Sinishlardagi birinchi yordam
Yopiq turdagi sinishlarda shikastlangan a’zoni immobilizatsiya qilish maqsadida transport shinalaridan foydalaniladi, keyin shifoxonaga olib boriladi. Maxsus transport shinalari bo‘lmagan taqdirda, qo‘l ostida mavjud bo‘lgan vositalardan: faner, karton, taxtacha va shu kabilardan foydalaniladi. Agar qo‘l ostida yuqoridagilar bo‘lmasa, qo‘l singanda uni gavdaga, oyoq singanda –uni sog‘lom oyoqqa bint bilan mahkam qilib bog‘lanadi. Singan a’zo bilan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lganda, bemorni bir joydan ikkinchi joyga o‘tkazish yoki yotqizishda, suyak parchalari terini ichki tomonidan jarohatlab, yopiq sinishni ochiq sinishga aylantirib qo‘yishi mumkin. Bu esa bemorning ahvolini nafaqat og‘irlashtira-di, balki yaraga infeksiya tushish xavfini tug‘diradi, keyin bu narsa yiringli shamollash jarayoniga va osteomiyelit (suyakning yiringli jarayoni) ga olib kelishi mumkin.
Ochiq sinishda birinchi navbatda qon oqishini to‘xtatish, jarohat atrofidagi terini yodning spirtli eritmasi bilan artish va aseptik vositalar bilan bog‘lab qo‘yish kerak. Keyin singan a’zoga transport shinalari qo‘yilib immobilizatsiyalanadi. Shun-dan keyin, ya’ni birinchi yordam ko‘rsatilgach, keyingi bosqichga o‘tiladi: zambilga joylashtirilib, transport vositasida shifoxo-naga olib boriladi.
Qo‘l va o‘mrov suyaklarining sinishi
O‘mrov suyagining sinishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushgan zarba yoki bilvosita shikastlanish natijasida, masalan, qo‘l ustiga yiqilganda kelib chiqishi mumkin. O‘mrov suyagi o‘rtasidagi uchdan bir qismida sinishlar ko‘proq kuzatiladi, chunki ayni shu joy tashqariga ko‘proq bo‘rtib chiqqan va kamroq himoyalangan.
Muskullarning tortish kuchi ta’sirida ichkaridagi suyak siniqlari yuqoriga va orqaga, tashqaridagi siniqlar pastga va oldinga siljiydi. Suyak pardasi ostidagi sinishlar va darz ketishlarda siniqlar siljishi bo‘lmaydi.
O‘mrov suyagi sinishidagi belgilar bu – og‘riq, yelkaning asimmetriyasi, ko‘pchilik hollarda singan o‘mrov suyagi siljigan joyda shish ko‘zga tashlanadi, ba’zan krepitatsiya aniqlanadi. Birinchi yordam ko‘rsatishda sakkizsimon yoki halqasimon qilib paxta-dokali bog‘lam qo‘yiladi. Sakkizsimon bog‘lam qo‘yilayotgan vaqtda bemor o‘tirgan holatda, yordam ko‘rsatuvchi esa uning orqasida joylashadi. Bog‘lam qo‘yishdan oldin bemorning qo‘ltiqlari ostiga paxtadan yoki porolondan yostiqchalar joylashtiriladi. Bint (kengligi 10-15 sm)ni yelka bo‘g‘imi oldidan qo‘ltiq ostiga o‘tkaziladi va orqada kuraklar o‘rtasida kesishadi. Tola-dokali halqa tayyorlash va halqasimon bog‘lamni qo‘yish texnikasi juda sodda. Halqani tayyorlash uchun ayollar paypoqlari (kapronli, trikotajli), ko‘ylak yenglaridan foydalanish mumkin: ular tola bilan to‘ldirilib, keyin halqa shakliga keltiriladi. Bu halqachalar bemorning qo‘llariga bittadan kiydirilib, yelkaning yuqori uchdan bir qismigacha ko‘tariladi, ularni orqasidan tortib kuraklar bir-biriga maksimal yaqinlashtiriladi, keyin bint bilan tortib bog‘lanadi, lekin bunday tortish qon aylanishiga xalal bermasligi shart (qo‘ltiq osti va yelka arteriyalarini siqib qo‘ymaslik kerak).
Do'stlaringiz bilan baham: |