Arab tilining ta’siri
O‘zbek tili leksikasida arabcha so‘zlarning mavjudligi o‘tmishda O‘rta Osiyo hududlarining arablar tomonidan egallanishi hamda uning tarixiy-ijtimoiy oqibatlari bilan bog‘liqdir. Sodir bo‘lgan siyosiy hamda ma’naviy o‘zgarishlar mahalliy xalqlar intellektual turmush tarzining barcha sohalariga arab tili va arab madaniyatining kirib kelishiga zamin yaratdi. Buning natijasida, arab tilining keng tarqalishi, bu tilda yozishga, o‘qishga, muomala qilishga va diniy aqidalarni bajarishga to‘g‘ri kelgani mahalliy xalqlarning ma’lum darajada arab tilini egallashiga olib keldi. Bu hol o‘z navbatida o‘zbek-arab ikki tilliligi hodisasini tug‘dirdi. Chunki mahalliy xalq tomonidan arab tili o‘rganilishining yana muhim sabablaridan biri, bizningcha, arablar bilan birga islom dini bilan kirib kelgan muqaddas Qur’oni Karimning arab tilida bo‘lganligidir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, arab tili o‘zbek tiliga, ba’zi tillardagi (adigey tili, lak tili kabi Dog‘iston xalqlari tillari) singari, faqat islom dini tili sifatidagina emas, balki fan tili, rasmiy idoraviy uslub tili, badiiy adabiyot tili sifatida ham ta’sir etdi. Natijada, mahalliy xalq vakillari o‘z ona tili bilan bir qatorda arab tilida erkin yozadigan va gapira oladigan bo‘ldi. O‘rta Osiyolik mashhur olimlar Xorazmiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abunasr Forobiy, Ahmad al-Farg‘oniy kabilar o‘z ilmiy asarlarini arab tilida yozganlar.
Turkiy tillarga dastlab diniy, so‘ngra ijtimoiy-siyosiy, ilmiy va madaniy terminologiyaga oid arabizmlar kirib keldi. Arabcha so‘zlar nafaqat turkiy tillarga, balki u bilan doimiy birga yashab kelgan fors-tojik tiliga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Ko‘pgina adabiyotlarda o‘zga tillardan so‘z o‘zlashtirishning asosiy manbai sifatida boshqa tillardan qilingan tarjimalar ko‘rsatiladi. Albatta, bu to‘g‘ri. Kitobatchilik sohasida ham arabcha yoki forscha leksik birliklarning o‘zbek tiliga kirib kelishida u tillardan qilingan davlat ahamiyati darajasidagi tarjimalarning o‘rni katta bo‘lgan. Bunday tarjimachilik ishlaridan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad turkiy xalqlarni Sharqda takomil topgan fan va adabiyot yutuqlari bilan keng tanishtirishdir. Shu maqsadda, asosiy tarjimalar arab va fors tillaridan amalga oshirilgan.
Arabcha so‘zlarning o‘zbek tiliga kirib kelishidagi yana boshqa bir manba bu arab kitobatchilik san’atining butun borlig‘i bilan turkiy xalqlar, birinchi navbatda, o‘zbek xalqi madaniyatiga kuchli ta’sir etishi bilan bog‘liqdir. Biz bilamizki, arab kitobatchiligi islom dini yoyilishining dastlabki bosqichlarida muqaddas Qur’oni Karimning ko‘chirib tarqatilishiga bo‘lgan ehtiyoj natijasida shakllandi va rivoj topdi. Bunday deyishimiz uchun ma’lum bir asoslar bor. Chunki, ba’zi manbalarda yozilishicha, islom dinining paydo bo‘lishiga qadar arablar o‘zlarining muayyan bir yozuvlariga ega bo‘lmagan. To‘g‘ri, III-IV asrlarga qadar ularda oromiy yozuvining arabcha varianti qo‘llanishda bo‘lgan, lekin bu yozuv turi u qadar yoyg‘in bo‘lmaganligi sababli arab xalqi tarixi va hayotiga oid rivoyat hamda ertaklar, asosan, avloddan avlodga og‘zaki rusumda etib kelgan. Islom dinining paydo bo‘lishi va uning natijasida Arab halifaligining tuzilishi bilan arab xalqining madaniy, siyosiy, iqtisodiy hayotida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Uning natijasida arab kitobatchilik madaniyati shu qadar rivoj topdiki, kitobatchilikning asosan qo‘lda bajarilishiga qaramasdan, O‘rta asr Yevropa madaniyatida ham tasavvur etib bo‘lmaydigan darajadagi sifatda va miqdorda qo‘lyozma kitoblar tayyorlandi. Hatto tarixning suronli bo‘ronlaridan omon qolib, bugungi kunimizga qadar etib kelgan va arab kitobatchilik madaniyatining namunasi bo‘lgan o‘sha qimmatbaho xazinaning bir qismi ham yuz minglab jildni tashkil etadi.
Demak, arab kitobatchiligining takomili bu sohaga oid arabcha terminlarning tez sur’atlar bilan shakllanishiga turtki bo‘ldi. Tarixiy vaziyat arab kitobatchilik san’ati bilan birga unga oid terminlarning o‘zbek tiliga ko‘p miqdorda kirib kelishiga katta shart-sharoit yaratib berdi.
Bu bilan biz islomiyatga qadar bugungi O‘zbekiston zaminida kitobatchilik ishi bo‘lmagan, deyish fikridan yiroqmiz. Albatta, islomiyatga qadar ham biz yashab turgan hududda fan, madaniyat gullab-yashnagan, lekin ular haqidagi yozma manbalar bizgacha to‘liq etib kelmagan. Ba’zi bir manbalar, xususan, «yunon, arman va suriyalik tarixchi olimlarning, shuningdek, O‘rta Osiyo-Eron eposi materiallari, ulug‘ mutafakkir Firdavsiyning o‘lmas «Shohnoma»si, S.P.Tolstov hamda Ya.G‘ulomovning arxeologik kuzatishlari natijasida to‘plangan materiallarga asoslanib, Xorazm va O‘rta Osiyo jahon madaniyati taraqqiyotining qadimiy o‘choqlaridan bo‘lganligini, hozirgi o‘zbeklar, tojiklar va turkmanlarning qadimiy avlodlari yuksak madaniyatga ega bo‘lganliklarini bilib olamiz» (Ahmedov B. Tarixdan saboqlar. – T.: O‘qituvchi, 1994. – B. 154.).
O‘rta Osiyoda, xususan, qadimgi O‘zbekiston hududida nafis kitob yaratish san’ati XI-XVI asrlarda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan, desak yanglishmaymiz. Bu davrlarda qo‘lyozma asarni ko‘chirish, kitobxon didiga uyg‘un shaklda bezash, uni juzlash, muqovalash, saqlash kabi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi kitobatchilik sohasi san’atning maxsus bir yo‘nalishiga aylandi. Shuningdek, kitobatchilik san’at darajasiga ko‘tarilgan soha bo‘lishi bilan birga o‘zida juda og‘ir va murakkab jarayonlarni mujassamlashtirgan edi. Bu ishlarni amalga oshirishda bir necha xil yuksak malakali kasb-hunar egalari ishtirok etib, ular turli xildagi mehnat qurollaridan foydalangan holda faoliyat ko‘rsatganlar. Ana shu jarayon, mehnat qurollari, vujudga kelgan kasb-hunar nomlarini ifodalovchi so‘zlarning aksariyat qismi bevosita arab tilidan o‘zlashtirildi. Shunday holatlar bo‘ldiki, ilgari o‘zbek tilida faol qo‘llanishda bo‘lib kelgan ba’zi o‘zbekcha (turkiy) so‘zlar o‘rnini ham arabcha o‘zlashmalar egalladi. Masalan, shunday so‘zlardan biri arabcha kitob so‘zidir. Ma’lumki, qadimgi turkiy tilda «yozuv», «xat», «maktub», «kitob» kabi ma’nolarni ifodalashda asli turkiy bo‘lgan bitig termini keng qo‘llangan. Lekin XV-XVI asrlarga kelib, «muayyan mazmundagi, siralamadagi qo‘lyozma matnlarni bir muqova ostida juzlab tikilgan asar» ma’nosini ifodalashda asli turkiy bitig termini o‘rnini arabcha kitob termini to‘liq egalladi.
Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, qadimda o‘zbeklar yozuv qurollaridan hisoblangan siyohdonni bitigu so‘zi orqali ifodalashgan. Bitigu so‘zining etimologiyasi ham bitig singari asli turkiy «bitmoq» fe’liga borib taqalishi ma’lum. Keyinchalik bitigu termini o‘rnini ham arabcha dovot so‘zi to‘liq egallaydi. Ma’lum vaqtga qadar bitigu va dovot terminlari parallel tarzda qo‘llangan. Keyinchalik arab tili ta’sirida dovot turkiy bitigu so‘zini leksikadan siqib chiqargan. Shuningdek, bitigu o‘rnida arabcha yana bir termin – mihbara ham dovot terminiga sinonim tarzida muomalaga kirib kelgan.
Alisher Navoiy o‘z asarlarida kitobatchilikka oid terminlarni eng ko‘p qo‘llagan. Navoiyning bu xizmatlari o‘zbek kitobatchilik terminologiyasining shakllanishida va taraqqiy etishida muhim omil bo‘ldi. Alisher Navoiy asarlari leksikasini o‘rganish borasida olib borilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, «Alisher Navoiy asarlarida bu temaga (yozuv va unga bog‘liq bo‘lgan so‘zlar) doir 136 ta so‘z qaydlangan. Shulardan faqat bir so‘z (turkcha – yozuvning turi) o‘zbekcha va bir so‘z (navisandalik) forscha-tojikcha va o‘zbekcha, yana ikki so‘z (mujallidlig‘, muloliq) o‘zbekcha va arabcha morfemalar qo‘shilishidan yasalgan. Qolgan barcha so‘zlar forscha-tojikcha, arabcha hamda ularning so‘z yasovchilari qo‘shilib kelgan holda uchraydi» (Bafoyev B. Navoiy asarlari leksikasi. –T.: Fan, 1983. – B.150). B.Bafoyev o‘z tadqiqoti natijasi sifatida aytadiki, yozuvga doir terminlarning 81 tasini arabcha, 37 tasini fors-tojikcha terminlar tashkil etadi. Demak, kitobatchilikka oid terminlarning salmoqli qismi arab tilidan o‘zlashgan. Albatta, Navoiy qo‘llagan bu terminlarning barchasi ham bugungi kunga qadar yashay olmadi. Lekin ularning muayyan qismi bugungi o‘zbek kitobatchilik terminologiyasida ma’nolari yo toraygan, yo kengaygan holatlarda qo‘llanmoqda. Masalan:
Do'stlaringiz bilan baham: |