6-Mavzu: Toponimik manbalarning o‘lka tarixini o‘rganishdagi ahamiyati (6 soat)
Reja:
1. Toponimika tushunchasi va uning turlari.
2. Toponimika va tarix fanining o‘zaro aloqadorligi va uning ilmiy o‘rganilishi.
3. Dunyo mamlakatlari toponimikasi ilmiy o‘rganilishi.
4. Mustaqillik yillarida toponimikaning rivoji.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar :
Toponomika. Joy nomlari. Gidronimlar. Joy nomlarining kelib chiqishi. Toponimik nomlar tahlili. Toponimikada geografik nomlar. Toponimika ikki ob’ektdan: mikro va makro toponimlardan iborat bo‘lib, mikrotoponimika- grammatik jihatdan mayda ob’ektlarni, ya’ni «turdosh otlarni», mikro ob’ektlarning‘ nomlarini, makrotoponimika esa atoqli otlar, ya’ni yirik ob’ektlarning nomlarini o‘rganishi, toponimika va tarixiy geografiya o‘zaro aloqadorligi, O‘zbekistondagi joy nomlarining toponimik tahlili, dunyo mamlakatlari toponimimlari, mustaqillik yillari toponimikaning rivojlanishi.
6.1.Mamlakatimiz tarixini o‘rganishda joy nomlarini bilish, o‘rganish, uni himoya qilish millatning burchi bo‘lishi bilan birga, uning ma’no-mazmunini tushunish, nima sabab bilan shu nom kelib chiqqanligini aniqlash muhim masaladir. Albatta, joy nomlarini qo‘yishda mamlakat hududida yashayotgan boshqa millatlarning, elatlarning ham qadriyatlarini hurmat qilish, ularni tushunib, ma’no-mazmunini anglab etish alohida qimmatga ega. Bizga ma’lumki, bir mamlakatda, bir hududda hech qachon bir millat sof holatda shakllanmagan va shakllanmaydi ham. Xalqlar, tillar, lahjalar hamisha bir-biriga yaqin va mushtarak bo‘lib, elatlar bir hududda yashab bir-birlari bilan doimiy madaniy-iqtisodiy aloqada yashab keldilar. O‘zbekiston milliy mustaqil davlat bo‘lib tashkil topgach, boshqa sohalar kabi joy nomlari masalasiga ham alohida e’tibor berila boshlandi.. Qo‘yilgan qadimiy joy nomlaridan tortib hozirgi qo‘yiladigan joy nomlarigacha ilmiy tahlil qilish, ularning tarixiy ma’nolarini anglab etishga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Turli xil ma’nosiz, asossiz, zo‘rma-zo‘rakilik bilan nom qo‘yish, mustabid tuzumni aks ettirgan, xalq va vatan manfaatiga xizmat qilmagan shaxslarning nomlarini qo‘yishda ehtiyot bo‘lish bosh mezondir. Boisi har bir joy nomi o‘sha til vakili tili bilan ataladi, ma’no-mazmuni izohlanadi, sharhlanadi, umuman, joy nomlarini tushunish va tushuntirish katta mehnat evaziga erishiladi. Til insonga tabiat in’om qilgan bebaho, betakror hamda mislsiz mo‘‘jizadir. Fikrni ifodalash til orqali amalga oshadi. Aytish mumkinki, bu qobiliyat insonga berilgan noyob hodisadir. Til o‘sha millatning ma’naviyati, madaniyati, falsafiy-diniy e’tiqodlari, axloqiy-estetik qarashlari, maishiy hayoti, turmushiga oid tushuncha va tasavvurlarni o‘zida ifodalaydigan ulug‘ vositadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |