O‘lchash liniyasi usuli Bu usul O‘YuCh quvvatini uzatish liniyasi bo‘ylab elektr maydon kuchlanganligini o‘lchash liniyasi yordamida o‘lchash va keyin o‘lchanadigan kattaliklarni aniqlashdan iborat. O‘lchash liniyalari doimiylari taqsimlangan liniyalarning parametrlarini o‘lchash uchun mo‘ljallangan ilk asboblar bo‘lgan edi. Ular to‘lqin uzunligi l, so‘nish, faza, turg‘un to‘lqinlar koeffitsiyenti, yuklamaning to‘la qarshiligini o‘lchashga imkon beradi.
O‘lchash liniyalari to‘lqin o‘tkazgichi, koaksial va poloskali bo‘ladi. O‘lchashlarni avtomatlashtirish imkoniyati cheklanganligiga qaramasdan, o‘lchash liniyalari O‘YuCh-diapazonda, ayniqsa, yangi to‘lqin diapazonlarini o‘zlashtirishda ham, O‘YuCh-traktlarning yangi konfiguratsiyalarini o‘zlashtirishda ham va bir qator amaliy hollarda ham an’anaviy o‘lchash asboblari bo‘lib qolmoqda.
O‘lchash liniyasining tuzilishi va ishlash prinsipi. O‘YuCh quvvatni uzatish liniyasi bo‘ylab elektr maydon kuchlanganligini tadqiq qilishni o‘lchash liniyasiga cho‘ktiriladigan va bo‘ylab ko‘chiriladigan zond yordamida eng oson bajarish mumkin. Buning uchun o‘lchash liniyasi bo‘ylama nurlatmaydigan tirqishga ega bo‘lishi lozim (9.14-rasm).
Zond o‘lchash vazifasini bajaradi va detektor bilan bog‘langan bo‘lishi lozim. Detektorning to‘g‘rilangan toki (kuchlanishi) liniyaning har bir nuqtasidagi maydon kuchlanganligini tavsiflaydi. Shunday qilib, o‘lchash liniyasining har qanday konstruksiyasi ushbu funksional bog‘lamalarni (uzellarni) o‘z ichiga olishi lozim: tirqishli seksiya, zond kallagi va zondni tirqishli seksiya bo‘ylab ko‘chirish mexanizmiga ega bo‘lgan karetka.
9.14-rasm. O’lchash liniyasining soddalashtirilgan konstruksiyasi.
Тo‘lqin o‘tkazgichli o‘lchash liniyasining tirqishli seksiyasi o‘lchash generatori va o‘lchanayotgan O‘YuCh-elementni ulash uchun flaneslar bilan tugallanadigan standart to‘g‘ri burchakli to‘lqin o‘tkazgich 1 dan iborat. O‘YuCh-qurilmalar nazariyasidan ma’lumki bo‘ylama tirqish to‘lqin o‘tkazgich qalin devorining aniq o‘rtasidan kesilgan bo‘lsa u to‘lqin maydoni H10 uchun nurlantirmaydigan bo‘ladi. Тirqishning uzunligi o‘lchash liniyasining chastotalar diapazoniga bog‘liq va turg‘un to‘lqinning bir necha do‘ngliklarini (maksimal amplituda) va tugunlarini (nol amplituda) qayd etish uchun etarli bo‘lishi lozim. Тirqishli seksiyaning berilgan o‘lchamlarini bajarilish aniqligi o‘lchash liniyasining so‘nish, xususiy YuТK, zond ko‘chishida uning maydon bilan bog‘lanishining doimiy emasligi (cho‘kish chuqurligining o‘zgarishi hisobiga) kabi muammo tavsiflariga ta’sir etadi.
Zondli kallak liniyaga cho‘kish chuqurligi vint 3 yordamida o‘zgartirilishi mumkin bo‘lgan zond 2 dan, sozlash porshenlari 4 bo‘lgan rezonans tizim va maxsus detektor kameraga joylashtirilgan O‘YuCh-diod 5 dan iborat.
Hozirgi zamon o‘lchash liniyalarining aksariyat ko‘pchiligida ingichka vertikal shtir shaklida ishlangan, sig‘imli turdagi zondlar qo‘llaniladi. Bunday zond liniyadagi maydon E ning elektr tashkil etuvchisini sezadi, shu bilan birga paydo bo‘ladigan EYuK uning liniyaga botirilish chuqurligiga proporsionaldir. Tirqishga zondning kiritilishi reaktiv tashkil etuvchisi o‘lchash liniyasidagi maydon manzarasini buzadigan va shuning uchun kompensatsiyalanishi lozim bo‘lgan kompleks o‘tkazuvchanlikning ulanishiga ekvivalentdir. Bunga zondli kallakni maxsus rezonans tizim yordamida rezonansga sozlash bilan erishiladi. Bunday tizim sifatida O‘YuCh-diapazonda bikoaksial rezonator qo‘llaniladi. Zondning ekrani va o‘rta silindrning ichki sirti zond konturini hosil qiladi, silindrning tashqi sirti va tashqi quvurning ichki sirti O‘YuCh-detektor konturini hosil qiladi. O‘lchash liniyasini sozlash porshenlar 4 yordamida detektor – O‘YuCh-diod 5 ning maksimal tokini (kuchlanishini) hosil qilingunigacha o‘tkaziladi.
Karetka 6 zondli kallakni liniya bo‘ylab ko‘chirish va uning holatini o‘lchash chizg‘ichi 7 yoki boshqa turdagi indikator yordamida aniqlash uchun mo‘ljallangan. Bu vintni mexanizm bilan ko‘chiriladigan etarlicha og‘ir plitadir.
Yuklamaning parametrlarini o‘lchash aniqligigabir qator omillar ta’sir etadi: barcha bo‘g‘inlar aniq va kamchiliksiz (benuqson) biriktirilgan bo‘lishi lozim; zondni botirilish chuqurligi optimal tanlanishi lozim; uning maydon bilan bog‘lanishi doimiy bo‘lishi kerak. Bu shartlarga rioya qilinganida o‘lchash xatoligi 2...5% ni tashkil etadi.