3-bob
UYG’OTUVCHI SOATNING KASHF ETILISHI
Butunlay boshqa joyda edilar.
- Qayerdamiz?, - soʻradi Kendin. Jin "Hozir koʻradiganlaringdan hayratda
qolasan" degandek jilmaydi:
- Kut va kuzat!
Xonada qirol taxtini eslatadigan bir kreslo va unga yarashmagan kichik
ish stoli bor edi. Stol ustida uning deyarli butun yuzasini egallagan ulkan
globus turardi. Kresloda esa uzun sochli bir odam jimgina ishlab oʻtirardi.
Xona suv quygandek jim-jit. Kendin ham, Jin ham ogʻir sukutda edilar.
Oxiri Kendin chiday olmay, soʻradi:
- Kim bu?
Jin kichik hassaga oʻxshash bosh barmogʻini lablariga yaqinlashtirib,
bizga maʼlum boʻlgan "Jim!" ishorasini berdi. Kendin yana jim boʻlib,
haligi kishini kuzatishda davom etdi. U odam stoldagi globusga
oʻxshagan narsaga qarab turardi. Faqatgina qarab turardi. Oradan "Bas
yetar, bunchalik boʻlmaydi-da" deyishga majbur qiladigan uzoq vaqt
oʻtdi. Kendin yana chiday olmay, xonadagi sukunatni buzdi:
- Kim bu?
Jin Kendinga yaqinlashib:
- Bu-mi? Bu bir inson!, - dedi. Kendin oʻzi kutgan javobni ololmagani
uchun biroz asabiy holda, kinoya bilan dedi:
- Bunisini oʻzim ham koʻrib turibman.
Jin esa oʻta jiddiy edi. Goʻyo aytmoqchi boʻlgan bir malomati bor edi.
- Demak tushunding! U holda uning sen kabi bir inson ekanligini
inobatga olsak, u birozdan soʻng uxlashi kerak emasmi?, - dedi va
choʻntakka oʻxshash gʻalati yerga qoʻlini uzatib, kattakon qum soatini
oldi. Uni yerga qoʻyib:
- Bu toʻliq 30 soatlik. Koʻramiz, bu odam qachon uxlar ekan?, - dedi.
Vaqt oʻtib borar, u odam esa muzlatib qoʻyilgandek stolidagi globusga
tikilib oʻtirardi. Bir payt nihoyat oʻrnidan turdi va xonani aylana boshladi.
Xonada u yoqdan bu yoqqa toʻxtamasdan yuz martalab yurdi. Soʻngra
egnidagi kostyumini yechib kresloning orqasiga osdi va yana qaytib
oʻtirdi. Stolning globusdan ortgan joyida turgan daftariga pero bilan bir
narsalarni yoza boshladi. Betoʻxtov yozardi. Kendin uni kuzatishdan
charchadi... U kishi yerda turgan kichkina metall parchasini olib, kresloda
oʻtirgan koʻyi uyquga ketdi. Koʻp oʻtmay qoʻlidagi metall yerga tushib
ketdi. Uning ovozidan uygʻonib, yana yozishda davom etdi...
- Jiddiy boʻla olmaysan!, - dedi Kendin, yerda turgan metall boʻlagiga
tikilib turib. Jin gʻurur bilan tabassum qilarkan:
- Ha, sen va doʻstlaringga oʻxshagan bir insonning uyqusi mana
shunchalik boʻladi. Uyqusi kelganida uni yana olib, oʻtirgan joyida
uxlaydi.
Soʻngra yana sukut saqlab, uni kuzatdilar. Bu sirli odamning koʻzlari
uyqudan yumilib ketgan payt egilib metall boʻlagini olib, oʻtirgan joyida
mizg'ib olardi.
Jin chala qolgan gapini tugatish maqsadida davom etdi:
- Va oradan yillar oʻtadi. Biz bu insonni Nyuton deb ataymiz, Isaak
Nyuton.
Soʻngra qum soatiga ishora qilib:
- Qara!, - dedi. Qum tugay deb qolgandi. Buyuk fizik Isaak Nyuton esa
har 15 daqiqada bir marta chalinadigan soat kabi qoʻllagan u metall
parchasini jami 5 marta tushirib yubordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |