Pedagogning loyihalash faoliyatidan kuzatilgan maqsad:
- rejalashtirishga o‘rgatish (pedagog maqsadni aniqlay olishi, ish davomida qo‘yilgan maqsadga erishishning asosiy bosqichlarini ifoda eta olishi);
- axborot materiallarni yig‘ish va uni qayta ishlash ko‘nikmasini shakllantirish (pedagog kerakli axborotni tanlay olishi va undan to‘g‘ri foydalana olishi lozim);
- tahlil qila olish ko‘nikmasi (ijodiy va tanqidiy tafakkur);
- yozma hisobot tuza olish ko‘nikmasi (ish rejasini tuza olishi, axborotlarni aniq taqdimot etish, izohlarni rasmiylashtirish, zaruriy adabiyotlar (bibiliografiya) haqida tushunchaga ega bo‘lish);
- ishga ijobiy munosabatda bo‘lishni shakllantirish (pedagog tashabbus ko‘rsatishi, ishni belgilangan ish rejasi va tartibi bo‘yicha o‘z vaqtida bajarishga harakat qilishi kerak).
G.E.Muraveva fikricha, pedagog tomonidan loyihalash faoliyatni yuqori darajada o‘zlashtirganligini oldindan ayta olish, rejalashtirish, tuza olish va modellashtirish ko‘nikmalarini shakllanganlik darajasi belgilaydi. Bu tushunchalarning va ularning mazmunini alohida qarab chiqamiz. Tadqiqotimiz obyekti loyihalash faoliyati bo‘lib, u oldindan ayta olish faoliyati bilan jips aloqada bo‘ladi, shunga ko‘ra bashorat qilishni (oldindan ayta olishni) batafsilroq qarab chiqiladi. Dastlabki tushuncha: “bashorat qilish - kelajakda biron-bir voqea-natijasini oldindan ko‘rmoq, oldindan aytib bermoq”. Didaktik bashorat qilish - didaktik voqealar rivoj topishini ilmiy tarzda oldindan ko‘ra olish jarayoni tushuniladi. Bashorat qilish loyihadan farqli ravishda o‘zgarmas mazmunga ega. Bashorat qiluvchi modellar asosida ta’lim jarayonini jadallashtirish uchun tavsiyalar ishlab chiqiladi. Didaktik bashorat qilish, shuningdek, pedagogning o‘qitish faoliyatini rejalashtirishga asos sifatida namoyon bo‘ladi. Bashoratlashning oddiy uslubiyoti tadqiqotning quyidagi asosiy bosqichlarini o‘z ichiga oladi:
- “bashoratlashdan oldingi mo‘ljal (obyekt, predmet, muammo, maqsadlar, vazifalar, ilgari ketish vaqti, ishchi farazlar, usullar, tadqiqot tarkibi va tashkil etishni aniqlash);
- bashoratlash muhiti (obyekt rivojlanishiga ta’sir etuvchi, bashoratlashning ixtisoslashmagan, qo‘shni tarmoqlari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash);
- dastlabki model, ya’ni obyekt xarakteri va tarkibini yorituvchi ko‘rsatkichlar, o‘lchamlar tizimi ma’lumotlarini to‘plash;
- izlash bashorati (dastlabki modelning kelajakdagi loyihasi, bunda bashorat muhiti omillarini e’tiborga olgan holda kuzatiladigan holatlar bo‘yicha hal qilinishi talab etiladigan kelajakdagi muammolar aniqlanadi);
- me’yoriy (berilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha ko‘rsatilgan maqsad va me’yorlarga muvofiq bo‘lgan kelajakdagi dastlabki model loyihasi);
- ishonchlilik darajasini baholash va bashoratlovchi modellarni aniqlash, odatda, xolis mutaxassislardan so‘rash yo‘li bilan; bashoratlovchi modellarni taqqoslash asosida yechimlarni ixchamlashtirish uchun tavsiyalar tayyorlash”.
Do'stlaringiz bilan baham: |