KUYDIRGI (SIBIR YARASI)
Kuydargi terda o'ziga xos yara paydo bo'lishi, yoki o'pka va ichaklarning zararlanishi xamda kuchli intoksikatsiya bilan kechadigan yuqumli kasallik.
Kuydirgi qadim zamonlardan qishloq xo'jaligi hayvonlari va insoniyatga katta talafot yetkazib kelgan. 1780-1789 yillarda Sibirda bo'lib o'tgan epizootiya davrida rus olimi S.S.Andreyevskiy kasallikni xayvonlardan o'ziga yuqtirib o'rgandi va uni "Sibir yarasi" deb atashini tavsiya etdi.
Etiologiyasi. Kuydirgani qo'zg'atuvchi mikrob Vas. Anthracis ni 1855 yilda Braueler aniqlagan. U yirik xarakatsiz, grammusbat aerob bakteriyadir. Anilin bo'yoqlari bilan yaxshi bo'yaladi, oddiy ozuqa moddalarda ko'payadi. Tashqi muhitda spora hosil qiladi, sporalar birnecha yillargacha saqlanib qolishi mumkin. Kuydirgi sporalari quritishga, dezinfeksiyalovchi moddalar ta'siriga chidamli, qaynatilganda 50 qisqada, 70 daraja qizdirilganda bir necha soatda nobud bo'ladi. Tayoqchaning vegetativ turi esa yuqori harorat va dezinfeksiyalovchi moddalar ta'sirida bir necha daqiqa ichida halok, bo'ladi.
Epidemiologiyasi. Kasallik manbai asosan yirik va mayda shoxli hayvonlar, shuningdek otlar, eshaklar, bug'ular va cho'chqalar xisoblanadi. Kasallangan xayvon najasi, siydigi, so'lagi bilan kuydirgi mikrobini ajratib atrof muxitni (tuproq, suv, jun va b.) ifloslantiradi. O'lgan hayvonning qoni, terisi, juni va ichki a'zolari xam ancha vaqtgacha xavfli bo'ladi.
Odamga kuydirgi asosan teri va shilliq parda orqali kasallangan xayvonlarni parvarish qilishda, ularning chiqindilari, xom ashyosi (terish, juni, mo'ynasi. go'shti), o'lgan mollarni jasadlari bilan ishlaganda, shuningdek qushxona, teri, jun va mo'yna bilan ishlovchi korxonalarda yuqadi. Kuydirgi kasal xayvon so'yilganda, nimtalanganda, go'shti iste'mol qilinganda, shuningdek infeksiyali chang xavodan nafas olinganda xam yuqishi mumkin. Ayrim xollarda kuydirgini qon so'ruvchi pashshalar (so'na, jigalka) xam yuqtirishi mumkin.
So'ngti yillarda, keng olib borilayotgan sanitariya-gigiyenik va veterinariya tadbirlari, xayvonlar go'shti, terisi juni ustidan doimiy sanitariya nazorati olib borilayotganligi tufayli yurtimizda kuydirgi kasalligi juda kam kuzatilmoqda.
Infeksiyaning organizmga kirish yo'liga qarab xasallik turlicha: teri va septik xillarda kechadi.
Klinikasi. Yashirin davri 2-3 kun, ba'zan 6-8 kunga cho'zilishi, yoki birnecha soatgacha qisqarishi mumkin.
Kuydirgi ko'pincha teri karbunkuli ko'rinishida kechadi.
Kasallikning birinchi kuni bemor darmonsizlik xis etib, biroz badani qaqshaydi va boshi og'riydi, keyingi kuni eti uvishib, qaltiraydi va tana xarorati tezlikda 39-40°S gacha ko'tariladi, bosh va tana og'rig'i kuchayadi, uyqusi buziladi.
Terida, kuydirga tayoqchasi kirgan joyda qichishadigan qizil tuguncha (papula) paydo bo'ladi. Bir necha soatdan so'ng tuguncha ichida seroz suyuqlik yig'ilib, diametri 2-3 mm li pufakcha (vezikula) hosil bo'ladi. Keyinchalik pufakcha ichidagi suyuqlikka qon aralashadi. Pufakcha yorilgach, o'rnida yara (karbunkul) paydo bo'ladi, bu yara tezda qotib, quriydi va qo'ng'ir rangli qora qo'tar bilan qoplaydi. Kuydirgini lotincha Santrax (ko'mir) deb atalishining boisi ham shundadir. Qora qo'tir doirasi asta-sekin kattalashib boradi, gardishida qizil xoshiyali bo'rtma va mayda pufakchalar paydo bo'ladi. Yara atrofida bunday mayda pufakchalarning paydo bo'lishi, ancha keng joyda shishning bo'lishi va bu karbunkul hamda shishing og'riqsizligi kuydirgiga juda xos bo'lib, boshqa o'xshash yaralardan farqlashimizda juda qo'l keladi (10-rasm).
Isitma va yuqori intoksikatsiya alomatlari 5-6 kungacha saqlanib turadi. So'ngra tana xarorati meyoriga kelib, bemorning ahvoli yaxshilanadi, yara xam qayta boshlaydi: avval shish kamayadi, 2-3-xafta oxirida qora qo'tir ko'chib, urnida chuqur chandiq paydo bo'ladi. Kuydorgining teri shakli og'ir kechganda kasallikning ikkilamchi septik xili rivojlanishi mumkin.
Kuydirgining birlamchi septik shakli asosan infeksiya og'iz orqali, yoki xavo-chang yo'li bilan chiqqan hollarda rivojlanadi. Septik shakli juda kam uchraydi. Kasallik alomatlari tez rivojlanadi. Bemor eti uvishib, qaltiraydi. Harorati tezda 39-40°S darajagacha ko'tariladi, yurak urishi va nafas olishi tezlashadi. Intoksikatsiya alomatlari tez ortib borib, ayrim bemorlarda infeksion-toksik shok yuz beradi. Shuningdek bemorlarda ko'kragida sanchiq, kuchli yo'tal va qon aralash balg'am ajralishi kuzatiladi, Rentgenologik tekshiruvda pnevmoniya va ekssudativli plevrit aniqlanadi. Ba'zi bemorlerni qornida keskin qattiq og'riq paydo bo'ladi, ko'ngli aynab, qon aralash qusadi va qon aralash ichi ketadi. Ko'pchilik bemorlarda gemorragik alomatlar va ayrimlarda meningoensefalit alomatlari ham kuzatiladi.
Kuydirgining septik shaklda, o'pka yoki ichak sistemasining ko'p yoki oz jarohatlanishiga qarab, kasallikning o'pka yoki ichak turlari ham farqlanadi.
Kuydirgining ichak turi infeksiya og'iz orqali yuqqanida yuzaga keladi. Kasallik qorinda, ba'zan belda o'tkir, ayrimlarida juda kuchli og'riq bilan boshlanib, tezlikda safro va qon aralash qusish, hamda qon aralash ich ketishi qo'shiladi. Bemorning ahvoli tez og'irlashib, tana harorati 40-41°S darajagacha ko'tariladi, intoksikatsiya alomatlari kuchayib boradi va nihoyat infeksion-toksik shok rivojlanishi va yurak-tomirlar faoliyatini buzilishi natijasida o'lim ro'y beradi.
Kasallikning o'pka turi infeksiya nafas yo'li orqali yuqqanida rivojlanadi. Bunda bemor eti junjikab tana harorati ko'tariladi, tumov, ko'krak va qafas qisilishi, yo'tal va hansirash singari alomatlar avj oladi. Yo'tal kuchli bo'lib, ko'p miqdorda qon aralash, ko'pikli balg'am ajraladi. Tekshirib ko'rilganda pnevmoniya va ekssudativ plevrit aniqlanadi.
Kuydirgining bu turi ham juda og'ir intoksikatsiya, infeksion-toksik shok va yurak-tomir faoliyatining keskin buzilishi bilan kechadi va ko'pincha 2-3 kun ichida bemorning o'limi bilan yakunlanadi.
Kasallikning septik turini o'tkazayotgan bemorlar atrofdagilar uchun juda katta xavf tug'diradilar. Chunki ularning chiqindilarida (balg'am, nafas, qusuqlari) va qonida kuydirgi mikrobi juda ko'p miqdorda bo'ladi.
Tashxisi. Kuydirgining teri shaklini tipik kechganida tashxis qo'yish ortiqcha qiyinchilik tug'dirmaydi. Bunda kuydirgi yarasining o'ziga xos ko'rinishi hamda uni og'rimasligini e'tiborga olish kerak. Xalqimizdagi "og'rimagan yaradan qo'rq" deyilgan ibora aynan shu kasallikka ta'luqlidir.
Kuydirgining o'pka va ichak turlarini tashxisoti ancha murakkab bo'lib, ularni o'lat kasalligining o'pka va ichak turlaridan farqlash zarur bo'ladi.
Kuydirgining tashxisoti albatta laboratoriya ma'lumotlari bilan tasdaqlanishi kerak. Bu maqsadda bakteriologik, bakteriskopik, biologik va allergik usullardan foydalaniladi.
Bakteriologik usulda — teridagi pufakchalar yoki yaradan olingan suyuqlik, septik turida bemor qoni, balg'ami, nafasi va siydigi steril idishlarga olinadi, og'izini maxkam bekitilib, tamg'alangan tunuka idishda laboratoriyaga jo'natiladi va u yerda maxsus ozuqalarga ekiladi.
Bakterioskopik usulda esa, shu materiallardan surtma tayyorlanib, bo'yaladi va mikroskop ostida ko'riladi.
Biologik usulda — oq sichqon yoki dengiz cho'chqasining terisi ostiga 0.1-0.2 ml miqdorida bemordan olingan materialni (fiziologik eritma bilan 1:10 suyuqlatib) yuboriladi. Agar materialda kuydirgi mikrobi bo'lsa, zararlantirilgan hayvonda sepsis boshlanib, u 1-3 kunda o'ladi. Kuzatuv 10 kun davom etadi.
Teri-allergak reaksiya usulida bemor bilagining ichki tomoni terisi orasiga 0.1 ml miqdorida antroksin yuborilib, 24-48 soat davomida kuzatiladi. Ukol qilingan joyda yallig'lanish alomatlari paydo bo'lsa, reaksiya musbat hisoblanadi. Qizargan va shishgan joyning diametri 15 mm gacha bo'lsa, reaksiya sal musbat ( + ), 15-25 mm bo'lsa musbat (++) va 25-40 mm va undan ortiq bo'lsa o'ta musbat ( + + +) deb baholanadi.
Kuydirgi mikrobi bilan ifloslangan deb shubha qilingan material (teri, jun, mo'yna va b.) larni tekshirish uchun Askoli pretsipitatsiya reaksiyasidan foydalaniladi.
Davolash. Bemor albatta kasalxonaga yotqizilib, alohidalanishi kerak. Kuydirgini davolashda antibiotiklar (penitsillin, sefalosporin, gentamitsin, levomitsetin) yaxshi samara beradi. Penitsillinni kuniga 6-24 mln TB dan 7-8 kun davomida beriladi.
Kasallikning septik turlarida sefalosporin (bir kunda 4-6 g.), levomitsetin natriy suksinat (3-4 g.), yoki gentamitsin (240-320 mg.dan) beriladi.
Antibiotiklar bilan bir vaqtda kuydirgiga qarshi immunoglobulin qo'llanadi. Gammaglobulin kasallikning yengil xilida 20 ml dan, o'rtacha og'ir va og'ir kechganida 40-80 ml dan yuboriladi.
Bulardan tashqari bemorning xolatiga qarab antitoksik davolash va shokning oldini olish choralari ko'riladi.
Kuydirgining teri shaklida jarroxlik usullarini qo'llash sepsis rivojlanishiga olib keladi, shuning uchun bunday muolajalar qat'iy taqiqlangan.
Bemor yolg'iz kishilik palatada yoki boksda aloxidalangan xolda yotishi va o'rinda yotish rejimiga kat'iy amal qilishi kerak. Uning parvarish buyumlari aloxida bo'lishi va ular bug'li va bug'-farmalinli kameralarda dezinfeksiya qilinishi lozim. Chiqindilar quruq xlorli oxak, yoki kalsiy gipoxloritning 2/3 asosli tuzi bilan 1:2 nisbatda (siydik uchun 1:10 yoki 1:20) qo'shiladi va obdon aralashtirib, yopiq idishda 2 soatta qoldiriladi, so'ngra kanalizatsiyaga yoki xovli xojatxonasiga to'kiladi.
Yaraga ishlatilgan bog'lov materiallari, qon, balg'am va boshqa chiqindilar tekkan materiallar yoqib tashlanadi. Bemorlarni ko'rish va parvarishda qatnashgan barcha tibbiyot xodimlari extiyot choralariga rioya qiladilar: rezina qo'lqop taqishlari, kasallikning o'pka turida dokali burun bog'icha va ximoyalovchi ko'zoynak taqishlari kerak.
Bemorlarni kasalxonadan chiqarish - teri shaklida — yara chandiq xosil qilib, bitganidan keyin; septik shakllarida - ikki marta (5 kun oralatib) o'tkazilgan bakteriologik tekshiruvlar manfiy natija bergandan keyingina amalga oshiriladi.
Kuydirgidan o'lgan xayvon va odam jasadi kuydiriladi, yoki 20% li xlorli oxak eritmasiga xo'llangan choyshabga o'ralib, maxsus tobutga solinadi va 2 m chuqurlikda ustiga kuruq xlorli oxak sepib ko'miladi.
Profilaktikasi. Kuydirgiga qarshi chora-tadbirlarni veterinariya va tabobat xodimlari birgalikda olib boradilar. Kasallik manbalarini yo'qotish veterinariya xodimlari o'tkazadigan tadbirlarning asosi xisoblanadi.
Uy xayvonlari va ularning mahsulotlari bilan ishlovchi shaxslar (zootexnik va veterinariya xodimlari, ferma, qushxona, teri, jun zavodlari, mo'yna fabrikalari ishchilari) maxsus kuydirgiga qarshi vaksina bilan emlanadi. Infeksiya o'chog'ida bo'lgan shaxslar, shuningdek kasal xayvon, yoki ularning xom ashyosi bilan bevosita kontaktda bo'lgan kishilarga nisbatan ko'riladigan shoshilinch profilaktika choralari sifatida ularga kuydirgi gammaglobulini (20-25 ml) bilan penitsillin yuboriladi. Bu muolajalar 7-10 kun davomida o'tkazilganidan keyin vaksina bilan emlanadi. Gammaglobulinni infeksiya og'iz yoki nafas yo'li orqali yuqqanida 5 kundan ortiq, teri orqli yuqanida — 10 kundan ortiq vaqt o'tkandan keyin yuborish maqsadga muvofiq emas.
Bemor kasalxonaga yotqizilgandan keyin, uning uyida dezinfeksiya qilinadi. Bemor bilan muloqotda bo'lgan kishilar 8 kun davomida nazorat ostida bo'ladilar va ularga shoshilinch profilaktika choralari o'tkaziladi.
Keng omma, ayniqsa qishloq axolisi va tegishli qorxonalarning ishchilari orasida sanitariya maorifi ishlarini keng yo'lga qo'yish, kuydirgi kasalligi tarqalishini oldini olishda katta axamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |