O’zbek tili stilistikasi va uning muammolari
Tadqiqotchilar stilistikaning o’rganish obyekti til stillari, leksik, grammatik sinonimiya hamda til vositalarining ma’no va qo’llanish imkoniyatlarini tekshirish deb bilsalar ham, lekin bularni yoritishda, klassifikatsiya qilishda, til vositalarining stilistik va emotsional-ekspressiv bo’yoqlarini tushunishda bir-birlaridan farq qiladilar.
Akademik V.V.Vinogradov stilistika bahsida bir-biri bilan uzviy aloqador, lekin vazifalari turlicha bo’lgan uchta tekshirish aspektini farqlash zarur, deb uqtiradi. U stilistikani 3 qismga ajratadi: 1) tilning funksional stillarini o’rganuvchi stilistika (strukturnaya stilistika); 2) turli janrlarning semantik va ekspressiv-stilistik xarakterlarini hamda og’zaki va yozma nutq orasidagi farqni tekshiruvchi nutq stilistikasi (stilistika rechi); 3) adabiy yo’nalishlar, badiiy asar hamda yozuvchi uslubini tadqiq etuvchi badiiy adabiyot stilistikasi.
Ko’rinadiki, stilistika har biri o’z muayyan stilistik belgi- sifatlarga ega bo’lgan stillarni o’rganadi. Masalan, funksional stilistika ilmiy, rasmiy, publitsistik, badiiy stillarning o’ziga xos xususiyatlari va ifoda vositalarini tekshiradi.
Milliy til stilistikasining mundarijasi birmuncha keng bo’lib, u tilning barcha stilistik sistemasini tekshiradi. Bu stilistik sistema stillardan tashqari, tilning yozma va og’zaki formalarini, adabiy va so’zlashuv nutq ko’rinishlarini ham o’z ichiga oladi. Shunday qilib, stilistika til birliklaridan qaysi biri u yoki bu stilda, yozma yo og’zaki nutqda ko’proq ishlatiladi, degan masala bilan ham shug’ullanadi. Bundan tashqari, stilistikaga fikr va maqsadni ifodalashda til vositalarining to’g’ri tanlab yoki tanlanmaganligini aniqlash hamda shu til vositalarini maqsadga muvofiq tanlash va ishlatish yo’llarni belgilash vazifalari yuklatiladi. Stilistikaning vazifasini bu tarzda sharhlash uning mundarijasini yana ham kengaytiradi. Stilistikada sinonimiya masalalarini o’rganish ham markaziy o’rinni egallaydi. Ammo tildagi sinonimiyaning umumiy qonuniyatlarini o’rganish stilistikaning obyektiga kirmaydi. Stilistikada sinonimik munosabatlarning barcha ko’rinishlari: so’zlarning stilistik sifatlari, sintaktik konstruksiyalarining qo’llanish xususiyatlari o’rganiladi. Stilistik belgi-sifatlar til birliklarining barchasida mavjuddir. Fonetik, morfologik, sintaktik va leksik birliklar stilistikaning ham predmeti hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |