7-bob
FAQATGINA KAM UXLASHNING O’ZI
YETSAYDI, DUNYONI CHUMOLILAR
BOSHQARARDI
Har bir oʻtning boʻyi chizgʻich bilan bittalab oʻlchab, hisoblab
ekilgandek muazzam koʻrinayotgan, katta bir daladan yurib ketishardi.
Insonning koʻnglini yorishtirib yuboradigan bu goʻzal yerda sayr
qilarkan, Kendinning ichida tugʻyonlar joʻsh urardi. Bu koʻrganlari unga
buyuk insonlarning muvaffaqiyat formulasini oʻrgatgandi: "Oz uxlash...".
Gʻayrioddiy ish edi bu. Oz uxlaysan va muvaffaqiyat qozonasan. Kendin
shu qadar oddiy ishni yillar davomida nega qilmaganini oʻylab afsuslanar,
tezroq buni qanday bajarishni oʻrganish uchun sabrsizlanardi.
- Qani, oʻrgat menga! Qanday qilib kam uxlayman? Men ham
muvaffaqiyatga erishishni xohlayman, - dedi.
Jin:
- Buni oʻrganishing u qadar oson emas, sabrli boʻl. Oʻrganasan, albatta.
Shuning uchun ham bu yerdamiz. Ammo yana bir narsani taʼkidlashim
zarur, jamiyki bu insonlarning yana bir umumiy xususiyati bor:
Barchasining boshqalar tarafidan "amalga oshishi imkonsiz" deya
baholangan bir maqsadlari bor va aslida koʻplab maqsadlar ularni
uxlashlariga yoʻl qoʻymaydi.
Kendin quvondi, chunki uning ham maqsadi bor edi.
- Mening ham maqsadim bor!
- Seniyaa? Nima ekan sening maqsading?, - dedi Jin haqoratomuz
ohangda.
- Oʻz sohamda yuksalishni xohlayman, - javob berdi Kendin koʻksini
kerib. U koʻpchilik hurmat qiladigan shifokor edi.
- Sen shuni maqsad deyapsanmi?
- ...
- Hamma shifokor yuksalishni xohlaydi, ammo nari borsa eng kamida Ibn
Sino kabi boʻladi, - dedi Jin va taassuf bilan "Qanday odamlar oʻtib
ketdiya!" degandek labini tishladi. Soʻng davom etdi:
- Hamma narsa kabi maqsadni ham senga notoʻgʻri talqinda oʻrgatdilar.
Tor fikrlayapsan. Chunki, senga koʻp uxlashni oʻrgatganlar oʻzingga hech
sezdirmasdan tor oʻylashni ham oʻrgatdilar.
- Qanday qilib?, - dedi Kendin butun vujudi quloqqa aylanib.
- "Bir sohada yuksalish" aslo uyqu qochiradigan maqsad boʻla olmaydi.
Maqsad - oʻz nomi bilan maqsad. Yaʼni bir maqsad koʻrsatishing lozim.
Yuksalishni istagan joyingni nomi boʻlishi kerak. "Men shu yerni
xohlayman" deysan. Aks holda, maqsading yoʻq hisob. Agar samarali bir
maqsading boʻlmasa, kam uxlashingning ham hech qanday maʼnosi yoʻq.
Hatto mumkin boʻlsa, bor uxla va tanang koʻtara olsa aslo uygʻonma.
Chunki, maqsadsiz insonning uygʻoq boʻlishi ham oʻzi uchun, ham butun
insoniyat uchun azobdir, - Jin jilmayib davom etdi:
- Biror bir maqsadi boʻlmagan holda, yaʼni uxlashi kerak boʻlgan holda
uxlamagan insonlar ham bor, shubhasiz. Bunga shu togʻning ortida ajoyib
oʻrnak ham bor. Koʻrishing kerak, qani ketdik...
Jin Kendinni ortidan ergashtirib toqqa qarab ketdi. Choʻqqiga yaqinlashib
qolganlarida qandaydir nay ovozini eshitishdi. Ovoz togʻ ortidan
kelayotgandi. Togʻni oshib oʻtib, ovoz qayerdan kelayotganini bildilar. U
jigarrang qalpoq kiygan bir odamning qoʻlidagi naydan kelardi. U nayni
shu qadar ustalik bilan chalardiki, atrofidagilar huzur ichida tinglashar,
nay nolasi osmonga qadar yetib, qalblarni mumdek eritib yuborardi.
Mazkur jigarrang qalpoqli sozanda aslida choʻpon boʻlib, nay esa qoʻylar
uchun chalinayotgan edi.
- Qara, qanchalik erta uygʻonibdi? Kim biladi, bu suruvni qayerlardan
boshlab kelyapti? U biz qidirgan inson aslida; lekin koʻrganing kabi u
qoʻylarning zavqlanishi bilan cheklanib, ishini chala bajaryapti..., - dedi
Jin.
Choʻpon ora-sira uxlab, takror uygʻonar, uyqusiragan koʻzlari bilan
nayini ozgina chalgach, yana uxlab qolardi.
- Barvaqt uygʻongan, ammo tor fikrlayapti. Hech qanday ideali yoʻq. Kun
tartibida konsert berish fikri yoʻq. Qish kelishi bilan oladigan ozginagina
pulga qarab qolgan. Holbuki, u har kuni soatlab nay chaladi, hech kimsa
u kabi uzoq vaqt nay bilan shugʻullanmaydi. Uning qilishi kerak boʻlgan
ish bor-yoʻgʻi ozgina kengroq fikrlab koʻrish edi, xolos! U shunday
qilmagani uchun umrini qoʻylargagina nay chalib oʻtkazadi. Hech qachon
dunyoning eng yaxshi naychisi boʻlolmaydi. Kun kelib dunyoning eng
buyuk naychisi boʻlardi balki, ammo u kengroq oʻylab koʻrmagani uchun
dunyoning eng buyuk naychisini oʻzi bilan qabrga olib ketadi. Yaʼni
ichidagi dahoni kashf etmay turib oʻlib ketadi. Shunday ekan, hatto oddiy
choʻpon boʻlsang ham, keng fikrla. Va kun kelib sening bir hikoyang
boʻladi. "Men bir choʻpon edim. Lekin hech qachon choʻpon kabi
chalmadim. Hech qachon qoʻylar uchun chalmadim. Esimni
taniganimdan beri shu bugun uchun chaldim nayimni. Bugun dunyodagi
eng yaxshi nay chalgan insonman. Ishingizga aslo yengil qaramang,
doimo katta oʻylang!" derdi. Shunday qilib, oddiy choʻpon birgina eski
nay bilan oʻzidan keyingilarni maftun qiladigan meros qoldirardi.
Kendin choʻponga qarab, Jinning aytganlarini oʻylardi. U haq edi; ammo
haq boʻlishdan nafratlanardi. Shu sababdan unga "Haqsan" demadi,
ammo ich-ichidan ming martalab hayqirdi: "Haqsan... 500 lar
kengashidagi Suqrot qadar haqsan!"
Endi tushungandi Kendin. Demak, kam uxlashni oʻzi yetarli emas.
Uyquni qochirgan narsa ham juda muhim. Lekin undanda muhim yana
bir narsa bor edi: Nima ish qilishingdan qatʼiy nazar, kengroq fikrlashing
lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |