Arxiv manbalari. Arxiv - lotincha “arxivus”- hukumat binosi so‘zidan olingan. Lekin “arxiv” atamasining hozirgi qo‘llanish ma’nosi butunlay boshqacha. Arxiv bu idoralar, korxonalar, va tashkilotlar, shuningdek, tarixiy shaxslar faoliyatiga oid hujjatlar saqlanadigan muassasa hisoblanadi. Arxivlarda tashkilotlar, korxonalar, muassasalar, korxonalar, jamoa va davlat xo‘jaliklarini, ayrim shaxslarning ko‘p yillik faoliyati haqida ma’lumotlar va hujjatlari saqlanadi. O‘lka tarixini o‘rganishda bu hujjatlarining ahamiyati kattadir. Arxiv hujjatlarini qidirib topish, ular ustida ishlash va olingan ma’lumotlarni hayotga tadbiq etish murakkab va o‘z navbatida muhim vazifalar hisoblanadi.
O‘rta Osiyoda arxiv yozuv bilan bir vaqtda paydo bo‘lgan. Arxeolog olimlar qadimgi Tuproqqal’a xarobalaridan Xorazmshohlarga tegishli III- IV asr boshlariga oid sopollarga bitilgan qadimgi hujjatlardan iborat arxiv namunalarini topib o‘rganilgan. 1930 yil boshlarida Mug‘ tog‘laridagi yodgorlik xarobalaridan Divashtich arxivi topildi. Qazishmalar natijasida Divashtich arxivi VIII asrga oid bo‘lib, u erdan 80 dan ortiq qo‘lyozma hujjatlari topilgan. Arxiv manbalari markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlaridan qolgan turli hujjatlar, foto-kino hujjatlari va tovush yozuvlari va hokazolar haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.
Tarixiy geografiya (ko‘pincha uni geografik bilimlar tarixi ham deb atashadi) geografik kashfiyotlar va sayohatlar, shuningdek, geografik tasavvurlar, umuman ajdodlarimizning geografik dunyoqarashlari tarixini o‘rganadi. Tarixiy geografiya fani o‘tmishni geografiya bilan bog‘lab o‘rganadi. SHu tariqa zamonaviy geografiya va tarixiy geografiya bitta ob’ektni farqli jihatlarda tadqiq etadi. Zamonaviy geografiya mazkur ob’ektni hozirgi holatini o‘rgansa, tarixiy geografiya uning o‘tmish tarixidagi o‘zgarishlarini tahlil qiladi.
Tarixiy geografiya fani muammolarini tarix fani o‘rganadi, ammo shu bilan birga uni geografiya fanidan ham ajratib bo‘lmaydi, chunki geografiya fanida ochilayotgan yangi ilmiy ma’lumotlar tarixiy geografiya fani uchun muhimdir. Tarixiy geografiyasiz tarix haqidagi tasavvurimiz to‘liq va mukammal shakllanmaydi.
Me’moriy yodgorliklar. O‘zbekistonda me’morchilik tarixi juda qadimga borib taqaladi. SHuning uchun ham bugungi kunda o‘lkamizdagi me’moriy yodgorliklar kishining diqqat e’tiborni o‘ziga tortadi. Minorai Kalon, Jarqo‘rg‘on Minorasi, Afrosiyob, Varaxsha, Poykend, Buxoro Ark qo‘rg‘oni boshqa me’moriy yodgorliklarning o‘ziga xos tarixi bo‘lib, ularni ilmiy tadbiq etish muhim o‘rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |