4 -Mavzu: Paleontropologik va etnografik ma’lumotlarning o‘lka
tarixini o‘rganishdagi ahamiyati ( 4 soat)
Reja:
1. O‘lka tarixini o‘rganishda etnografiya ma’lumotlarning ahamiyati
2. O‘zbek xalqi etnogenezi va etnik jarayonlari
3. O‘zbek xalqi etnografiyasining ilmiy o‘rganilishi.
4. Surxondaryo etnografiyasining ilmiy o‘rganilishi.
5. Antropologik ma’lumotlarning ahamiyati.
Mavzu bo‘yicha tayanch iboralar
Etnografiya, etnogenezi, qabila, urug‘, jamoa, xalq, millat. Xalq og‘zaki ijodi, doston, epos, rivoyat, qang‘li – qipchok, etnologiya, etnografik makon, san’at, folklor, etnik jarayonlar, antropologiya, etnografik ekspeditsiya, chigil qabilalari, qiyot-qo‘ng‘irot, juz, va boshqa urug‘lar.
4.1Etnografiya xalqlar madaniyatini o‘rganishda beqiyos xazina bo‘lib, ularni yoshlar ongiga singdirish o‘z xalqiga, vataniga, milliy an’analariga cheksiz hurmat ruhida tarbiyalashda ahamiyati kattadir. Istiqlol sharofati tufayli ma’naviy qadriyatlarimiz qatorida halqimiz o‘tmish tarixi, etnografiyasi, xalq og‘zaki ijodin o‘rganish masalalarining yanada katta e’tibor tufayli xalqimizning asriy an’analari bag‘oyat darajada boyidi. Insoniyatning tarixiy taraqqiyoti va ma’naviy yuksalishi, eng avvalo har bir xalqning o‘zligini anglashi, shuningdek, ajdodlar qoldirgan moddiy va ma’naviy merosni e’zozlashi hamda uni boyitishi bilan bog‘liq holda kechishi ayni tarixiy haqiqatdir. SHu boisdan ham mamalakatimizda amalaga oshirilyotgan islohotlar jarayoni va xalqimizning ongida kechayotgan o‘zgarishlar ajdodlar merosiga hamohangligi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbek xalqi dunyo xalqlari orasida faxr qiladigan darajada boy moddiy va ma’naviy madaniyat yaratgan yuksak tamaddun sohiblari sanaladi. O‘zbek xalqi o‘zining ko‘p ming yillik tarixi mobaynida yaratuvchanlik, bunyodkorlik hamda yuksak g‘oyalar sari intiluvchanlik ruhida kamol topgan. SHu sababdan ham bu xalqning ildizi baquvvat ma’naviyati yuksak, tarixi buyuk, tomiri teran, bugungi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkam, ertangi kundan umidi bisyor xalqdir. O‘zbekistonning janubiy darvozasi sanalgan Surxon zamini ham o‘zining qadim tarixi, bebaho moddiy va ma’naviy madaniyati bilan vatanimiz tarixida muhim o‘rin tutadigan makon sanaladi. CHunki ushbu mintaqa insoniyat tamaddunining muhim makonlaridan biri sifatida qadimgi davridanoq insoniyatga beshik bo‘lgan yoki ilk tasviriy san’at, ilk yozuv, sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik xo‘jaligi, mintaqadagi ilk shaharsozlik ana shu zaminda qaror topgan, qolaversa jahon dinlari sanalgan buddaviylik va islom ta’limotining yuksalishida ham Surxon zaminining o‘rni beqiyos sanaladi.
Etnografiya dunyo xalqlarining madaniyatini, maishiy hayotini, kelib chiqishi (etnogenezi)ni joylashishi (etnik geografiyasi)ni va madaniyat tarixini, o‘zaro aloqa va munosabatlarini o‘rganuvchi fandir. O‘zbek xalqi etnografiyasida Surxon vohasi madaniyati va etnografiyasining o‘ziga xos muhim o‘rni bor. Jumladan 2009 yil 25 avgustda O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimovning Surxon vohasiga kelib Termiz davlat universiteti yangi binosini ochilishi davridagi bergan taklif va tavsiyalari viloyatimiz iqtisodiyotida yangi yutuqlar va rivojlanish imkoniyatlarini ochib berdi. SHuningdek, yurtboshimizning Surxondaryo viloyatida mavjud etnografik manbalarga alohida e’tibor qaratib, “Surxondaryo – etnografik makon” deya ta’kidlab o‘tgan edi. Mana shu hususiyatlari bilan etnogafiya fani boshqa tarixiy fanlardan o‘ziga xos xsusiyatlari bilan ajralib turadi. Etnograiya bilan chambarchas bog‘liq antropologiya fani ham muhim o‘rin tutadi.
Tarixiy ilmiy tahlillar natijasiga diqqat bilan e’tibor qaratib shuni ta’kidlash lozimki, etnogenez, etnik tarix, masalaslasida fikr bildirish nixoyat darajada murakkab masala hisoblanadi. Etnogenez to‘g‘risida ilmiy mushohada etish uchun cheksiz manbalarni qayta o‘rganish, ularni tanqidiy-xolisona baholash har bir tadqiqotchidan katta mehnat talab etadi. CHunki yo‘l qo‘yilgan oddiy bir xato yoki jumboqli fikr turli noroziliklarga xattoki siyosiy janjallarga aylanib ketishi mumkin. CHunki dunyodagi mavjud 2000 dan ortiq etnik guruxlar-200 dan ortiq davlatlarda istiqomat qiladi. Har bir millat, har bir halqning o‘z milliy g‘ururi, vatan tuyg‘usi, or-nomus, urf-odatlari, an’nalari va milliy qadriyatlari mavjud. Ushbu millat va elatlar o‘zining etnik o‘zligini anglash, o‘z qavmi nomini, hududini, tilini, madaniyatini, ichki barqarorligini, xavfsizligini ta’minlashga uzoq asrlardan buyon Harakat qilib kelmoqda.
Jahon tajribasi etnik masalalarga e’tibor qaratmaslik, millatlararo totuvlikni ta’minlashga bir yoklama, yuzaki yondashuv jiddiy muammolar keltirib chiqarishini ko‘rsatdi. Xususan, davlatga o‘z nomini bergan (titul) millat bilan o‘sha joyda yashaydigan boshqa millat va elat vakillari orasidagi munosabatlar jiddiy e’tiborni talab qiladi. Aks holda, jamiyat hayotidagi tinchlik va barqarorlik izdan chiqishi mumkin. Bu masala bizning mamlakatimiz uchun ham juda muhim. O‘zbekiston hududida qadimdan ko‘plab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib kelgan. Ular o‘rtasida asrlar davomida milliy nizolar bo‘lmagani halqimizning azaliy bag‘rikengligini ko‘rsatadi. Millatlararo munosabatlarda uyg‘unlik vujudga kelgan mamlakatlarda ko‘p millatlilik jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga samarali ta’sir etadi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi“,[1:6]– deb ta’kidlanishi, mamlakatimizda barcha millat vakillarining teng xuquqligining ta’minlanishiga yuksak e’tibor hamda etnik totuvlik hamda bag‘rikenglikning o‘ziga xos jihatlari ta’minlanganidan dalolat beradi
4.2. Har bir xalqning tarixi uning etnogenezi va etnik tarixi bilan uzviy bog‘liqdir. Etnogenez va etnik tarix esa tarix fanining bosh masalasidir. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi O‘zbekiston xalqlari tarixining tarkibiy qismini tashkil etadi. U tarixiy yozma manbalar, etnografiya, arxeologiya, antropologiya, lingvistika, toponimika, epigrafika, numizmatika kabi fanlar bilan o‘zaro aloqada va uzviy bog‘liq bo‘lib, ularsiz o‘zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixini mukammal ilmiy o‘rganib bo‘lmaydi. Ayniqsa ushbu muammoning etnogenez qismini o‘rganishda ulardan olingan ma’lumotlar masala echimiga ko‘p oydinliklar kiritadi.
