80
Terminning tuzilishi masalasi, yaʼni uning necha qismdan iborat boʻlishi, ixcham-
noixchamligi ham bahstalab masalalardan boʻlib, bu hodisaning ijobiy yoki salbiy ekanligi
haqida aniq bir fikr bildirilmagan [Mirahmedova, 2010:10]. Terminga nisbatan qoʻyiladigan,
lekin amalda har doim ham erishib boʻlmaydigan talablardan biri – uning ixcham boʻlishidir.
Termin haqida fikr yuritilar ekan, termin oʻzi nima? -degan savolning tugʻilishi, tabiiy.
Termin – kasbiy maʼno bildiruvchi, kasbiy tushunchani ifodalovchi va shakllantiruvchi
ayrim obyektlar va ular oʻrtasidagi aloqalarni muayyan kasblar nuqtayi nazaridan bilish hamda
oʻzlashtirish jarayonida ishlatiladigan soʻz yoki birikmadir [Rasulov va b., 2010: 44].
Haqiqatan ham shunday, chunki har bir sohaning, tarmoqning termini borki, u oʻsha
soha, tarmoq doirasida qoʻllaniladi, aniqroq qilib ifodalasak, kasb-hunar egasining nutqini
shakllantiradi, oʻzaro nutqiy muomala uchun shart-sharoit yaratadi.
Terminologiya tilshunoslikning eng muhim va dolzarb sohasi hisoblanadi, chunki
ijtimoiy-siyosiy turmushimizdagi barcha yangilik va oʻzgarishlar birinchi navbatda tilning
terminologik leksikasida ifodalanadi [Gʻulomova, 2002:17].
“Shuni taʼkidlash joizki, atamashunoslikka oid tadqiqotlar keng koʻlamda olib
borilayotganligiga qaramasdan, hozircha atamaning hamma eʼtirof etgan tabiatini toʻliq qamrab
olgan taʼrif yoʻq” [Qonun va til, 1997: 143]
Rus tilshunoslaridan biri Yasyuk T.A. “terminologiya”, “nomenklatura”, “kasb-hunarga
oid soʻzlar”ni maxsus leksika tushunchasi ostiga birlashtiradi.
Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “nomenklatura”ga quyidagicha izoh beriladi:
“Nomenklatura – ishlab chiqarish, fan, texnika, sanʼat sohalaridan birida qoʻllaniladigan
nomlar, atamalar, terminlar va shu nomlar bilan ataluvchi narsalar roʻyxati, majmuyi” [Oʻzbek
tilining izohli lugʻati, 1981: 509]. Bu yerda terminologiya maʼlum maʼnoda nomenklatura
tarkibiga kiritib qoʻyilgan. Biz nomenklaturaga A.Reformatskiy tomonidan berilgan izohga
qoʻshilamiz:
“Nomenklatura – bu terminologiya bilan bogʻliq tushunchalar tizimi toʻgʻrisida emas,
balki elementlar va tartibning tafovutlari toʻgʻrisida maʼlumot berishi mumkin boʻlgan turli
narsalarga tegishli nomlar yigʻindisi boʻlsa, terminologiya muayyan fan tizimini ifoda etuvchi
sohadir. Nomenklatura – yordamchi til vositasidir” [Yatsyuk,1992: 35-36].
Darhaqiqat, terminologiya maxsus tilning maxsus leksik qatlamidir. Uning lugʻaviy
obyekti nomenklaturaga nisbatan ancha kengdir.
Umumiy tilshunoslikda, ayniqsa maxsus leksika hisoblangan professionalizm
(kasb-hunar), argo va jargonlarni terminlar bilan almashtirib, koʻrsatish hollari uchraydi.
Darhaqiqat, kasb-korga koʻra chegaralangan lugʻaviy birliklarning asosiy qismini har bir
kasb-korda ishlatiladigan mazkur soha soʻzlari tashkil etadi. Masalan, qishloq xoʻjaligi boʻyicha
maxsus soʻzlar, maorif, hunarmandchilik, ipakchilik sohasidagi soʻzlar va h.q. Shu jihatdan
kasb-hunar soʻzlari terminga oʻxshab ketadi, ammo ular terminlarga nisbatan maʼno jihatdan
kengdir, yaʼni kasb-hunar leksikasining aksariyat qismi umumisteʼmoldagi soʻz boʻlib, ularning
ishlatilish chegarasi terminlardagi kabi aniq emas
Do'stlaringiz bilan baham: