2-bob
DUNYONING RANGINI O’ZGARTIRGAN INSON
Titrayotgan Kendin oʻzini kenggina bir xonada koʻrdi. Xona
shunchalik ajoyib ediki, inson beixtiyor uni tomosha qilishni boshlardi.
Avvallari bunday xonani koʻrmagan, eshitmagan edi. Katta devorlarda
shunday surat bor ediki, uning surat ekaniga ishonish imkonsiz edi.
Goʻyo butun devor oyna bilan qoplanganu, siz koʻrgan va rasm deb
oʻylagan narsalaringiz qarshisida turib ularni oʻzida aks ettirardi.
Devorning tugagan burchagida qalinroq bir arqon boʻlib, uning bir uchi
shiftga qadar yetgan va yuqoridagi yogʻochlardan biriga bogʻlab
qoʻyilgandi. Kendin xonada aylanib yurarkan, oyogʻi bir narsaga tegdi.
Bu biroz avval hayratlanib tomosha qilgan devorning tugagan burchagida
koʻrgan arqonning yerdagi qismi boʻlib, u xonani koʻndalangiga qoq
oʻrtasidan boʻlib turardi. Arqonning boshqa uchi esa narigi tomondagi
devorning burchagidan oʻtib shiftdagi yana bir yogʻochga bogʻlangandi.
Arqon bilan xonani teng ikkiga boʻlib qoʻyishning hikmatini Kendin
anglamadi. Xona uni shu qadar oʻziga sehrlab qoʻygandiki, Kendin bir
soniyaga oʻzining koʻrinmasligini unutdi. Sekingina Jinning qulogʻiga
egildi va arqonning hikmatini soʻradi. Kendinning xuddi kimdir eshitib
qolishidan qoʻrqib pichirlashini koʻrgan Jin qahqaha otib kulib yubordi.
- Unutib qoʻyding shekilli, hech kimsa bizni koʻrmaydi va eshitmaydi, -
deb Kendinni xotirjam qildi. Jin bu yerdagi boʻlib oʻtgan narsalarni
Kendinning tushunishga harakat qilayotganini toʻgʻri deb oʻyladi. Kendin
Jinning aytganini qilib, xonadagi detallarni bir-bir tekshirishni boshlab
yubordi.
Yerda "gilamlarning eng qadimgisi shunday boʻlsa kerak" degan fikr
uygʻotadigan, ammo "koshki barcha gilamlar ham shunga oʻxshasaydi"
deyiladigan muhtasham bir gilam bor edi. Unda odatdagi klassik bezaklar
yoʻq edi. Gilamning arqon ajratib turgan yeridan rasmli devorga qadar
boʻlgan qismi moyli boʻyoqlarda qilingan rasmni eslatsa, narigi tarafi
geometrik shakllar va matematik belgilardan iborat edi. Kendin koʻzlarini
devordan uza olmasdi. Yengilgina harakat bilan ortga qadam tashlagan
edi, nimanidir turtib yubordi. Soʻnggi lahzada uni tezlik bilan ushlab
qoldi. Bu goʻyo hech kimsaning koʻzi tushmasligi uchun yuzasi qizil ipak
mato bilan berkitib qoʻyilgan bir surat edi. Xonada jami 8 ta rasm boʻlib,
ulardan 5 tasi ayni shu shaklda qizil ipak matolar bilan yopib qoʻyilgan, 3
tasi ochiq edi.
Yopiq suratlardan birining yuzasidan matoni koʻtardi-yu, koʻzlariga
ishonmadi. Pastki oʻng burchakda qoldirilgan dastxatni aytmasa, rasm
boʻm-boʻsh edi. Soʻng qiziqish bilan barcha suratlarni bir-bir ocha
boshladi. Hammasi bir xil, barchasining pastki oʻng burchagida ayni imzo
qoʻyilgandi. Bu xonaning sohibi qanday boʻlmagʻur inson boʻldi, rasmni
chizmay turib imzosini qoʻysa.
Yuzasi ochiq boʻlgan suratlardan birining oldida oʻtirish uchun hozir
turgan yogʻoch turardi. Uning tepasida esa yosh bola rasm chizgandek
fikr uygʻotadigan, aralashib, bir-biriga qorishib ketgan boʻyoqli palitra
bilan ikki dona choʻtka bor edi.
Xonaning bu qismini tomosha qilib ulgurmagan Kendin narigi tarafga
hanuz oʻtmagandi. Shu qadar sehrlanib qolgandiki, birgina shu tomonda
bir necha soat aylanib qoldi. Chap tomondagi devorning boʻsh ekanligi
birdan eʼtiborini tortdi. Bu yerning ham rasm chizish uchun tayyorlab
qoʻyilgani xayoliga keldi. U adashmagandi. Sababi, biroz avvalgi yuzasi
qizil ipak matolar bilan toʻsilgan boʻsh suratlarning pastki oʻng
burchagidagi imzoning yana biri devorda ham koʻzga tashlanardi. Katta
hayajon va zavq bilan ortiga qaytdi. Orqa devorda narigiga mutlaqo
oʻxshamagan, xonaning bu qismidagi gilamning bezaklariga oʻxshash
geometrik shakllar, matematik ifodalar bor edi. Goʻyo kimdir
matematikaga maʼlum yoki aksincha, maʼlum boʻlmagan jamiyki
masalalarni shu devorda yechgandi.
Devorning shundoq oldida goʻyo bir ozgina avval eman daraxtidan
yasalgan anchagina keng bir stol bor edi. Eman isi kelib turgan stolga
suyab qoʻyilgan, uch kishi bemalol oʻtira oladigan dunyoning eng
hashamatli kursisi shu deb bemalol koʻrsatish mumkin boʻlgan muazzam
bir stul bor edi.
Xonaning eshigi yoʻq edi. Aniqrogʻi, eshik oʻrnatilishi kerak boʻlgan
joyda tor va peshtoqli oʻyiq boʻlib, bu yerga kirish uchun xizmat qilardi.
Soʻngra xonaga uzun soch-soqolli, keng yelkali, gʻijimlangan kir kiyim
kiygan, burnining uchiga ozgina jigarrang boʻyoq tekkan bir odam kirib
keldi. Yoʻgʻoch kundaning tepasida turgan boyagi paletni ingichka uchli
choʻtkasi bilan qoʻliga oldi. Oʻng oyogʻini goʻyo tuflisini ipini
bogʻlamoqchi boʻlgandek kunda ustiga qoʻydi. Choʻtkani chaqqonlik
bilan boʻyoqqa botirdi, bir necha daqiqa oʻzi istagan rangini chiqarishga
tirishdi. Choʻtkani sindirib yuboradigan darajada paletga qattiq urardi.
Chiqargan rangini ingichka uchli choʻtkasi bilan dunyodagi eng nozik
shishadan yaratilgan qizning yuzida ohista va ehtiyotkorlik bilan
yurgizardi. Soʻng qalin uchli choʻtkasini oldi, bir necha daqiqa uni
palitraga urib turdi. Keyin qalin uchli choʻtkani rasmga xuddiki
dushmanini oʻldirayotgandek urdi. Kendin shunchalik berilib ketgan
ediki, "Unday qilmaaaa!" deyishdan oʻzini toʻxtatib qololmadi. Jin esa
xotirjam ohangda:
- Haqsan, ammo qoʻrqma! U nima qilayotganini biladi, sen faqat kuzat, -
dedi. Kendin rassomni kuzatib turib, armon boʻlib qolgan orzusini Jinga
aytdi:
- Qobiliyatim boʻlsa edi, men ham rassom boʻlishni xohlardim. Ishon,
buni judayam istardim, lekin afsus bu iqtidor masalasi...
Jin Kendinning yuziga tikilib qoldi. Qarashlari maʼnosiz edi. Kendin jim
boʻlishi kerakligini tushunib, sukut saqladi va rassomni kuzatishda davom
etdi. U odam soatlab boʻyadi. Goʻyo butun dunyoning rangini
oʻzgartirardi. Birgina xato qilsa qiyomat qoim boʻladigandek. Bu orada
kun ham oʻz oʻrnini tunga boʻshatib berishga hozirlanardi.
Rassom kerosin chiroqni yoqdi. Yana ozroq ishlagach, tashqariga chiqdi.
Koʻp oʻtmay ortiga qaytganda burniga tekkan jigarrang boʻyoq
ketkazilgan edi. U bu safar arqonning narigi tomoniga oʻtdi. Stol ustidagi
qalamlardan birini olib devorga yoza boshladi. Butun devor toʻla edi.
Qayerda bir boʻsh joy qolib ketibdiki, bu odam yana yozsa? Odam
ingichka ingichka yozardi. Soʻngra viqor bilan dunyoning eng hashamatli
kursisiga oʻtirdi. Muqovasi oʻyma yogʻochdan qilingan qalin daftarni
ochib, devorga qarab-qarab, bir narsalarni yozdi. Bir necha soatdan soʻng
qalamini qoʻyib, oʻrnidan turdi va kerosin chiroqni oʻchirib tashqari
chiqdi.
- Qayerga ketyapti?, - dedi rassomning ketidan qarab qolgan Kendin.
- Uxlashga..., - dedi Jin va davom etti:
- Bu inson har toʻrt soatda bir marta yarim soat uxlaydi. Vaqti boʻldi
deguncha hech kimning uygʻotishini kutmasdan turib, yana ishiga
qaytadi. Bizni bu yerga kelganimizga taxminan toʻrt soat boʻldi.
Kendin hayratlandi.
- Ishonish qiyin!
- Uning kim ekanini aytsam, ishonishing aniq, - dedi Jin. Kendinning
qiziqishi soʻnggi nuqtasiga yetdi.
- Bu inson da Vinchi. Leonardo da Vinchi. Rassom, matematik, fizik,
faylasuf va yana bir qancha sohalarda afsona boʻlgan inson. Endi
ishondingmi?
- Tushunishim kerak edi; lekin ishon agar men ham shunday ishlasam, da
Vinchi boʻlardim, - deb yubordi Kendin, Jinning nima deb javob berishini
hech oʻymagan holda.
- Ishla u holda, - soddagina javob qaytardi Jin. Kendin Jinga ilk bora
3957 xil maʼno va tuygʻu mujassam nigohini qaratdi. Ha, yoʻq, qanday,
nega boʻlmasin, haqsan, ajabo, goʻyo, balki, qoʻlimdan keladimi,
shubhasiz qilaman, albatta, hech qachon, tabiiy va yana bu yerda
sanalmagan yuzlab boshqa maʼnolar bor edi bu nigohda.
Bu kishi Leonardo da Vinchi edi, da Vinchi boʻlish ayni shunday boʻladi.
Sen faqatgina ishlarding. Ichingdagi da Vinchi koʻrina boshlar, afsona
boʻlarding. Yoki ishlamasdan, da Vinchini koʻmarding-u, yoʻq boʻlib
ketarding.
Do'stlaringiz bilan baham: |