Arxeologik manbalarga qadimgi shaharlar, qo‘rg‘onlar, qal’alar, qadimiy manzilgohlar, istehkomlar, qadimgi savdo yo‘llari, qoyatosh tasvirlari va boshqalar manbalar hisoblanib, vatanimiz tarixini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Arxeologiya tarix fanining tarkibiy qismi bo‘lib, ijtimoiy fanlar orasida alohida o‘rin tutadi. Arxeologiya iborasi «arxayos» qadimgi, «logos» fan degan ikkita grekcha so‘zning birikishidan tashkil topgan bo‘lib, qadimgi bilimlar haqidagi fan degan ma’noni beradi. Mantiqan olib qaraganda tarix va arxeologiya fanlari aslida o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiruvchi yagona fanning sohasidir. Insoniyat o‘tmish davrini arxeologiyasiz o‘rganib bo‘lmaydi. Arxeologiya insoniyatning o‘tmish tarixini o‘rganishda dala tadqiqotlari natijasida ibtidoiy makonlar, qishloqlar, shaharlar hamda ulardan topib o‘rganilgan ashyoviy dalillar, moddiy madaniyat yodgorliklari, qoyatosh rasmlari hamda boshqa moddiy manbalarga suyanib ish ko‘radi. Olib borilgan tadqiqot ishlari va ularning natijalari esa tadqiqotchi olimlarning maqolalari va ilmiy ishlarida o‘z aksini topib bormoqda. Ular tomonidan topilgan ashyoviy dalillar respublikamizning mezeylarida saqlanib kelmoqda. Arxeologik tadqiqotlar natijasida to‘plangan materiallardan O‘zbekiston tarixi, jaxon tarixi , qadimgi dunyo tarixi, o‘lkashunoslik fanlari va arxeologiya ixtisosligi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida foydalanilib kelinmoqda.
Toponimika (yunoncha topos-“joy”, onima “nom”) – joy nomlari to‘g‘risidagi fandir. Toponimika deganda joy nomlarini o‘rganadigan fanni, toponimiya deganda esa geografik nomlar yig‘indisi tushuniladi. Toponimika geografiya, tarix, etnografiya bilan bog‘liq holda rivojlanadi. Geografik joy nomlari (keyingi o‘rinlarda toponimlar) quruqlik va suvliklardagi geografik ob’ektlarning, joylarning atoqli otlaridir.
Toponimlar o‘zbek tili, ularning so‘z boyligi, o‘zbek xalqining madaniy, ma’naviy hamda ilmiy merosiga oid boy ma’lumotlarni o‘zida ifodalab, asrlar davomida saqlab, asrab kelayotgan ulug‘ xazinadir.
Joy nomlarining asosiy vazifasi tarixiy-geografik joy nomlari, ob’ektlar, hududlarni alohida, yakka holda ajratib atash va shu orqali ularni bir-biridan farqlashga xizmat qilishdir. Toponimlarda xalqning qadimiy davrlardan tortib shu kunlargacha bo‘lgan noyob kuzatishlari, tajribalari, ularning dunyoqarashi va turli e’tiqodlari o‘z ifodasini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |