“Tyan-shi” kompaniyasi. 14 yildan beri Xitoy tibbiyoti mahsulotlarini taqdim etib kelyapti. Ayniqsa, shifobaxsh choylari va kalsiy tabletkalari bilan mashhur. Korporatsiya mahsulotlari “TIENS” logotipi ostida ishlab chiqariladi. Hozirgi kunda 4 ta yo’nalish bilan bizning bozorga kirib kelgan: sog’lomlashtirish, kosmetika va attorlik mollari, yuvish vositalari, tibbiyot asbob-uskunalari.
Murod, “Tyan-shi” (TIENS) kompaniyasida “lider” darajasiga yetganlardan: Bizda majburlash yo’q, ishimiz – bilim va axborot berish. Bizning ishimiz – axborot biznesi. “Bir oyda shuncha mahsulotni sotib berishing kerak”, deb a’zolarga majburiyat yuklamaymiz.
- Oylik qancha?
- Bizda oylik yo’q, daromad bor. Boshqa ishlarda yaxshi ishlaysizmi-yo’qmi, oylik to’lanaveradi. Tarmoqli marketingda esa ishlaganingizga, mehnat qilganingizga qarab haq olasiz.
- A’zo bo’lish uchun…
- Faqat hujjatlar to’plamini sotib olish va kompaniyada o’z hisob raqamingizni ochish uchun pul to’laysiz. Bilim olish kurslarimiz tekin.
- Bu ishdan omadga erisha olmaganlar ham bormi?
- Qobiliyati bor odam, omadga erishadi, har doim. Omadga erisha olmaganlar – yalqovlar. “Bu bo’lmaydigan narsa” deb xulosa qilganlar – a’zo bo’lib o’z ustida ishlamaganlar.
Bir ayolni bilaman, kompaniyada yuqori ball to’plash uchun ikkita farzandini uyida yolg’iz qoldirib, qahraton sovug’u jazirama issiqni bilmay, metro oldida odamlarga e’lon tarqatadi. Ulardan qanchasi telefon qiladiyu, qanchasi a’zo bo’larkin, deysiz. A’zo bo’lgan odam esa tezroq yuqori pog’onalarga ko’tarilishni ko’zlaydi. Chunki u yaqinlariga daromadli biznes haqida to’lib-toshib gapirib bergan, ular oldida millionerning jonli misoli bo’lish uchun har narsaga tayyor.
Tarmoqli marketingga a’zo bo’lganlarga bir narsa deb gap uqtirishimga ko’zim yetmaydi. Bilaman, sizlarni juda ko’p o’qitishdi, o’z g’oyalarini singdirishdi, miyyangizga e’tirozlardan himoyalanuvchi “mehanizm” o’rnatilgan. Aytmoqchi bo’lganim hali bu biznesni tatib ko’rmaganlarga. Oldingizda ikki yo’l bor. Birinchisiga ko’ra tarmoqli marketing kompaniyasiga a’zo bo’ling va chindan ham millioner bo’lishni xohlasangiz, bundan boshqa narsani o’ylamang. Oila a’zolaringizdan tortib yuz ko’rmas bo’lib ketgan tanishlaringizgacha biznesni taklif qiling, kerak bo’lsa-bo’lmasa mahsulotlarini sotib oling – ball to’playsiz, pulini chiqarib olishingizni o’ylab o’tirmasdan gazetalarga e’lonlar bering. Balki bir kun kelib orzuingizdagi daromadni olarsiz, balki biron yildan so’ng direktor ham bo’larsiz… Ikkinchi yo’l – ortiqcha narsalarga vaqtingiz va pulingizni sarflamasdan har kuni o’z ishingizga borib, mas’uliyatdagi vazifalaringizni bajaring, hotirjam hayot kechiring va real maoshni kuting!
P/S: Tarmoqli marketing haqida birinchi bo’lib biz yozmayapmiz. Turli ommaviy axborot vositalarida aks ettirilgan tanqidiy fikrlar kompaniya boshida turganlarga yetib borgach, ular buni “buyurtmali maqola”, ya’ni bir tarmoqli marketing kompaniyasining ikkinchisiga bo’lgan nosog’lom raqobati, deb baholabdilar. Ogohlantiraman, mening hech bir tarmoqli marketing tizimiga aloqam yo’q. Ulardan na kuyib qolganman va na boyib.
Do'stlaringiz bilan baham: |