2. Dunyo siyosiy kartasi shakllanishining xususiyatlari va asosiy bosqichlari.
Hozirgi zamon dunyo siyosiy kartasi kishilik jamiyatining uzoq davom etgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari o’zgarishi, almashinuvi qonuniyatlarini to’la aks ettiradi.
Dunyo siyosiy kartasining shakllanishi quyidagi davrlarga bo’linadi: qadimgi, o’rta asrlar, yangi davr va eng yangi davr.
Qadimgi davr (davlatlarning dastlab paydo bo’lishidan milodning V asrigacha) quldorlik tuzumi davrini o’z ichiga oladi; Er sharida birinchi davlatlarning paydo bo’lishi va halokatini aks ettiradi. Qadimgi Misr, Karfagen, qadimgi Gretsiya, qadimgi Rim, O’rta Osiyoda shakllangan qadimgi Xorazm, Baqtriya, Sug’d va boshqa davlatlar, Turk hoqonliklari (miloddan avvalgi 207 yildan milodning 216 yiligacha Ulug’ Xun imperiyasi II-IV asri) kabi qadimgi davlatlar dunyo sivilizatsiyasining rivojlanishiga katta hissa qo’shganlar.
Turkiy halqlarning qadimgi avlodlari bo’lgan Xunlar (Skif) Markaziy Osiyo, Kaspiy bo’ylari, Shimoliy Kavkazgacha cho’zilgan o’z davlatlarini barpo etganlar.
Xun avlodlari Sharqiy va G’arbiy Yevropaga borib, milodning 347 yilidan 469 yiligacha Xunlar imperiyasini tuzganlar. Shu bilan bir qatorda bu davrda harbiy yurishlar, urushlar davlat chegaralari va hududlari o’zgarishining asosiy sababi bo’lgan.
O’rta asrlar davri (V-XV asrlar).
Bu davrda Dunyo siyosiy kartasi feodalizm davri bilan bog’liq holda shakllangan. Quldorlik imperiyalari parchalanib, ularning o’rnida ko’p sonli katta va kichik feodal davlatlar paydo bo’ldi.
Feodal davlatlarning siyosiy funktsiyalari quldorlik davridagi davlatlardagiga nisbatdan ancha murakkab va xilma-xil edi. Bu davrda ichki bozor shakllandi, regionlarning boshqalardan ajralgan holda biqiq yashashiga chek qo’yildi. Dunyo materiklari va qit’alari turli davlatlar o’rtasida taqsimlab olindi.
Bu davrda muqaddas Rim imperiyasi, Angliya, Ispaniya, Frantsiya, Portugaliya, Kiev Rusi, Hindiston, Xitoy, Eron va Turon, Turkiston o’lkasidagi feodal davlatlar va boshqalar mavjud bo’lgan. Shu jumladan, O’rta asrlar dunyo siyosiy kartasida Movarounnahrning ilk feodal davlatlari (So’g’d, Toxariston, Farg’ona, Choch, Xorazm va boshqalar), IX-XIII asrdagi feodal davlatlar (Qarluqlar, Toxiriylar, Samoniylar, Qoraxoniylar, Xorazm davlatlari va boshqalar), Chig’atoy ulusi (XIII-XIV asr), Amir Temur va Temuriylar davlatlari (XIV asrning oxiri XV asr boshi) katta salmoqqa ega bo’lganlar.
Feodalizmning yemirilishi va kapitalistik munosabatlarning paydo bo’lishi ijtimoiy xayotning barcha sohalarida va dunyo siyosiy kartasida muhim o’zgarishlar bo’lishiga olib keldi. Kapitalistik iqtisodiyotning rivojlanishida buyuk geografik kashfiyotlar alohida o’rin egallaydi.
Buyuk geografik kashfiyotlar qatoriga kiradigan quyidagi sayoxatlarni ko’rsatib o’tish mumkin:
1492-1502 yillari Amerikaning yYevropaliklar uchun kashf etilishi (X.Kolumbning Markaziy Amerika va Janubiy Amerikaning shimoliga sayoxati). Ispaniya tomonidan Amerikaning kolonizatsiyasining boshlanishi;
1498- Vaskoda Gamaning Afrikani aylanib o’tgan dengiz sayoxati;
1499-1504 yillar Amerigo Vespuchchining Janubiy Amerikaga sayoxati;
1519-1522 yillar Magellan va sheriklarining dunyo aylanasi bo’ylab sayoxati;
1648 yil Semyon Dejnyovning sayoxati (Rossiya-Sibir);
1740 yil V.Bering va P.Chirikov sayoxatlari.(Sibir);
1771-1773 yillar Dj Kuk sayoxati (Avstraliya, Okeaniya)
Buyuk geografik kashfiyotlar davri dunyo siyosiy va iqtisodiy kartasida kuchli o’zgarishlar bo’lishiga olib keldi. U Yevropa mustamlakachilik bosqichinining boshlanishi, dunyo xo’jalik aloqalarining keng tarqalishi, aholi ko’chish xarakatlarining ko’chayishiga sabab bo’ldi.
Ayniqsa, XIX-XX asrga tutashgan davrda bo’lingan dunyoni qayta bo’lib olish uchun kurash g’oyat keskinlashib, dunyo siyosiy kartasi bekor bo’lib qoldi. Masalan, 1876 yilda Afrikaning atigi 10 % hududi g’arbiy Yevropa mamlakatlariga qarashli bo’lsa, 1900 yilga kelib bu ko’rsatkich 90,5 % ga yetdi. Afrikani bo’lib olishda birinchi o’rinni Angliya egalladi.
1914 yilda mustamlakachi imperiyalar mustamlakalarning umumiy maydoni 74,9 mln kv.km. (jami yer yuzasi quruqlik hududlarining 56 % i) ulardagi aholi 530 mln. kishiga (dunyo aholisining 35 % i) yetdi. Angliya mustamlakalari maydoni 33,5 mln kv.km. (dunyo mustamlakalarining 44,7 % i), ularning aholisi 393,5 mln kishi (mustamlaka aholisining 74,2 % i) bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |