“Quest.net” kompaniyasi. 11 yil muqaddam ish boshlagan qimmatbaho taqinchoqlar, soatlar, telekommunikatsiya vositalari (maslan, qo’l telefonlari), sog’lomlashtiruvchi va kosmetik mahsulotlar taqdim etuvchi kompaniya. U birgina firma va uning mahsulotlariga ihtisoslashmagan, bir necha gigant kompaniyalar bilan hamkorlik o’rnatgan bo’lib, dillerlari orqali o’sha mahsulotlarni reklama qiladi.
Erkin Jo’rayev, “quest.net” kompaniyasi a’zosi: 6 oy oldin do’stimning taklifi bilan tizimga a’zo bo’ldim. A’zolik badali to’lanmaydi, 400 dollarga platinadan yasalgan taqinchoq sotib oldim xolos (“xolos”?! – muallif taajjubi). “Quest.net”da bir gap bor: “Bu biznesda darrov boy bo’lolmaysiz, lekin aniq boy bo’lasiz”. Men ham hali balansimni tashkil qilolganim yo’q. O’zi maqsadim ko’pchilikka o’xshab pul topish bo’lmagan. “Quest.net”da omadsizlikka uchrash sababi jamoa bilan ishlay olmaslik va tarmoqli marketing haqida hech qanday bilimga ega bo’lmaslik, deb o’ylayman.
Bu tizimga minglab insonlar: talabalar, ishchi-hizmatchilar, uy bekalari, hatto ziyolilaru pensiyadagilar ham o’z orzulari, tez orada mo’may daromad orttirish ilinjida kiradilar. Sizning kim bo’lishingizning ahamiyati yo’q, talab qilinadigan yagona hujjat – pasport nusxasi. Bunga tarmoqdagilar “Diplomni sotib olish ham mumkin, bizda yaxshi, rasmiyatchilik kerak emas ” deb izoh beradilar. Tarmoqli marketing kompaniyasini tark etolmaysiz, sizni hech kim chiqarib yubormaydi. O’z xohishingiz bilan ishlashni tashlab qo’yishingiz esa mumkin.
“Faberlic” kompaniyasi. Turli xil kosmetika, attorlik mollarini taqdim etuvchi kompaniya. 10 yil oldin Rossiyada faoliyat boshlagan. 600 000 dan ortiq konsultantlari, 4000 dan ortiq aktivlari bor. 1 ball uchun 855 so’m, 3000 ball uchun “direktor” darajasi beriladi.
Nozima, “Faberlic” kompaniyasida ‘direktor” darajasiga yetganlardan: Bizning ishimiz qonuniy, mahsulotni buyurtma bergan kuningizoq olasiz.
O’zingiz uchun buyurtma bersangiz, 35 foiz chegirma bor. Yana, … (gapini bo’ldim)
- Bir oyda qancha pul topishim mumkin?
- Hammasi sizning qo’lingizda. Masalan, bir oyda 100 ming, 200 ming, 1 million…
- Lekin hamma ham bunday natijaga erishavermaydiku. Masalan, men tanishlarimni a’zolikka ko’ndirolmasam, mahsulotlarni sotib ololmasam, kompaniyadan qanday foyda ko’raman?
- Bunda ham foyda olaverasiz. Mana mening jamoamda 500 ta odam bor. Shulardan 20 tachasini shaxsan taklif qilgan bo’lsam kerak. Qo’l ostingizdagi odamlar yaxshi ishlasa bo’ldi, o’z-o’zidan sizga pul kelaveradi, ishlamasangiz ham.
Kompaniya a’zolari sizni o’z qatorlariga qo’shish maqsadida (sizni ham millioner qilish uchun emas, siz tufayli ball olib, millioner bo’lish uchun) turli psixologik yo’llardan foydalanishadi, bu ishga mukkasidan ketgan inson uchun “qarindosh”, “xamkasb”, “do’st” yo’q, ularning hammasi “mijoz” bo’lib qolgan. Fikru zikri – tarmoqli marketing orqali pul ishlash, ball to’plash.
Do'stlaringiz bilan baham: |