komplekslari (O’QK);
– virtual axborot-o’lchash asboblari (virtual asboblar yoki kompyuterli-o’lchash tizimlari).
10.3. Virtual axborot-o’lchash tizimlari
Sanoat avtomatlashtirilishi sohasidagi zamonaviy echimlar tor ixtisoslangan echimlardan voz kechib, ARO’/RAO’ platalari bilan jihozlangan shaxsiy kompyuterlar, axborotni raqamli kiritish-chiqarish, turli ketma-ket va parallel biriktirish qurilmalari – interfeyslardan keng foydalanish afzal ko’riladi. Real vaqt rejimida ishlaydigan bunday shaxsiy kompyuterlar ixtisoslangan jihozning barcha funksiyalarini bajargani holda, umumiy vazifali kompyuter, eng avvalo interfeysining moslanuvchanligi va qayta sozlanuvchanligi kabi afzalligini saqlab qoladi.
«Virtual asboblar» tushunchasi o’lchash, axborot va hisoblash texnikasi asosida paydo bo’ldi. Virtual asbob kompyuter, signallarni kiritish-chiqarish apparatli vositalari va ixtisoslashgan dasturiy ta’minot kombinatsiyasidan iborat bo’lib, ana shu ta’minot tugal tizimning konfiguratsiyasini va ishlashini belgilaydi. Aslida, tizimning yaratuvchisi qo’llarida konstruktor (to’plam) bo’lib, kompyuter texnologiyalaridan yaxshi xabardor bo’lmagan muhandis yoki tadqiqotchi ham istagan murakkablikdagi o’lchash asbobini yaratishi mumkin. Endi tugallangan asbobning funksional imkoniyatlarini asbobning imkoniyatlari emas, balki masalaning talabi va shunga mos dasturiy ta’minoti belgilaydi.
Eng sodda holda virtual asbob – bu shaxsiy kompyuterning tegishli dasturiy ta’minot va o’rnatilgan maxsus ma’lumotlar yig’ish platasi yoki alohida port, shuningdek, zamonaviy tashqi interfeyslar orqali ulanadigan tashqi qurilma bilan kompyuter kompleksidir.
Shaxsiy kompyuter real asbobning boshqaruv organlarini imitatsiyalaydi va uning vazifalarini bajaradi, bu esa shu asbob bilan ishlay oladigan mutaxassisga uning virtual analogi bilan ishni davom ettirishga imkon beradi. Virtual asbob faqat qo’yilgan masalani echish uchun zaruriy indikatorlar va boshqarish organlarinigina o’z ichiga olishi mumkin. Bu ishlarni analoglarida o’tkazish mumkin, shu bilan uning resursi saqlanadi va operatorning xatolari tufayli ishdan chiqish xavfining oldi olinadi.
Virtual asboblarning mikroprotsessorli asboblarga nisbatan farqli xususiyatlariga quyidagilar kiradi:
– keng doiradagi amaliy o’lchash masalalarini hal etishga imkon beradigan standart amaliy kompyuter dasturlari fondi (signallarni tadqiq qilish va qayta ishlash, datchiklardan ma’lumotlarni yig’ish, turli sanoat qurilmalarini boshqarish va boshqalar);
– tadqiqotlar va o’lchashlar ma’lumotlarini lokal hamda global kompyuter tarmoqlari (masalan, Internet tarmog’i) bo’ylab operativ uzatish imkoniyati;
– foydalanuvchining tizim bilan o’zaro ishlashni tez o’zlashtirishni ta’minlaydigan yuqori rivojlangan grafik interfeys;
– katta sig’imli ichki va tashqi xotiradan foydalanish hamda aniq o’lchash masalalarini echish uchun kompyuter dasturlarini tuzish imkoniyati;
– o’lchash natijalarini turli hujjatlashtirish qurilmalaridan operativ foydalanish imkoniyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |