8.Obishir madaniyatlarining o‘ziga xos xususiyatlari.
9. Toshkent va Surxondaryo mezolit yodgorliklari.
10.Zarautsoy qoyatosh rasmlar.
O‘rta Osiyo arxeologiyasi: neolit davri
Neolit davriga umumiy tasnif, xronologik chegarasi, pleystotsen va golotsen davri ekologik sharoitlar, Joyitun, Kaltaminor, Hisor, Markaziy Farg‘ona, Sazog‘on, Ustyurt neolit madaniyatlari va ularning asosiy yodgorliklari, madaniyatlarning o‘ziga xos xususiyatlari, neolit davri ijtimoiy tuzumi, aholi turmush tarzi, “neolit inqilobi” iqtisodiy xo‘jalik asoslari, chaqmoqtosh ustoxonalari va shaxtalari, kasbiy ixtisoslashuv, ma’naviy madaniyati-qoyatosh rasmlari, diniy e’tiqodi, qabrlar, etnik birikmalar, antropologik tiplar, madaniy aloqalar, madaniyatlar genezisi
Neolit davriga umumiy tasnif, davr tarixshunosligi, xronologik chegarasi, pleystotsen va golotsen davri ekologik sharoitlar.
Kishilik tarixi taraqqiyoti tosh davri moddiy madaniyatini o‘rganishda tosh davrining yakunlovchi, so‘nggi bosqichi bo‘lmish neolit davrining ham o‘ziga xos o‘rni bor. Neolit( yangi tosh asri) davri esa tosh asrining so`nggi, yakunlovchi bosqichi hisoblanib, mil. avv. 6-4 ming yilliklarni o`z ichiga oladi. Neolit atamasi fanga ingliz arxeologi D.E. Lebbok tomonidan 1865 yilda kiritilgan. Neolit davri jamoalarining ijtimoiy tuzumi masalasiga e’tibor qaratadigan bo`lsak, hali ibtidoiy urug`chilik davri bo`lib, jamoaviy ishlab chiqarish, mehnat qilishning umumiyligi, barcha sohalarda urug` mulkchiligining hukumronligi bu davrning asosiy xususiyatlari bo`lgan. Shuning uchun ham neolit davri fanda matriarxal urug`chilik tartiblarining gullagan davri hisoblanadi. Neolit davrida kemasozlik, tuqimachilik, tikuvchilik, kulolchilik paydo bo‘ladi. Shu boisdan bo`lsa kerak, ayrim arxeologlar hatto neolit davrini «sopol davri» deb atashni taklif qilib chiqqan edilar. Tosh qurollarni yasash va ularga ishlov berish ishlari o‘z rivojining chuqqisiga chiqadi. Mehnat vositalarni takomillashtirish, xususan tosh, suyak va yog‘ochga ishlov berish an’anaviy uslublari yuksak cho‘qqiga erishadi. Ayniqsa, toshni silliqlash, parmalab teshish singari texnologiyalar kashf etilgan. Mikrolit qurollari esa yanada takomillashgan. Eng muhimi maxsulot ishlab chiqarish xo‘jalik asoslari, jumladan dehkonchilik va chorvachilik vujudga kelgan. Bu voqelik shubhasiz, ibtidoiy odamzod ijtimoiy tuzumi, kunlik turmush tarzi, xullas ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatining barcha sohalarda keskin, tub progressiv burilishlariga olib kelgan. SHuning uchun bu davrni ingliz arxeologi G.CHayld «neolit inqilobi» atamasi bilan fanga kiritgan bo‘lib mutaxassislar tomonidan adabiyotlardan keng qo‘llanilib kelinmoqda.
Keyingi 3 ming yillik davomida odamzodning jamiyati, urug‘chilik jamoasi takomillashdi, oila mustahkamlandi va ular barqarorroq faoliyat ko‘rsata boshladi. Odamzod iste’mol qiladigan tabiat maxsulotlari xili ko‘paygan, mehnat qurollari soni oshgan. Bu kabi yirik sotsial o‘zgarishlar zamirida 1-yirik ijtimoiy mehnat taqsimoti ro‘y bergan Dehqonchilikdan chorvachilik ajralib chiqqan. Vaqt o‘tishi bilan 2-yirik ijtimoiy mehnat taqsimoti dehqonchilikdan hunarmandchilik ajralib chiqishi esa yanada muhim sotsial o‘zgarishlarga olib keldi. Odamlar o‘rtasida kasbiy ixtisoslashish ro‘y berdi. To‘qimachilik, tikuvchilik, kemasozlik, kulolchilik sohalari tez rivojlandi. CHaqmoqtosh ustaxanalari va shaxtalar inson tomonidan yaratilgan innovatsiyalarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yashovchi qabilalar jamoasida tog‘lardan yuqori sifatli xom ashyo konlarini izlab topish va ulardan chaqmoqtosh qazib oluvchi konchilar guruhi paydo bo‘ladi. Xom ashyo, dastavval tog‘ yuzasiga chiqib qolgan tosh xarsanglaridan sindirib olingan, so‘ngra qazib chiqarilgan. Buning uchun o‘ra va lahmlar kavlanib, konlar barpo etilgan. Bunday shaxtali neolit davri konlari biri Navoiy viloyatining Uchtut qishlog‘i yaqinida aniqlanib, tadqiq etilgan (mil. av. 5-3-ming yilliklarga mansubdir.). Neolit davrida ishlab chiqarish iqtisodiyoti takomillasha borgan. Aholining o‘troqlashishi jarayoni ro‘y berib natijada muqim yashaydigan qishloqlar vujudga keldi. Bu qishloqlar qurilishi, ulardagi imoratlar, ibodatxonalar va vaqt o‘tishi bilan ularda mudofaa ahamiyatiga molik devorlar qurilishi uchun shu sohada ma’lum bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis odamlar kerak bo‘lgan. SHu sababli kasbiy ixtisoslashgan odamlar toifasi shakllangan.
Jamiyat tuzilmalarining murakkablashishi bilan, ya’ni ekinlar ekilishi, sug‘orish inshoatlari, hosilni yig‘ib olish, yaylovlar tanlash, imoratlar qurilishi kabi murakkab ishlarni tashkil etuvchi va nazoratini olib boruvchi, diniy e’tiqod, urf- odat marosimlarini boshqarib boradigan malakali, bilimdon, qobiliyatli kishilar jamoadan ajralib chiqa boshlaydi. Bular kohinlar, sardorlar, harbiy kishilar bo‘ldi. Iqtisodiy munosabatlarda ham muxim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Umumjamoa mulkchiligi mustahkamlandi, jamoa a’zolarining, oilalarning maxsus soha bilan ixtisoslashuvi natijasida mahsulotlarni ayriboshlash sodir bo‘lib, bu jamoalararo o‘zaro iqtisodiy aloqalarini keltirib chiqardi. SHu tariqa asta-sekin jamiyatning dastlabki ijtimoiy-siyosiy elementlari shakllana bordi. Jamoada ijtimoiy tabaqalanish sodir bo‘ldi. Sardor, kohinlar, xarbiylar o‘zlariga yaxshi xosildor erlar, yaylovlarni tanlab egallay boshladilar, jamoaning boyligi ustidan boshqaruvni va nazoratni qo‘lga oldilar. Xullas, jamoaning a’nanaviy odatlari buzila boshladi.Insonning ma’naviy dunyosida o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Mehnat jarayonida tajriba, ko‘nikma va bilim oshib bordi. Atrof - muhit, tabiat hodisalarini odamlar kengroq tushuna borib, ular dunyoqarashlari boyidi. Rassomlik san’ati, musiqa, raqslar takomillashib bordi. Bu voqeiliklar ma’lum ma’noda miflar mazmuni bilan uyg‘unlashib ham ketgan. Bu esa kishilarning ongli harakatining mahsuli bo‘lib hisoblanadi. YUqorida zikr etilgan masalalar neolit inqilobi jarayoni tufayli kelib chiqqan sotsial o‘zgarishlar, tom ma’noda inson innovatsiyalari hisoblanadi. Jahon xalqlari sivilizatsiyalari shakllanishining tarixiy ildizlari ana shu sotsial voqeiliklar zamirida tomir otgan.
Neolit geologik davrlanish bo‘yicha asosan golotsenga to‘g‘ri keladi va bu davr tabiiy iqlim sharoiti, o‘simlik va hayvonot dunyosi ham nisbatan hozirgi zamonga yaqinligi bilan xarakterlanadi. Jumladan, oldingi taraqqiyot bosqichlariga qaraganda, yangi, tabiatan ma’qul hududlarni o‘zlashtirish jarayoni tezlashib aholilar nisbatan, tobora kengroq mintaqalarda yashay boshlaganlar. Xususan, O‘rta Osiyo miqyosida mezolit davrining oxiri, neolit davrida odamzod yashashi uchun qo‘lay ekologik muhit mavjud bo‘lib, bu davrda xususan, janubiy-g‘arbiy Ustyurt, Qizilqum ichki hududlari, Zarafshon va Amudaryo qo‘yi etaklari ibtidoiy jamoalar tomonidan deyarli o‘zlashtirib bo‘lingan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu vaqtda «Lavlakon namgarchiligi» deb ataluvchi tabiiy iqlim sharoitining vujudga kelganligi yangi mintaqalarni o‘zlashtirishga imkon bergan. SHu tarzda ibtidoiy jamoalar turli tabiiy ekologik muhitlarga tushib qolishib, bu holat ular turmush tarzini moslashishi zaruratini taqozo etgan va natijada bu jarayon o‘z navbatida turli neolit madaniyatlarining vujudga kelishi sifatida namoyon bo‘ldi.
O‘rta Osiyo hududida neolit davri nisbatan yaxshi o‘rganilgan. Bu davr moddiy madaniyatini o‘rganishda S.P.Tolstov, A.P.Okladnikov, V.M.Masson, YA.G‘ulomov, A.V.Vinogradov, U.Islomov, A.Asqarov, A.Muhammadjonov, M.Djuraqulov, E.Bijanov, R.Sulaymonov, M.Qosimov, T.Mirsoatov, V.A.Ranov, V.A.Jukov, A.G.Amosova, A.YUsupov, G.F.Korobkova, T.G.Filimonova, V.V.Timofeev, N.U. Xolmatov, D.M.Djurakulova singari arxeolog olimlarning tadqiqotlari samarali natijalar berdi. Ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida O‘rta Osiyoning janubiy-g‘arbiy mintaqalarida Kopettog‘ning quyoshga tushlov soy etaklarida ibtidoiy motiga dehqonchilik madaniyati (Joytun), Amudaryo va Zarafshonning quyi havzalarida, Qizilqumda ovchi-baliqchi urug‘ jamoalarining Kaltaminor madaniyati, Hisor tog‘ tizmalarining dara va yaylovlarida Hisor madaniyati, Farg‘ona vodiysida Markaziy Farg‘ona madaniyati, O‘rta Zarafshon vohasida Sazog‘on va Ustyurtda Ustyurt neolit jamoalari madaniyati ajratilib, ilmiy asoslandi va O‘rta Osiyo arxeologiyasi faniga kiritildi.
Ayni kunlarda ham O‘rta Osiyo sarhadlarida neolit davri jamoalari moddiy madaniyati tadqiqoti keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. SamDU arxeologlari O‘rta Zarafshon vohasida qator neolit yodgorliklarini topishdi, Surxandaryoda To‘da neolit makoni, Quyi Zarafshonda Ayoqag‘itma neolit yodgorligi tadqiq etilgan. Neolit yodgorliklari tadqiqotida xususan, O‘zbekistonda O‘zbekiston-Rossiya, O‘zbekiston-Fransiya, O‘zbekiston-Polsha, O‘zbekiston-YAponiya kabi hamkorlikdagi yirik xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar faoliyat ko‘rsatishib, izlanishlarda zamonaviy usullar, texnika, asbob-uskanalar qo‘llanilmoqda. Mazkur tadqiqotlar davrning paleoekologik, paleojug‘rofik, iqlimiy sharoitlari, inson va tabiat o‘zaro aloqalari masalasida shuningdek, neolit davri jamoalari ijtimoiy tuzumi, kunlik turmush tarzi, mashg‘ulotlari ma’naviy kechinmalari, diniy tasavvurlari, san’ati, turar joylari, madaniyatlar kelib chiqishi ildizlari, jamoalar qo‘ni-qo‘shnichilik madaniy aloqalari to‘g‘risida qimmatli ilmiy ma’lumot lar berdi.
Joyitun madaniyati. Janubiy Turkmaniston hududi Kopettog‘ yon bag‘rida tadqiq etilgan Joyitun jamoalari ilk dehqonchilik madaniyatining yaratuvchilari bo‘lishgan (mil.avv. VII ming yillik oxiri – VI ming yilliklar boshlari – IV ming yillik). Tadqiqotlarda e’tirof etilishicha, bu mintaqa Yaqin Sharq dehqonchilik madaniyati tarqalgan hududning shimoli-sharqdagi eng chekka qismi bo‘lgan. Joyitun madaniyati o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab B.A.Kuftin, A.A.Marushenko, V.M.Masson, O.K.Berdiev kabi arxeologlar tomonidan o‘rganildi. Ayniqsa, V.M.Masson o‘z tadqiqotlarida joyitunliklar madaniyatini atroflicha yoritgan. Mazkur hududda joyitunliklar madaniyatiga tegishli bo‘lgan 20 ga yaqin makonlar tadqiq etilib, muhim arxeologik manbalar qo‘lga kiritilgan. SHu manbalar asosida Joyitun madaniyati tosh industriyasi paraqali, mikrolitli industriya ekanligi ma’lum bo‘ldi. Joyitunliklar tosh o‘zaklaridan turli hajmda mikrolitlar ajratib olishib, ulardan qurol tig‘larini yasashda foydalanishgan. Joyitun, Chig‘illitepa kabi yodgorliklardan topilgan tosh buyumlarning 35-36 foizini o‘roq, tig‘lardan iborat qadama qurollar tashkil etib, deyarli barcha uylardan o‘roq, yorg‘uchoq, keli dastalari kabi dehqonchilik xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lgan asbob-uskunalar topilgan(44 –rasm).
Bular joyitunliklarning xo‘jalik mashg‘ulotlarini bilib olishimizda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur jamoalar, haqiqatdan ham O‘rta Osiyoda ilk dehqonchilik xo‘jaligi sohibkorlari bo‘lishgan. Joytunliklar makonlaridan turli o‘lchamli hamda ishchi tig‘iga ega bo‘lgan qirg‘ichlar, arra tishli qurollar, randa qurollari, pichoqsimon qurollar ko‘plab topilgan (45 –rasm).
Joyitun jamoalari madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari makonlardan ko‘plab topilgan sopol idishlarda ham namoyon bo‘lgan. Kulolchilik hunarmandchiligi borasida ham qimmatli ma’lumotlar olingan.
Bu jamoalar uchun oddiy usulda yasalgan, yaxshi pishirilgan, naqshli, tagi yassi bo‘lgan sopol idishlar xarakterli hisoblanadi. Sopol idishlar sirtida turli geometrik shaklda, to‘lqinsimon, tishsimon, to‘g‘ri chiziqli naqshlar uchraydi (46 –rasm).
. Joyitunliklar zeb-ziynat, taqinchoq, bezaklar yasash ishlarining ustasi bo‘lishgan: hayvon, parranda suyaklaridan, toshlar hamda chig‘anoqlardan turli bezaklar yasashgan. Makonlardan ko‘plab hayvonlar, hatto odam qiyofasi tasviri tushirilgan turli narsa-predmetlar ko‘plab topilgan. Bu predmetlar toshdan, loydan yasalgan bo‘lib, o‘ziga xos haykaltaroshlik san’atini namoyish etadi. Bu turdagi ashyolar kishilik ma’naviyati borasida qimmatli ma’lumotlar beradi. Ip yigirishda qo‘llaniladigan urchuqtoshlarning topilishi hamda sopol idishlar ichki devorlarida saqlanib qolgan mato izlari dastlabki oddiy to‘qimachilikning kashf etilganligidan dalolat beradi. Zikr etilgan sohalar neolit jamoalari turmushlarida erishilgan muvaffaqiyatlar hisoblanadi. Shuningdek, joyitun jamoalarining makonlari tadqiqida ibtidoiy me’morchilik, uy-joy imoratlari qurilishlari borasida ham qimmatli ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Joyitunliklar loy guvaladan bir xil o‘lchamli, bir xonali uylar qurishib yashaganliklari ma’lum bo‘ldi. Eng qiziqarlisi, makonlardan jamoat uchun xizmat qiluvchi umumjamoa uylari qoldiqlari topib o‘rganildi. Cho‘pontepa, Passejiktepa makonlaridagi antropologik topilmalar o‘rganilib, dafn etish marosimi bilan bog‘liq bo‘lgan urf-odatlar borasida qiziqarli ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Bu antropologik manbalarning SHarqiy Kaspiy bo‘yi jamoalari topilmalariga yaqinlik xususiyatlari borligi kuzatildi.
Zikr etganimizdek, joyitunliklar ilk dehqonchilik xo‘jaligiga ega bo‘lgan jamoalar hisoblanadi. Ular bug‘doy, suli, arpa, zig‘ir kabi boshoqli ekinlarni etishtirganlar. Bu ekinlar yomg‘ir suvi bilan sug‘oriladigan yoki selob toshqin suvlari bosadigan erlarga ekilgan. Ekinzorlarga so‘yil, uchi o‘tkir tayoqlar yordamida chuqalab erni yumshatish usulida ishlov berilgan. Motiga, ya’ni qo‘l omochlari muhim dehqonchilik qurollari sanalgan. Bu tipdagi qurollarda hayvon suyaklari va mikrolitlardan yasalgan o‘tkir tig‘lari bo‘lgan. SHuningdek, joyitunliklarning ovchilik, chorvachilik bilan shug‘ullangan-liklari haqida ham ma’lumotlar mavjud. Makonlardan xonakilashtirilgan uy hayvonlari - qoramol, echki, qo‘ylarning suyak qoldiqlari ko‘plab topilgan. SHu bois joyitunliklar turmushida, garchi hukmron mavqeiga ega bo‘lmasada, chorvachilik xo‘jaligi ham muhim o‘rin tutganligining guvohi bo‘lamiz.
Joyitun jamoalari ijtimoiy tuzumi masalasida muhim manbalar qo‘lga kiritilgan. Xususan, toshdan, loydan ayol qiyofasida yasalgan mayda haykalchalarning ko‘plab topilishi mazkur jamoalarda matriarxal urug‘chilik munosabatlarining gullab-yashnaganligini ko‘rsatadi. Juft oilalar mavjud bo‘lganligini uy-joylar ichki tuzilishlaridan bilib olamiz. Katta jamoaga qarashli xonalar mavjudligi esa umumjamoa ijtimoiy hayoti borasida ma’lumot beradi. Xullas, joyitunliklar o‘z davrining ilg‘or, rivojlangan madaniyatga ega bo‘lgan jamoalari bo‘lishganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |