II BOB. ZARDO‘SHTIYLIK BILAN BOG‘LIQ TOMOSHA
TURLARI
«Avesto»dagi tomoshalar tasviri
Zamonlar o'tishi bilan, ovchilik va chorvachilik qatori deh- qonchilikning ham tez rivojlanishi, yangi qabila, yangi sinflarning maydonga kelishi, davlatlarning paydo bo'lishi, shaharlarning ko'payishi, ishlab chiqarish kuchlarining o‘sishi, turli yangi miflar, diniy aqidalar, mafkuralarning tug‘ilishi o'sha davr marosimlariga, xalq o'yinlariga, raqs va musiqasiga ham ta’sir ko'rsatdi. Uni takomillashtirib, yangi mavzu, yangi obrazlar olib kirdi. Natijada yangi tomosha uslublari - yil fasllariga, hosilni ko'paytirishga va harbiy g'alabalarni nishonlashga bag‘ishlangan turli marosim, bayramlar paydo bo'ldi. Ibtidoiy davr marosimlarida odamlar, asosan, hayvon va tabiat hodisalariga taqlid qilib kelgan bo'lsalar, bu davr marosimlarida, bayramlarida. xalq o'yinlarida ma’bud, ma’budalar, mifologik va afsonaviy qahramonlarning obrazlari maxsus ijrochilar tomonidan taqlidiy koTsatiladigan bo‘ldi.
Ana shu davrda qadimiy O‘zbekiston hududida yashagan qabilalar, elat va xalqlarning iqtisodiy, ijtimoiy hayoti, urf-odatlari, e’tiqod va madaniyatlari, musiqa, raqs va, umuman, teatrlashtirilgan marosimlari to‘g‘risida ma’lum tasavvur bera oladigan zar- do‘shtiylikning muqaddas «Avesto» risolasi birinchi yozma kitob sifatida muhim manba bo'lib xizmat qiladi.
Zardo'shtiylik dini quldorlik va ilk feodalizm davrida O'rta Osiyo. Eron va Ozarbayjonda keng tarqalgan. Uning diniy ta’limotlari qadimiy xalqlarning hayoti va ehtiyoji asosida vujudga kelgan afsonalarga tayanib yaratilishiga qaramay, unda yaratuvchilik ideallari juda kuchli; «Avesto» kitobining barcha naqllari. asosan, tabiat kuchlarining tasviridan iborat. Chunonchi, «Avesto»ning «Vendidod» bobining kirish qismi dehqonchilik va chorvachilikka bag'ishlangan. «Vendidod»ning birinchi faslida ikki olam: Axura Mazda va Anxra Manular o'rtasidagi kurash, Axura Mazdaning serhosil mamlakat yaratishi haqidagi rivoyat, ikkinchi faslida esa yer sathini uch barobar oshirib dehqonchilik va chorvachilikni kengaytirgan, kishilar uchun ko‘p foydali mo'jizalar yaratgan adolatli Yima Jamshid haqidagi afsona naql qilinadi. Uchinchi faslda «Qasrdagi don, yemish ko'katlari, meva beruvchi daraxtlar ko'proq ekilsa, quruq tuproqni sug'orsalar, ortiqcha sersuv botqoq yerlarni quritsalar, o‘sha joyda yer quvonadi», deb, dehqonchilik va bog'dorchilik muqaddas hamda sharafli mehnat ekani targ'ib qilinadi.
Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, «Avesto» eramizdan oldingi VII asr oxiri VI asr boshida maydonga kelgan. Uning muqaddas kitob shaklida to'la shakllanishi esa eramizdan oldingi birinchi ming yillikka to'g'ri keladi. U 21 kitobdan iborat bo‘lib, «Zend—Avesto» deb atalgan. Ammo ko‘p qismi Iskandar Zulqamaynningbosqinchilik urushi natijasida Persopol saroyidagi yong'inda kuyib ketgan. Qolganlari esa arab bosqinchilari davrida yo‘qolgan. Bizgacha yetib kelgan «Avesto» kitobining eng qadimgi nusxasi 1324-yilda ko'chirilgan bo‘lib, u Kopengagenda saqlanadi. «Zend—Avesto» o‘tgan asrda bir necha bor Yevropa tillariga ham tarjima qilingan. Shunday qilib «Avesto» ta’limoti bo‘yicha «tabiatdagi va insonlar jamiyatidagi hodisalarning hammasi bir-biriga teskari va ikki yaratuvchining kurashidan kelib chiqadi. Bu yaratuvchilarning biri Axura Mazda bo‘lib, u yorug'lik, obodonlik, farovonlik, salomatlik, tinchlik va boshqa yaxshiliklarni yaratgan xudodir. Ikkinchisi Axrimak (Anxra Manu) esa Axura Mazda yaratgan yaxshi narsalarga qarshi kurashadi, Bu kurashning natijasi zulmatga qarshi yorug'likning g'alabasi bilan tamom bo'ladi». Tabiat va jamiyat hodisalarining yaxshilik va yomonlikda, ikki ziddiyatda ta’riflanishi qadimiy turli marosim va xalq o'yinlaridayoq, teatr san’atining muhim spetsifikasi bo'lgan konfliktni, ijobiy va salbiy obrazlarni tug'dirib borar edi.
Bundan tashqari «Avesto» kitobi diniy marosimlarni ijro etish uslublari hamda teatr san’ati elementlarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etardi. Chunonchi, «Avesto»ning «Visparad» qismi 24 fasldan iborat bo'lib, ibodat qo'shiqlarini, «Yasna» qismi 72 fasldan iborat bo'lgan qurbonlik marosimlarida aytilgan mahzun qo'shiq va marsiyalarni o‘z ichiga oladi. «Yasht» qismida zardo'shtiylik xudolari va ma’budalari madhiga aytiladigan 22 ta qo'shiq va xor nazmlari kiritilgan.
«Avesto» marosimlarida diniy aqidalar, murakkab qo'shiq va xorlarning pantomim raqs bilan ijro etilishi, unda mifologik qahramonlar obrazlarining yaratilishi «Avesto»ning qo'shiq va xor matnini bilgan va g'oyalarini katta mahorat bilan tasvirlab bera oladigan maxsus ijrochilarni talab qilar edi. Shu jihatdan «Avesto» marosimlarini ijro etish shakllarini ilk teatr san’ati elementlari, deb qarash mumkin. Uning diniy marosimlari ibodatxonalarda yoki maxsus maydonda teatrlashgan uslubda, duo va baytlari jo'shqin musiqa, qo'shiq, pantomim raqs bilan hamohang olib borilgan. Koinotning alohida-alohida hodisalariga mutasaddi bo'lgan Mitra, Anaxit, Xumo, Jamshid, Mirrix kabi turli mifologik tiplarning qahramonliklari maxsus ijrochilar tomonidan o'ynab ko'rsatilgan. Chunonchi, quyosh va yorug'lik xudosi Mitra «Avesto»da tengsiz bahodir, dushmanga qarshi shafqatsiz kurashuvchi jasur yigit, o'tda kuymas, suvda cho'kmas, maydonda o'q o'tmas qahramon qilib berilgan. Mitra yer bilan ko'kda kezib, zulmat xudosi Axriman bilan kurashadi. Bulutlar ustida olov zanjir chaqmoq otib, Axrimanni quvib yuboradi.
Mitra aravada turib, suyakdan mohirlik bilan ishlangan, buqa tasmasidan tarang qilib tortilgan yoyidan minglarcha o'q uzadi, uning o'qlari fikrday tezlik bilan devlar boshiga borib yog’iladi...
O’rta Osiyo tasviriy san’at yodgorliklarida yer-suv, obodonlik va farovonlik xudosi Anaxit juda ko‘p uchraydi. U ham o'sha davr «Avesto» dinining teatrlashgan marosimlarida asosiy mifologik obrazlaridan biri bo’lgan. Bunday fikr yuritishga «Avesto» matnining o'zi ham asos beradi. Chunonchi, «Avesto»da Anaxit obrazi quyidagicha ta’riflanadi: «Anaxit yaxshi kiyingan go'zal bir ayol sifatida, inson nazokatini, ko'rkini ifodalovchi, qahramonlarga kuch- quvvat va muvaffaqiyat haxsh etuvchi bir shaxsdir». Bu obrazning tasviri to'g'risida yana quyidagi misralarni o'qiymiz: «Anaxitni doimo go 'zal, baquvvat, kamarini baland bog 'lagan, oltin ziynatli, ко ‘p bunnali mursak kiygan bir qiz sifatida ko'rish mumkin...» Ko’rinib turibdiki, Anaxit obrazi jonli shaxs sifatida ta’riflanadi. Demak, buning timsoli asrlar bo'yi maxsus ijrochilar tomonidan o’ynalib, jonlantirilib kelingan. O‘rta Osiyo hududida topilgan juda ko‘p tasviriy san’at yodgorliklari ichida Anaxit figurasi turli talqinlarda namoyon bo’ladi. Tadqiqotchilar Anaxit marosimlari juda jo’shqin o’tgani, ular turli dramatik dialog, yalpi qo’shiq, xor va raqslar bilan olib borilganini ko’rsatdilar.
Zardo’shtiylik mazhabi bilan aloqador bo’lgan mifologik syujetlarni qadimda hamma qo’shilib xorovod uslubida ijro etganini yunon tarixchilaridan Ksenofon (eramizdan avvalgi 434- 355-yillar) ham tasdiqlaydi. U eramizdan burungi IV asrda skiflarning musiqa va ashulalar bilan ijro etiladigan original mifologik xorovod tomoshalarini ko’rganini yozadi. «Ular bir- biriga qarab xor aytayotganda saf tortib turadilar... shundan so'ng biri ashulani boshlaydi. qolganlari ham shu ashula yo Iida ayta boshlaydilar». Islom dinining qat’iy ta’qibiga qaramay, zardo’shtiylik diniy mazhabida bo’lganlarga va ular diniy maro- simlarining tomoshaviylik xususiyatiga o’rta asrda va undan so’ng ham qiziqish sovimagan. Bunga somoniylar davrida yashagan Abu Mansur Muhammad Daqiqiyning quyidagi misralari ham misol bo’ladi: «Dunyodagi yaxshi va yomon narsalardan Daqiqiy to‘rt narsani tanlab oldi: Yoqut rangda bo’lgan lab, chang nolasi, Qon rangli sharob bilan zardo’sht dini».
Zardo'shtiylik - din, diniy ta’limot, ibtidoiy dunyoqarashlardan bi ri bo‘lib, u muayyan marosimlar, urf-odatlar majmuasidir. Xalq orasida u ko‘proq «otashparastlik», deb yuritiladi.
Zardo'shtiylik bilan yunon olimi Herodotdan tortibshu kungacha minglab olimlar uzluksiz shug'ullanib kelishdi. Ya’ni, zardo‘shtiylik ikki yarim ming yildan buyon olimlar diqqat markazida. Ammo shunga qaramasdan, hamon u inson qadami tegmagan changalzorga o‘xshaydi. Ayniqsa, bu din bilan bog'liq bayramlar, marosimlar, tomoshalar kam o'rganilgan, Ular to'g'risida uzuq-yuluq ma’lu- motlar, qaydlar, farazlar bor, xolos. Ming afsuski. o‘zbck olimlari ko'p hollarda zardo'shtiylikni chetlab o'tganlar. Buning sabablari bor, albatta. Biri shuki, zardo'shtiylikni birinchi navbatda fors-tojik xalqlarigagina xos, deb qaraganlar. Ikkinchidan. zardo'shtiylik va, umuman, ma’jusiylikka oid dinlarni o'rganish gunoh. u islomga soya tashlaydi, deb o'ylaganlar. Afsus-nadomatlar bo'lsinki. XX asrda ham mazkur mavzuni biror bir o'zbek olimi maxsus o'rganmadi. Zero, sovet hokimiyati davrida din, diniy tasavvurlar va qarashlar u yoqda tursin, u bilan bog'liq ijodkor, badiiy asar ham chetga surib qo'yildi. Klassik asarlar ilohiy ohanglar va lavhalardan tozalanib, randalanib nashr etildi. Vaqt ko'rsatdiki, islom, tasavvuf tariqatlari, balki O'rta Osiyoda islomgacha hukm surgan zardo'shtiylik, buddizm, ibtidoiy dunyoqarashlar totemizm, animizm kabi diniy e’tiqodlar barcha elatlar, xalqlar hayotida keng tomir yoyib, marosim, sayl va bayramlarda, tomoshalarda, ko'pincha bir-biri bilan chatishgan holda namoyon bo'lib kelgan. Islom ma’jusiylikka qarshi qancha kurashmasin, uni avlodlar yodidan. hayotidan yulib tashlay olmadi, urf-odatlari, marosimlari tarkibidan siqib chiqara olmadi.
Ayniqsa. zardo'shtiylikning qoldiqlari, alomatlari, unsurlari har qadamda uchraydi. Ko'pgina tomoshalarning, san’atlarning kelib chiqishini, takomilini, antiqa hodisalarini, timsollarini, tasviriy vositalarini faqat zardo'shtiylik bilan bog'liq holda tushunishimiz, anglashimiz mumkin. Ushbu mavzuni maxsus o'rganish davri keldi. «Avesto» falsafasi yoki estetikasi degan tadqiqot paydo bo'lishiga umidqilamiz. Sababi zardo'shtiylik ko'p tarmoqli, shunday murakkab sohaki, uni turli ixtisosli olimlar yoki maxsus guruhgina bir daraja to'liq o’rganishga qodir. Akademik M. Rahmonovdan keyin zabardast olim M. Qodirov ham bu mavzuga murojaat qilgan. Shundan kelib chiqib. qaydlarni aql va mantiq tarozisiga qo'yib, zardo‘shtiylik bilan aloqador bayramlar, marosimlar va tomoshalar haqida dastlabki umumiy manzara yaratilgan. Bu rnavzu keyingi tadqiqotchilar tomonidan yanada to'ldiriladi va ishonchli ilmiy manbaga aylantiriladi, deb umid qilamiz.
V. V. Struve. I. S. Braginskiy, 1. M. Dyakonov, V. M. Lukonin, S. P. Tolstov, В. I. Avdiyev, M. Boys kabi aksar olimlarning fikricha, zardo'shtiylik Turonda paydo bo'lib, shakllanib. keyinchalik Eronga o'tgan. Ular Zardo'shtiylikning og'zaki ta’limoti yozilgan «Avesto» nomli muqaddas kitob ham dastlab shu Turon hududida maydonga kelgan, deydilar. «Avesto» nomli qadimgi diniy to'plamning dastlabki qismlari, juda azalgi qismlari, - deb yozadi В. I. Avdiyev, - O'rta Osiyo hududida vujudga kelgan, deb aytishga hamma asoslar bor, Ba’zi rivoyatlarda aytilishicha, zardo'shtiylik dinining birinchi «muqaddas olovi» Xorazmda yoqilgan. «Avesto»da tasvirlangan «Ayriana-Vayjo» degan mamlakat Xorazm bo'lgan bo'lishi ehtimol, bu mamlakatda Ahuramazda Zardo'shtga ko'rinish bergan. «Ayriana-Vayjo» degan afsonaviy mamlakatning «Avesto»da saqlanib qolgan tasviri Xorazmning jug'rofiy sharoitlariga juda muvofiq keladi». «Avestowdagi Urva - Urganch, Ardvi- Amudaryo, Voruqash - Orol dengizi kabi atamalar ham shu fikrni tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Xorazm so'zining o‘zi ham «Quyoshli yer», ya’ni xvar - quyosh va zom - yer degan ma’noni bildirib, uning quyoshga sajda qiluvchi mamlakat ekanidan dalolat beradi. Quyoshli yerliklar ibodat qo'shiqlari 72 fasldan iborat bo'lsa va uni maxsus ijrochilar bajarsa. biz yana bir bor kichik shakldagi musiqa, raqs va qo'shiqqa, katta shakldagi xorga duch keldik.
Do'stlaringiz bilan baham: |