Dastlab, sobiq sovet hokimiyati tarkibida milliy respublikalarni tashkil etish jarayoni ketayotgan kezlarda, o‘zbek xalqining kelib chiqishi masalasi faqat turk etnosi bilan bog‘liq holda o‘rganilib, fanda "panturkizm" atamasi paydo bo‘ldi. Bu ta’limot zaminida "O‘rta Osiyo aholisi azaldan turklar bo‘lib, buyuk Turon, so‘ng Turkiston bo‘lib ketgan", degan g‘oya yotardi. Ular o‘zbek xalqining turk ildizini turkiy bo‘lmagan etnoslar bilan aralashish natijasida tashkil topganligini inobatga olmaydilar. Bunday g‘oyalar asnosida ular o‘zbek xalqining kelib chiqishini Nux payg‘ambarning o‘g‘li YOfasdan, YOfasning o‘g‘li Tur yoki Turkdan boshlaydilar. Natijada, uning aks sadosi sifatida "panironizm" ta’limoti paydo bo‘ldi. Bunga ko‘ra, "bu zaminning tubjoy aholisi eroniy tilli xalq bo‘lib, bu yurtga turklar keyinchalik kelgan", degan g‘ayri ilmiy konsepsiya paydo bo‘ldi. O‘sha kezlarda, bu murakkab masala echimiga islom aqidaparastlari ham aralashib, "milliy etnoslar yo‘q, faqat islom millati bor, xalqlarni tiliga qarab emas, balki diniga qarab millatini belgilamoq kerak", degan diniy konsepsiya paydo bo‘ldi. Bu qarash fanda "panislomizm" nomini oldi. Bunday noilmiy konsepsiyalarning paydo bo‘lishi o‘z davrida shu muammo yo‘nalishiga bog‘liq fanlar rivojlanish darajasining zaifligidan dalolat berardi.
Darhaqiqat, O‘rta Osiyo xalqlari etnogenezi va etnik tarix masalalariga daxldor etnologiya, arxeologiya, etnografiya, antropologiya, toponimika, tarixiy lingvistika kabi fan tarmoqlari o‘sha kezlarda hali rivojlanmagan edi. Binobarin, O‘rta Osiyo xalqlarining kelib chiqishi borasidagi talqinlar faqat tarixiy va afsonaviy rivoyatlar asosida yaratilgan so‘nggi o‘rta asrlar davri qo‘lyozma manbalariga asoslangan. Etnogenez, etnik tarix va millat tarixining har birini alohida olganda, ularning boshlang‘ich va yakuniy nuqtalari bor. Masalan, mana shu ilmiy konsepsiya asosida o‘zbek xalqi etnogenezining boshlang‘ich nuqtasi sifatida dastlab turk xoqonligi davri qabul qilindi (akademik A.YU.YAkubovskiy nuqtai nazari). Keyinroq, o‘zbek etnogenezining boshlang‘ich nuqtasi antik davrgacha qadimiylashtirildi (akademik S.P.Tolstov nuqtai nazari). Akademik Karim SHoniyozov ham so‘nggi fundamental tadqiqoti "Uzbek xalqining shakllanish jarayoni" asarini mana shu nuqtai nazar asosida yozgan edi.
Masalan, o‘zbek xalqi turkiy ildizining O‘rta Osiyoda ilk bor paydo bo‘lishi yoki turkiylarni faqat ko‘chmanchi xalq sifatida ta’riflash masalasi. Bu erda zamon va makon masalasi, qadimgi xalqlarning tabiiy-geografik sharoitga, ekologik vaziyatga moslashib xo‘jalik yuritish an’analari hisobga olinmagan. Natijada, fanda ba’zi bir anglashilmovchiliklar paydo bo‘ldiki, bunga ko‘ra, O‘rta Osiyoning turkiy tilli qabilalari "kelgindi", qadimiy eronizabon xalqga nisbatan esa "tubjoy" aholi deb qarash tasavvuri paydo bo‘ldi. Aslini olganda bu noto‘g‘ri qarashlar bo‘lib hisoblangan.
Birinchidan, milliy avtoxtonizm nazariyasiga ko‘ra, "O‘rta Osiyo xalqlarining barchasi hozirda yashab turgan hududlari bilan azaldan bog‘liqligi" tasdiqlansada, ammo o‘zbek xalq etnogenezining boshlang‘ich nuqtasi Turk xoqonligidan boshlanadi, degan tezis o‘rtaga tashlanib, o‘zbek xalqining turkiy ildizini dastlab ilk o‘rta asrlar davri bilan, keyinroq esa antik davr bilan chegaralab qo‘yildi, Natijada, fanda, ushbu zaminning unga qadar tarixi va boy madaniy merosi faqat eronizabon xalqlarga tegishli, degan xulosa chiqarishga o‘rin qoldirildi.
Ikkinchidan, odatda ko‘chmanchi qabila va elatlar hech qachon bir joyda muqim yashamaydi. Ular doim ko‘chib yuradi. CHunki ularning xo‘jalik asosi va turmush tarzi shuni taqozo etadi. Moddiy madaniyat va yozma manbalarga ko‘ra, Dashtiqipchoq o‘z tabiiy-geografik sharoitiga ko‘ra, ko‘chmanchilarning azaliy vatani bo‘lsada, u erlarda yashagan hunnlar, usunlar, qarluq va chigil, argun va tuxsi, kaltatoy va qangli, qirg‘iz va uyg‘ur, Oltoy turklari va ularning ajdodlari xuddi, sak-skif qabilalari hech qachon bir joyda muqim yashamagan. Ular nafaqat bepoyon buyuk turk dashtida, balki O‘rta Osiyoning qadimgi dehqon jamoalari tomonidan o‘zlashtirilmagan daryo havzalari va cho‘llarida ham o‘z chorva mollarini yaylovlarda boqib ko‘chib yurgan. Ko‘chmanchilarning kambag‘al qismini bir bo‘lagi har safar bu zaminda qolib ketib, sekin-asta o‘troq turmush tarziga o‘ta boshlaydilar. Bu jarayonning bir necha asrlar davomida muntazam takrorlanishi va uning doimiy tarixiy voqelikka aylanishi O‘rta Osiyoning Amudaryogacha bo‘lgan hududlarini bronza davridan boshlab Turon zamin deb atalishiga, uning turkiy-go‘y qabilalarini esa Turonzaminning tubjoy aholiga aylanib ketishiga olib kelgan.
O‘rta Osiyo saklari ("Avesto"da turlar, ularning aslzodalari oriylar) o‘z navbatida buyuk turk cho‘lining markaziy va sharqiy Qozog‘iston, Tog‘li Oltoy, O‘ral, Enisey va O‘rxon daryolari havzalarigacha kirib borganlar va u joylarning hukmron turkiy til muhiti ta’sirida turkiylashganlar. Demak, qadimgi sak-skif qabilalariga xos ikki tillilik juda keng turk-sug‘diy etnomaydonda yuz bergan iqtisodiy va siyosiy hamda madaniy jarayonlar maxsuli ekanligi haqiqatga yaqindir. Demak, O‘zbekiston deb atalmish ona zaminimiz asosiy xalqining har ikki etnik qatlami ham turk-sug‘diy etnomaydonda juda qadim-qadim zamonlardan birga yashab, tarkib topgan tubjoy- avtoxton aholi hisoblanadi.
Afsuski, hozirgacha murakkab tarixiy jarayonlarning bunday siyosiy jihatlari tahlil qilinmay, mintaqaning tubjoy aholisi faqat eroniy tilli xalqlar bo‘lgan deb, ular bilan birga yagona hududiy kenglikda turkiy qavmlar ham yashaganligi hisobga olinmay, qadimgi Turondagi turkiy etnosni inkor etish darajasigacha olib kelindi. Bunday qarashni sobiq sovet davri tarix fanining darg‘alari YU.Bregel, S.P.Tolstov, aka-uka Dyakonovlar, turkolog, B.A.Litvinskiy, B.G‘.G‘ofurov, V.M.Masson, va boshqalar fanga olib kirdilar. Bu qarash butun bir avlod ilmiy jamoatchiligi ongiga singdirildi. Arxeologiya va paleoantropologiya materiallari tahlili ham shu qarashga bo‘ysundirildi. Bunday qarashning fanda hukmron bo‘lishida O‘rta Osiyodan topilgan yozma yodgorliklar tili asos bo‘ldi. YAqingacha O‘rta Osiyodan topilgan qadimgi yozuvlar faqat xorazmiy, bohtariy, sug‘diy tillarida bitilgan, demak tubjoy aholi eroniy tilli bo‘lgan, deb ta’kidlab kelindi. Hatto turkiy yozma yodgorliklar ham o‘z nomi bilan atalmay, "noma’lum yozuv" deb e’lon qilindi.
Biroq bundan yozma yodgorliklar tilining etnogenez muammosi echimida o‘rni yo‘q, degan ma’no chiqmaydi. Qadimgi siyosiy uyushmalar va davlatlardagi rasmiyat va mahkamalar tili hech qachon shu uyushmalar hududida yashagan har xil etnik qatlamlar tilini, ularning etnik tarkibini to‘liq aks ettira olmaydi. O‘rta Osiyodagi ikki tilli xalqlarning aralashib yashashi, ular orasidagi bir-birlariga yaqinlashish va integratsiya jarayonlari turli etnik qatlamlar yaratgan mushtarak madaniyat, fan va ma’naviyat hamda siyosiy hokimiyat oxiroqibatda, o‘zbek va tojik qardosh xalqlarining deyarli bir vaqtda shakllanishiga olib kelgan.
O‘zbek xalqi etnik shakllanish jarayonlari
YUqorida o‘zbek xalqining shakllanish tarixi uzoq davom etgan etnogenetik jarayon natijasidir, dedik. Bu jarayon ya’ni o‘zbeklarning etnogenezi XI asrgacha davom etadi va u g‘arbiy qoraxoniylar davlati doirasida, XI- XII asrlarda o‘zbek xalqi uzil-kesil shakllandi. SHundan so‘ng o‘zbek xalqining etnik tarixi boshlandi. O‘zbeklarning etnik tarixi davomida, unga keyinroq qo‘shilgan etnik komponentlar uzilkesil shakllangan o‘zbek etnosi tarkibini deyarli o‘zgartirib yubora olmadi, balki uning bag‘rida etnik guruxlar sifatida uzoq vaqt yashab, ma’lum bir tarixiy davrdan so‘ng o‘zbek xalqi tarkibiga singib ketdi
O‘zbek xalqining millat sifatidagi tarixi XIX asr oxiri XX asr boshlaridan boshlanadi. Millat shakllanishi ham xalqning tarkib topishi kabi uzok. davom etadigan tarixiy va etnomadaniy jarayon bo‘lib, millat etnik tarixning eng yuksak yuqori cho‘qqisi, kamolat bosqichidirki, bu bosqichga ko‘tarilgan xalqning davlati millat nomi bilan yuritiladi, u suveren davlat sifatida ichki va tashqi siyosatini mustaqil yuritadi, millat tili davlat tili maqomini oladi, uning davlat chegaralari qat’iy, daxlsiz bo‘lib, jahon hamjamiyati tomonidan tan olinadi, millatning o‘zlikni anglash darajasi yuksak, milliy g‘urur, vatanga fidoyilik, ona zamin va xalqiga sodirushk millat fuqarolari hayotining mazmuniga, kundalik turmush tarziga aylanadi, millatga xos mentalitet shakllanadi, davlat jamiyat tomonidan botiqariladi, ya’ni davlat millatning xohish-irodasini bajaruvchi mexanizmga aylanadi.
Millatni til, territoriya va etnomadaniy jixatdan birlashtiruvchi omil iqtisodiy negizdir. Millatning iqtisodiy-xo‘jalik birligi asosida til va territoriya hamda etnomadaniy birliklar paydo bo‘ladi. Millatning iqtisodiy va siyosiy birlashishi xalq so‘zlashuv tilining (laxjalarining) yaqinlashishi asosida yagona milliy adabiy tilning paydo bo‘lishiga olib keladi. Uning davlat tili maqomi darajasiga ko‘tarilishi esa millat nomi bilan atalgan davlatning mustaqillik belgilaridan nishonadir. Davlat pul birligining paydo bo‘lishi va jaxon bozoridagi mavqei, uning iqtisodiy qudratidan nishonadir. Uning mustaxkam zamini davlat iqtisodiy, siyosiy va mafkuraviy siyosatining barqarorligiga bog‘liq.
4.3. O‘zbek xalqining kelib chiqishi haqida maxsus tadqiqotlar va ular haqida yozilgan asarlar ko‘p emas. Ammo bu masalada taniqli sharqshunos va arxeolog olim, professor A.YU.YAkubovskiy, Xorazm tarixining chuqur bilimdoni professor S.P.Tolstov, akademiklar YA.G‘ulomov va K.SHoniyozovlarning xizmati katta. 1941 yilda prof. A.YU.YAkubovskiy "O‘zbek xalqining yuzaga kelishi masalasi haqida” risolasi muhim o‘rin tutadi. Ushbu risola ruhiyati asosida 1942 yilda Toshkentda O‘rta Osiyo xalqlarining etnogenezi masalalari bo‘yicha maxsus sessiya o‘tkazildi. Sessiyada taniqli olimlar: A.D.Udalsev "Etnogenetik tadqiqotlarning nazariy asoslari", S.P.Tolstov "O‘rta Osiyo etnogenezining asosiy muammolari" hamda "Orol etnogenetik jarayonlar maydoni", L.V.Oshanin "Antropologiya ma’lumotlari O‘rta Osiyo xalqlari etnogenezi haqida elementlar", N.A.Kislyakov "Tojiklarning yuzaga kelishi masalasi haqida", V.V.Ginzburg " Antropologiya ma’lumotlari tojiklar etnogenezi haqida", A.YU.YAkubovskiy "Turkman xalqining VIII asrlardagi etnogenezi tarixidan" mavzularida ma’ruzalar qilishib, O‘rta Osiyo xalqlari etnogenezi va etnik tarixining asosiy yo‘nalishi va ilmiymetodologik asoslari belgilab olindi. Mana shu konseptual yo‘nalishda 1962 yilda ko‘p jildlik "Jahon xalqlari tarixi"ning O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlariga bag‘ishlangan qismi chop etilib, uning "O‘zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi" bo‘limida, "tarixning ilk bosqichlaridanoq sug‘orma dehqonchilik bilan qadimdan shug‘ullanib kelgan eroniy tilli mahalliy aholining ma’lum qismi Zarafshon, Farg‘ona, CHoch va Movarounnahrning dasht sahrolari va boshqa vohalariga hamda qadimgi Xorazmga kirib kelgan turkiy qabilalar bilan bir necha asrlar davomida aralashib yashashlari natijasida til jihatidan turkiylashadilar. O‘z navbatida, turkiy xalqlar ham eroniy tilli xalqlarning madaniy ta’siridan bahramand bo‘lib, ulardan xo‘jalik yuritish usullarini, dehqonchilik sirlarini o‘rgandilar. X1-XII asrlar etnik aralashuv va turklashish jarayonining eng jadallashgan vaqti bo‘lib, aynan shu asrlarda Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i hamda Xorazmda turkiyzabon xalqning asosiy o‘zagi shakllanadi. Keyinchalik bu xalq (etnos) o‘zbek etnik nomini qabul qilgan", degan mazmunda O‘rta Osiyo xalqlari etnogenezining asosiy ilmiy yo‘nalishi belgilab olindi.
O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi bo‘yicha keyingi yillardagi tadqiqotlar mana shu ilmiy-metodologik yo‘nalishda olib borildi hamda uning echimiga qator aniqliklar kiritildi. Ana shunday fundamental tadqiqotlardan biri akademik Karim SHoniyozovning vafotidan so‘ng 2001 yilda "SHarq" nashriyotida chop etilgan "O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni" nomli monografiyasidir. Ammo bu mavzuda oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun hozirgacha maxsus darslik yoki qo‘llanma yaratilmagan. Biz fikr yuritayotgan asarda o‘zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi bo‘yicha turli qarashlar va yondashuvlar asosida yozilgan ilmiy maqolalar, risola va monografiyalarning qisqacha tahlili va muallifning nuqtai nazari bayon etilgan. Ushbu asar talabalar va o‘z xalqining kelib chiqishiga qiziquvchi kitobxonlar uchun qo‘llanma rolini o‘ynashi mumkin.
Tarixiy manbalar asosida keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar samarasi sifatida Markaziy Osiyodagi etnik jarayonlarning ilk tarixiy ildizlariga tayanib, turkiy xalqlar jumladan, o‘zbek xalqining shakllanish jarayoni konsepsiyasini yaratgan akademik K. SHoniyozovning «O‘zbek qarluqlari» va «Qarluq davlati va qarluqlar» nomli tarixiy-etnografik monografiyalari diqqatga sazovor2. Mazkur asarlar ko‘pgina adabiyotlar va arxeologik manbalar, etnografik ma’lumotlar, shuningdek, muallifning ko‘p yillik kuzatishlari asosida yuzaga kelgan bo‘lib, unda biz tadqiq qilgan vohada yashovchi qarluqlarning etnik tarixi, xo‘jaligi, moddiy va ma’naviy madaniyati borasida e’tiborga sazovor mulohazalar bildirilgan.
I.Jabborovning «O‘zbeklar» nomli etnografik asarida Markaziy Osiyoning eng qadimgi etnoslaridan biri bo‘lgan o‘zbeklarning kelib chiqishi, etnik jarayoni va shakllanishi hamda joylashishi kabi bir qator masalalar yoritib berilgan3.
Mintaqada yashovchi aholining etnik tarkibi va etnik tarixi masalalarini o‘zaro uzviylikda o‘rgangan tadqiqotchi A.R. Qayumovning qator maqolalarida ham voha hududida yashovchi chig‘atoylar, qo‘ng‘irotlar, qatag‘onlarning etnik xususiyatlari yoritib berilgan.
4.4. Surxon vohasi tarixi, etnografiyasi va ilk shaharsozlik madaniyatlari qadim davrlarga borib taqaladi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimov 2009 yil 25-avgustda Termiz davlat universitetiga tashrifi jarayonida, Surxon vohasi moddiy va ma’naviy madaniyatiga alohida e’tibor berib, “Surxondaryo – etnografik makon” deya- ta’kidlagan edi.
Surxon vohasi aholisining etnik xususiyatlari tarixi ilmiy adabiyotlarda shuningdek, turli davrlarda mintaqaga kelgan sayyoh olimlar, tadqiqotchilar tomonidan yozib qoldirilgan. Xususan, 1863 yilda Samarqand, Buxoro, Xiva hamda boshqa yirik shaharlarni o‘rgangan major sayyohi va sharqshunos X. Vamberi 32 ta o‘zbek urug‘i ro‘yxatini keltiradi4.
O‘zbeklarning etnik tarkibi masalasida mulohaza yuritgan rus tadqiqotchisi A.D. Grebenkin Zarafshon vodiysida yashovchi o‘zbek va tojiklar, xususan, mang‘it, ming, nayman, yuz, jaloyir, tuyoqli, qirq kabi yirik urug‘larning kelib chiqish tarixi, antropologik va etno-hududiy xususiyatlari borasida qator diqqatga sazovor mulohazalarni bildirgan5. O‘z navbatida ta’kidlash kerakki, ushbu urug‘larning kelib chiqish tarixi va an’anaviy madaniyati SHimoliy Surxon vohasidagi o‘zbek urug‘lari bilan o‘zaro umumiylikka ega bo‘lgan.
N.A. Maev 1875 va 1878 yillarda Hisorda o‘tkazgan ekspeditsiyasi ma’lumotlari asosida yozgan tadqiqotida Surxon vohasida yashovchi qo‘ng‘irot, do‘rmon, qatag‘on, yuz, laqaylar va mintaqadagi tojiklarning etnik xususiyatlari hamda turli etnografik guruhlar voha bo‘ylab joylashishining o‘ziga xosliklari borasida etnografik ma’lumotlarni bayon qilgan.
Buxoro amirligida harbiy maqsadlarda tadqiqotlar olib borgan D.N. Logofet esa vohada yashagan o‘zbek urug‘lari hamda ularning geneologiyasi haqida to‘xtalgan. SHuningdek, vohadagi etnografik guruhlarning tutgan mavqeiga qarab ketma-ketlikdagi ro‘yxatini keltirgan. Ro‘yxatda bayon qilingan etnografik guruhlardan qo‘ng‘irot, qatag‘on, yuz, do‘rmon, turk, qarluq, jaloir, laylagan, mang‘it kabi urug‘lar Surxon vohasida istiqomat qiladi6.
XX asrning birinchi choragidan boshlab O‘rta Osiyo xalqlari, xususan, Surxon vohasi etnografiyasini o‘rganish borasida ayrim jiddiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Xususan, O‘rta Osiyoni rayonlashtirish bo‘yicha maxsus komissiya 1924 yil sentyabrdan 1925 yilning fevraligacha ish olib borgan. Bu komissiya materiallarida I.P. Magidovich tomonidan tayyorlangan Surxon vohasining ma’muriy tuzilishi statistik ma’lumotlar asosida berib o‘tilgan bo‘lib, aynan mazkur ma’lumotlar tadqiqotimiz uchun ahamiyatlidir.7
Rus etnograf olimi L.P. Potapov 1928 yil O‘zbekistonning janubiy hududlari bo‘ylab o‘tkazgan ekspeditsiyasi davomida yiqqan ma’lumotlari asosida chop qilgan maqolasida voha aholisining etnik tarkibi, moddiy va maishiy turmush tarzi kabi masalalarga to‘xtalib o‘tgan. Uning bu ekspeditsiyada to‘plagan dala materiallari olim vafotidan so‘ng to‘laligicha Germaniyada nashr qilindi. Aynan mazkur asar Surxon vohasi aholisining etnik tarkibi va turli etnografik jamoalarning mintaqada joylashish xususiyatlarini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qildi.
Surxon vohasini etnografik yo‘nalishda o‘rganish borasida o‘ziga xos davr bo‘lgan deb aytish mumkin. CHunonchi bu borada janubiy O‘zbekiston va Tojikiston hududlari aholisining etnik tarixi masalalari yuzasidan 1945 yildan boshlab to XX asrning 80-yillarigacha ilmiy tadqiqotlar olib borgan elshunos olima B.X. Karmisheva tadqiqotlari muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi. Aynan mazkur muallif tomonidan qariib qirq yil davomida olib borilgan etnografik kuzatuvlar natijasi tarzida e’lon qilingan monografiyada voha aholisi etnik guruhlaridan qo‘ng‘irot, yuz, qatag‘on, turk kabi etnografik guruhlar, shuningdek, turkman, tojik, arab va boshqa etnoslar tarixiga oid muhim ilmiy materiallar bayon qilingan8.
XX asrning 50-yillarida Surxon vohasi aholisini antropologik jihatidan o‘rgangan Q. Najimovning ilmiy tadqiqotlarida voha aholisining antropologiyasi bilan bir qatorda Surxon vohasida yashovchi yuz, qatag‘on, turk, do‘rmon kabi urug‘larning etnik tarixi kabi masalalarga ham e’tibor qaratilgan9.
Umuman olganda, voha aholisining etnik tarixiga bilvosita va bevosita aloqador bo‘lgan ushbu tadqiqotlar bir-biridan nafaqat turli davrlarda yozilganligi, balki turi, manbaviy asosi, hajmi, tadqiqot hududlaridagi etnoslarni qamrab olish darajasi bilan ham farqlanib turadi.
Surxon vohasining qadimgi va o‘rta asrlar davriga oid doimiy turar-joylarini ilmiy asosda tadqiq qilishda arxeolog va tarixchi olimlardan G.A. Pugachenkova, E.V. Rtveladze, A.A. Asqarov, S.N. Tursunov, T. Annaev, SH. SHaydullaevning tadqiqotlari tahsinga sazovordir10.. Aynan mazkur mutaxassislar uzoq yillar davomida olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida o‘zbek xalqining tog‘ me’morchiligiga bag‘ishlangan bir necha ilmiy asarlar yozgan. Jumladan, D.Nozilovning Janubiy O‘zbekiston uy-joylari me’morchiligiga bag‘ishlangan ishlarida Surxondaryoning tog‘li tumanlaridagi Por, Pushtibarak, Karsak, CHosh, Nilu, Xufar, Sangardak, Maland kabi qishloqlardagi uy-joylarning qurilish uslubi, tarhi, dizayni xususiyatlari, xalq me’morchilik an’analari va qurilish-texnikaviy usullariga oid qimmatli ma’lumotlar bayon qilingan.
O‘zbekistonning turli hududlari aholisi an’anaviy turarjoylari K. Zadixina, B. Karmisheva, K. SHoniyozov, H. Ismoilov, O. Ibragimov, I. Jabborov, O. Bo‘riev, G. Zununovalar tomonidan ham tadqiq etilgan. K. Zadixina Quyi Amudaryo vohasida joylashgan o‘zbeklarning turarjoylariga to‘xtalgan bo‘lsa, B. Karmisheva esa Janubiy Tojikistonda yashovchi o‘zbeklarning turarjoylari masalasini yoritib bergan va o‘zbeklar orasida ko‘chma uylarning turlari haqida to‘xtalib o‘tgan. Aynan mazkur tadqiqotlar o‘lka tarixini o‘rganishda o‘ziga xos muhim manbalardan biri hisoblanadi.
Termiz davlat universiteti professori S.N. Tursunov tomonidan Surxondaryo viloyati Boysun, SHerobod, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, SHo‘rchi, Termiz tumanlari tarixiga bag‘ishlangan monografiyalarida, shuningdek, Surxon vohasi etnografiyasi va aholining etnik xususiyatlariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlari voha tarixini yoritishda muhim manbalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Ushbu tadqiqotlarda ham masalani qiyosiy o‘rganishda va bir-birini to‘ldiruvchi material sifatida ma’lum ma’noda tarixiy o‘lkashunoslik fani uchun ham nihoyatda ahamiyatlidir11. Ushbu ilmiy asarlarda Surxon vohasi tarixi, etnografik jihatlari, an’anaviy turar-joylar, moddiy turmush tarzi va madaniyati xususida keng qamrovli ma’lumotlar keltirib o‘tilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |