2.Jahon yoqilg’i-energetika balansi.
Jahon yoqilg’i-energetika balansi XX asrda kuchli o’zgardi. Agar XX asr boshida yoqilg’i-energetika balansida ko’mirning hissasi yuqori bo’lgan bo’lsa, keyinchalik neft, gaz, yadro energiyasining ahamiyati oshdi.
Hozirga vaqtda energiya olishning asosiy manbai ko’mir, neft, gaz va gidroenergiya bo’lib, ularning hissasi 95,7 % ga to’g’ri keladi.
Jahon xo’jalik taraqqiyotining turli bosqichlarida turli energiya manbalarining ahamiyati turlicha bo’lib keldi.
XX asrning boshlarida bug’ dvigatellarining qo’llanishi va qora metallurgiyaning tez taraqqiyoti ko’mirga bog’liq bo’lgan. Shuning uchun ham energiya sistemasida ko’mirning salmog’i 80 %, neft va gazniki esa 6,3 %ni tashkil etgan.
I va II jahon urushidan keyin avtomobil, aviatsiya transport tarmoqlarining rivojlanishi natijasida neft va gazning salmog’i oshdi, yoqilg’i sifatida ko’mirning ahamiyati kamaydi. XX asrda elektroenergetikaning rivojlanishi va elektroenergiyaning uzoq masofaga uzatishni o’zlashtirishga bog’liq gidroenergiya resurslaridan foydalanish bir muncha o’sdi. Lekin ayrim mamlakatlarning yoqilg’i-energetika balansi o’z hususiyatiga ega. Masalan, Italiyada gidroenergiya katta salmoqqa ega, chunki yoqilg’i juda kam. Ruminiyada esa yoqilg’i-energetika balansida tabiiy gaz va neftning ahamiyati katta.
3.Jahon yoqilg’i-energetika sanoati.
a) Neft sanoati. Jahon neft sanoati geografiyasining muhim xususiyatlaridan biri, neft qazib olishning katta qismi rivojlanayotgan mamlakatlar, birinchi navbatda Yaqin Sharq mamlakatlariga to’g’ri keladi. Shu bilan birgalikda dunyodagi neft zahiralarining 86 % mazkur davlatlarga to’g’ri keladi. Ayniqsa Fors qo’ltig’i atrofidagi 5 ta davlatga 90 mlrd.t neft zahirasi to’g’ri keladi.
Dunyoda qazib olinadigan neftning 43%i OPEK ga a’zo davlatlarga to’g’ri keladi.
Dunyodagi asosiy neft qazib chiqariladigan rayonlarga: Shimoliy Amerika, Karib dengizi rayoni, Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari, Shimoliy Afrika mamlakatlari kiradi. AQSh neft qazib olishda dunyoda ikkinchi o’rinda turadi. (yiliga 400 mln.t atrofida). AQSh har yili Venesuela, Kanada, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 100 mln.t atrofida neft sotib oladi. Shimoliy Amerikada neft qazib olishda ikkinchi o’rinda Meksika turadi. Meksikada yiliga 155 mln.t. Kanadada 80 mln.t. atrofida neft qazib olinadi.
Karib dengizi rayonida neft qazib chiqarishda birinchi o’rinda Venesuela turadi. (yiliga 115 mln.t atrofida).
Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida yiliga 800 mln t dan ortiq neft qazib olinmoqda. Asosiy neft qazib oluvchi mamlakatlarga Saudiya Arabistoni (325 mln t atrofida), Eron (155 mln t), BAA (105 mln t), Iroq (100 mln t), Quvayt (60 mln t) kiradi.
Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida qazib olingan neftning 80 %i eksport qilinadi. Eksportning 50 %i G’arbiy Yevropa mamlakatlariga, 25 %i Yaponiyaga to’g’ri keladi. Afrikadagi neft qazib oluvchi mamlakatlarga Nigeriya (90 mln t atrofida), Liviya (65 mln t), Misr (45 mln t), Jazoir (35 mln t) kiradi.
Dunyoda neftni qayta ishlashda tub o’zgarishlar yuz bermoqda. Hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonida 30 mln t, AQShda 30 mln t, Quvaytda 15 mln t neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo’lgan ulkan zavodlar mavjud.
Rossiyada asosiy neft qazib oluvchi region G’arbiy Sibir hisoblanadi. Ushbu regionga mamlakatda qazib chiqarilayotgan neftning 2|3 qismi to’g’ri keladi. Bu yerda neft quvurlari (80 ming km) qazib chiqarish rayonlari bilan iste’molchi rayonlarni bir-biri bilan bog’laydi. Rossiyada neft qazib chiqarish shimoliy hududlargacha siljib bordi (Yamal yarim oroli va Shimoliy Muz okeani shelefida). Ushbu hududlarning tabiati qattiq bo’lib neftni qazib olish va transportda tashish xarajatlari yuqoridir.
AQSh da neft g’azib olish janubda va so’nggi yillarda Alyaska shelfida olib borilmoqda. AQSh neft importida siyosiy jihatdan «ishonchli» mamlakatlar-Kanada, Meksika, Venesuela kabi mamlakatlar hissasi oshdi. Endilikda Amerika neft importining 5 %i Yaqin Sharqqa to’g’ri keladi.
Jahon bozoriga har yili 1,2 mlrd.t. dan ko’proq neft va neft mahsulotlari chiqariladi. Jahon bozorini eksportning uchdan ikki qismini Yaqin va O’rta Sharq davlatlari ta’minlaydi. Bundan tashqari eksport qilishda keyingi 10 yil ichida Rossiya, Venesuela, Meksika, Liviya, Nigeriya, Jazoir salmog’i o’sib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |