Tutqovul makoni. Tutqovul makoni 1956 yil A.P.Okladnikov tomonidan kashf etilgan bo‘lib, makonni keyinchalik V.A.Ranov 1963-64 yillar mobaynida atroflicha o‘rgangan. Makonning umumiy maydoni 1 gektarga yaqin joyni egallaydi. V.A.Ranov tadqiqoticha, Tutqovul makoni 2a gorizonti mezolit davri jamoalariga tegishli va bu qatlam ustida joylashgan 2-madaniy qatlam esa neolit jamoalari moddiy madaniyatiga tegishlidir. Tutqovul makoni 2-madaniy gorizonti qalinligi 0,4 – 2 metrni tashkil etadi. Bu qatlam arxeologik manbalar asosida 3 ta gorizontga V.A.Ranov tomonidan bo‘lingan. 1-gorizont 10-15 sm qalinlikda bo‘lib, qoramtir rangli qatlam hisoblanadi. 2-gorizont nisbatan qalinroq va ko‘p kvadrat maydon sathida madaniy qatlam o‘rganilgan. Bu qatlamdan to‘g‘ri burchakli, suyri va aylana shaklda bo‘lgan o‘choq qoldiqlari topilgan. Qizig‘i shundaki, o‘choqlarning aylanasiga qator qilib toshdan terilgan devorlari ham saqlangan. Ana shu 2- gorizontdan hammasi bo‘lib 40 mingdan ortiq tosh buyumlar kolleksiyasi topilgan. Tutqovul makonidan neolit jamoalariga tegishli bo‘lgan qimmatli ashyoviy dalillar topilgan. SHuningdek, bu erda ibtidoiy kishilarning yarim erto‘la shaklidagi uy-joy qoldig‘i topilgan bo‘lib, u Kaltaminorliklar chaylasiga o‘xshash qiyofada bo‘lgan. Bu makondan topilgan qimmatli topilmalardan biri neolit odamlarining qoldiqlari topilishi hisoblanadi. Madaniy qatlamdan 2 ta katta odamning va 2 ta bolaning qabrlari topildi. Ulardan katta yoshdagi ayolning qabri yaxshi saqlangan bo‘lib, jasad g‘ujanak, qo‘l oyoqlari bog‘langan holda Dafn qilingan ekan. Antropologik analizlar bu odam qoldiqlarining cho‘ziq boshli evropoidlarga o‘xshash irqli kishilarga ta’lluqli ekanligini isbotladi.
Tutqovul makoni, Hisor madaniyatiga doir boshqa yodgorliklardan o‘zining tosh qurol-aslahalariga serobligi bilan ham farq qiladi. Qurol yasash uchun xom ashyo sifatida makon aholisi turli navli toshlardan- chaqmoqtoshdan, ayniqsa, qayroqlardan keng foydalanganlar. Makon kishilari mahalliy xom ashyodan tashqari Amudaryo sohillaridan ham chaqmoqtoshlarni keltirib foydalanganlar.
Makondan turli funksiyalarni bajarishda qo‘llaniladigan qurollarning 16 xili topilgan. Bu esa hisorliklar turmush xo‘jaligining birmuncha rivojlanganligidan dalolat beradi. SHulardan trapetsiya turidagi ponasimon qurollar, o‘roq tig‘i uchun qadamatoshlar, pichoqlar, randalar turmushda muhim qurol turlari hisoblangan. Makondan topilgan qo‘l chopqilari (chopper va choppinglar), silliqlash usulida ishlangan boltalar, pichoqlar va boshqa bir necha turli qurollar qayroq toshlardan yasalgan. Ayrim qurollar, jumladan, qirg‘ichchalar, qirg‘ich va randalar boshqa turli tosh jimjimalaridan yasalgan. CHaqmoqtosh qayroqlaridan yasalgan chopqich qurollar uchramaydi. Aksincha, trapetsiya, qadama toshlar, paraqa uchiga yasalgan qirg‘ich kabi qurollar deyarli chaqmoqtoshdan yasalgan.
Hisor madaniyatining eng xarakterli xususiyatlaridan biri, qayroq qurollarining serobligidadir. Bu erda qayroq toshlardan o‘ziga xos texnika uslubida qurol yasalgan. Bu texnika paleolit davridagi chopper va chopping qurollarini yasash traditsiyasini eslatadi.
Qayroq qurollarning ko‘pchiligi ushatgich (otboynik), chopqich, burdalash qurollari sifatida daraxtlarni qirqish uchun qo‘llanilgan. Hisor neolit yodgorliklaridan, ayniqsa qurol-aslaha yasashda hosil bo‘lgan chiqindilar – tosh parchalari ko‘p uchraydi. Bulardan, o‘tkir qirralilari qo‘shimcha kertuvsiz ham kechuvchi qurollar sifatida foydalanilgan. Tutqovulliklar toshlarni silliqlash usuli bilan ham qurollar, jumladan boltalar yasashgan. Qo‘l yorg‘uchoqlarining juda oddiylari uchraydi. Bunday uskunalar uchun yalpoqsimon toshlar tanlangan, donni ezish uchun turli hajmdagi, ko‘pincha qumlik granit toshlar qo‘llanilgan. Tutqovul tosh industriyasida chaqmoqtosh o‘zaklari uchraydi. Ulardan mikroparaqachalar ajratib olingan va ular turli keskich qurollarining qadama tig‘lari sifatida foydalanilgan. Qirra tomonlari o‘tmaslangan paraqachalar Tutqovulning mezolit va Hisor komplekslarida uchramaydi. Makonning yuqori qatlamida juda mayda tarzdagi trapetsiya, qirrali randa, paraqadan yasalgan botiq tig‘li qurollar Joytun madaniyati materiallarida kamroq uchrasada, kaltaminorliklar yodgorliklarida ko‘proq kuzatiladi.
Tutqovul makonidan topilgan tosh buyumlarning 30 foizini chaqmoqtosh tashkil qiladi. Bu xom ashyodan turli qurol-aslahalar ishlab chiqilgan. Umuman, hisorliklar xo‘jaligida asosiy rolni «qayroq element»lari tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |