Qo‘shilish mezolit makoni. YOdgorlik Toshkent oazisi Bo‘zsuv vohasining Bo‘zsuv kanali chap qirg‘og‘ida joylashgan ochiq tipdagi yodgorlik hisoblanadi. 1966 yili geologlar tomonidan aniqlangan bo‘lib, 1967 yildan boshlab makonda O‘.Islomov tadqiqot ishlarini amalga oshirgan.Qazilma jarayonida 3 metr qalinlikkacha bo‘lgan madaniy qatlam qisman buzilgan qatlam bo‘lib chiqdi. Makon arxeologik topilmalar jihatidan ancha kambag‘al hisoblanib, hammasi bo‘lib 200 dona atrofida tosh buyumlar topilishiga erishilgan. Qo‘lga kiritilgan hayvon suyagi qoldiqlari R.K. Kambaritdinov tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgan va u tomonidan yosh xonakilashgan buqa suyagining aniqlanishiga G.F.Korobkova tomonidan e’tiroz bo‘lgan. O‘. Islomov ko‘rsatishicha, yodgorlik tosh industriyasi uchirindili-payraqali industriya hisoblanadi.Tosh qurollari to‘plamida asosan uchirindilardan yasalgan qirg‘ich qurollari, teshgich, keskich qurollari, prizmasimon, konussimon ko‘rinishli payraqalar va uchirindilar uchirib olishga mo‘ljallangan tosh o‘zaklari ko‘pchilikni tashkil etgan. SHuningdek, tosh industriyaning payraqali qismida qirg‘ichlar, teshgich, keskich qurollari, pichoqsimon payraqa qurollari ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsada, qisman bo‘lsada uchburchak shaklidagi mikrolit qurollari ham uchraydi. Keskir, o‘tkir tig‘li pichoqsimon payraqalar, keskir tig‘li ish maydoniga ega bo‘lgan qirg‘ichsimon pichoqlarning YAqin SHarqning SHanidar, Palegavr, Garri-Kamarband hamda O‘rta Osiyoning bir nechta mezolit davri yodgorliklari tosh qurollariga o‘xshashligiga asoslanib O‘. Islomov Qo‘shilish makonini ilk mezolit davriga oid deb, uni mil.avv. X- IX ming yilliklar bilan belgiladi. G.F.Korobkova Qo‘shilish makoni tosh qurollarini tipologik jihatdan tahlil etib, uni mezolit davrining so‘nggi bosqichlariga oid deb topgan. YOdgorlik moddiy madaniyatining kelib chiqishi tarixiy ildizini O‘.Islomov mahalliy levallua-muste yodgorliklari madaniyati bilan bog‘lagan.
O‘rta Osiyo mezolit davri jamoalari moddiy madaniyatini o‘rganishda Ustyurt hududi ham istiqbolli o‘lka hisoblanadi. Mazkur hududda mezolit davri jamaoalariga tegishli yodgorliklar A.V.Vinogradov, G.F.Korobkova, E.Bijanov kabi olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Mezolit davri yodgorliklari mayda ko‘l havzalari, yon qirg‘oqlari, daryo irmog‘lari, yon qirg‘oqlari bo‘ylab joylashgan. Hozirgi kunda 30 dan ortiq mezolit davriga oid yodgorliklar aniqlangan va tadqiq etilgan. Bular Aydabol- 2,4,6,7, 9,14,15,16,20,21,22,23,25; Oqtayloq – 1, 4,5; Oqto‘ba- 1, 2; CHuruk- 2, 10,11; Qo‘shxotin, Dahli, Sayutes, Kugusem 4, Sulama va boshqalar hisoblanadi. Mezolit makonlari tosh industriyali paraqali industriya hisoblanib, mikrolitli element ko‘proq. Tosh qurollari ichida simmetrik va asimmetrik shaklda bo‘lgan yirik trapetsiyalar ko‘pchilikni tashkil etadi(24-Rasm.) Bu turdagi qurollar yon qismlariga ishlov berilgan E.Bijanovning tadqiqoticha tosh qurollarini tipologik tahlil etish asosida jamoalar moddiy madaniyati o‘ziga xos xususiyatlari aniqlangan. SHu tarzda Ustyurt mezolit yodgorliklari bir necha xronologik guruhlarga ajratilgan: 1- guruhga 10 dan ortiq yodgorlik kirib, bular Aydabol- 2,4,7,10, 20, 23; Oqtoyloq- 1; Qo‘shxotin-2; CHuruk – 2; Oqto‘ba-2 kabilar hisoblanadi. Bu yodgorliklar tosh industriyasiga assimetrik shakldagi trapetsiyalar xos. Ikki taraflama ishlov berilgan o‘q yoy uchlari ham uchraydi. Bu qurolar SHarqiy Kaspiybo‘yi, Janubiy Ural mezolit yodgorliklari qurollariga juda o‘xshash. 2- guruhga Aydabol- 6,9,11,21, 22; Jarimquduq – 1; CHuruk- 2,3, 7, 10,11 kabi yodgorliklar kiradi. Bu yodgorliklar tosh industriyasiga geometrik shakldagi qurollar xos bo‘lib, mil.avv. 7-6 ming yilliklar bilan belgilanadi. Asimmetrik va yirik simmetrik shakldagi trapetsiya qurollari Jabal g‘ori 5A madaniy qatlami (Okladnikov, 1956) Uralning janubiy qismi yodgorliklari (Matyushin, 1973), Obishir 5 yodgorligi (Islomov, 1980), Oshxona yodgorliklarida uchraydi. Bu faktlarni o‘zi mazkur turdagi qurollar O‘rta Osiyo miqyosida mil.avv 6 ming yillikkacha paydo bo‘lganligini ko‘rsatadi(24-rasm). 3- guruh yodgorliklari Aydabal 2,4,7,10,20; Oqtoyloq 4,5; Qo‘shxotin 2, CHuruk 2,2; Sumbetimer 1, Dahli , Say-Utes, Oqto‘ba 2 kabilar hisoblanib, ulardan yirik o‘lchamli tik bo‘yli cho‘ziqsimon simmetrik trapetsiyalar ko‘plab topilgan. Bu guruh yodgorliklari E. Bijanov fikricha mezolit davri so‘nggi bosqichlari va ilk neolit jamoalariga tegishli hisoblanadi.
E.Bijanov o‘z tadqiqotlarida Ustyurt mezolit davri jamoalari madaniyati shakllanishida Kaspiybo‘yi va Janubiy Ural mezolit jamoalari madaniyatining ta’sirini alohida ko‘rsatadi. Masalan, Yangel tipidagi trapetsiyalarning Ustyurt mezolit yodgorliklarida topilishini Kaspiybo‘yi hududidan jamoalarning siljib kelishi bilan bog‘laydi (1981).
A.V.Vinogradov va E.Bijanovlar Ustyurt mezolit jamoalari yodgorliklarining bir xil tipda qator joylanishidan kelib chiqib, ular ovchi jamoalari makonlari bo‘lgan degan xulosani berishadi. Ular mavsumiy uzoq muddatli va oraliq qisqa muddatli jamoalar yashagan makonlar bo‘lishgan (Vinogradov, 1981; Bijanov, 1983). Ustyurt mezolit jamoalari madaniyati, kelib chiqishi ildizi masalasiga kelganimizda mahalliy CHuruk 12 so‘nggi paleolit makoni madaniyati negizida avtoxton tarzda shakllanganligini ko‘ramiz. So‘zsiz bu jamoalar madaniyati mazmunida SHarqiy Kaspiybo‘yi va Janubiy Ural mezolit jamoalari madaniyatining madaniy ta’siri bo‘lgan. Ustyurt mezolit jamoalari o‘zlashtirma xo‘jalik mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanuvchi ovchi jamaolari bo‘lishgan. Ustyurt mezolit jamoalari madaniyati O‘rta Osiyo mezolit davri jamoalari tarixini bilib olishimizda muhim o‘rin tutadi.
Zarafshon vohasi mezolit davri yodgorliklari.
Zarafshon vohasida keyingi yillar maboynida tosh asri yodgorliklari tadqiqotida mezolit davri jamoalari moddiy madaniyatiga tegishli yodgorliklari topilishiga erishilgan. Bu esa vohani mezolit davri yodgorliklarini o‘rganishda ham birmuncha istiqbolli ekanligini ham ko‘rsatmoqda. Ta’kidlash joizki, Zarafshon vohasi mezolit davri jamoalari moddiy-madaniyati yaqin yillarga qadar deyarli noma’lum bo‘lib kelgan edi. Faqatgina, A.V.Vinogradov tomonidan Quyi Zarafshon vohasi shimoliy irmog‘i Ayoqag‘itma, Echkiliksoy, Daryosoy vohalaridan tasodifiy tarzda topilgan tosh qurollari to‘plamlari asosida mezolit jamoalari moddiy madaniyati to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar mavjud edi. SHuningdek, o‘tgan asr 60-yillari O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘rida tadqiq etilgan Sazog‘on 1 makoni tadqiqotchilar tomonidan mezolit davrining so‘ngi bosqichi jamoalari moddiy madaniyatiga tegishli deb e’tirof etilgan. SHu muzofatdagi Zamichatosh yodgorligi ham arxeolog T. Grechkina tomonidan mezolit davrining so‘nggi bosqichi bilan yoshlangan. SHu bois, O‘rta Zarafshon vohasi tosh asri jamoalari moddiy madaniyatining mezolit davri madaniy bo‘g‘ini Quyi Zarafshonning qadimgi CHorbaqti vohasi, O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘rida bir nechta mezolit davri yodgorliklari ochilgunga qadar “oq dog‘” bo‘lib kelmoqda edi.
Ushbu mezolit yodgorliklari tadqiqotlari natijalari masalasiga kelganimizda o‘tgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmida Rossiya FA etnografiya Institutining Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi (A.V. Vinogradov), ToshDU geografiya fakulteti (E.D.Mamedov), SamDU arxeologik ekspeditsiyasi (M.J.Djuraqulov) ilmiy xodimlari hamkorlikda Zarafshon daryosining shu vaqtgacha fanda noma’lum bo‘lgan CHorbaqti vohasini topishga va undan oltmishdan ortiq mezolit, neolit makonlarini kashf etishga erishganlar. Bu mezolit yodgorliklari materiallari N.U.Xolmatov tomonidan atroflicha o‘rganilib, ilmiy muamilaga kiritilgan. Samarqand davlat universiteti arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘rida yaqin yillarda Qorakamar g‘or makoni, Ochilg‘or makoni pastki madaniy qatlami kashf etilgan. Sazog‘on 1 yodgorligi materiallari qayta tahlil etilib, mezolit davriga oidligi e’tirof etilgan.
Chorbakti mezolit makonlari. O‘tgan asr 60- yillarida YA.G‘ulomov, O‘.Islomov va A.Asqarovlar tomonidan Zarafshon daryosi etagidagi Mohandaryo, Ho‘jayli, Katta va Kichik Tuzkon vohalarida 60 dan ortiq tosh va jez davriga oid yodgorliklar tadqiq etilgan. O‘tgan asrning 70-yillar ikkinchi yarmi- 80-yillari Rossiya FA etnografiya Institutining Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi (A.V. Vinogradov), ToshDU geografiya fakulteti (E.D.Mamedov) ilmiy xodimlari tomonidan Qizilqum, Quyi Zarafshon vohasida arxeologik, paleogegrafik, paleogidrografik tadqiqotlar amalga oshirilgan. Ushbu tadqiqotlar jarayonida Zarafshon daryosining qadimgi quyi o‘zanlari –SHimoliy o‘zan (Echkiliksoy, Oyoqag‘itma, Daryosoy), o‘rta o‘zan (Chorbaqti vohasi) aniqlanib, ulardan 700 dan ortiq tosh davriga oid topilma joylari va yodgorliklar arxeologik xaritaga olingan. Jumladan, CHorbaqti vohasida 60 ga yaqin mezolit va neolit davri yodgorliklari topilgan. SHulardan CHorbakti 11, 23, 27, 41 topilma joylari tosh buyumlari to‘plamlari mahalliy kaltaminor jamoalari madaniyatlaridan keskin farqi borligini ko‘rsatdi. Tosh qurollari tipologik tahlili mazkur makonlar tosh industriyasi uchirindili-paraqali industriya ekanligi, o‘z xususiyatlari bilan O‘rta Osiyo tog‘, tog‘ yon bag‘ri mintaqasi so‘nggi paleolit, mezolit jamoalari madaniyatiga yaqin bo‘lganligidek xulosa chiqarish imkonini berdi (5 –rasm) Bu farq o‘zaksimon qirg‘ichlar, otshepdan yasalgan qirg‘ichlar, ponasimon qurollar, qayroqtosh qurollarining CHorbaqti yodgorliklari tosh industriyasida uchratilgani bilan izohlanadi. CHorbakti jamoalari moddiy madaniyati yana bir ilmiy ahamiyati shundaki, shu kunga qadar Samarqand so‘nggi paleolit jamoalari bilan sazog‘on neolit jamoalari moddiy madaniyati oralig‘ida o‘zaro ularni bog‘lovchi xronologik bo‘g‘in yo‘q edi, bo‘shliq mavjud edi va shu bo‘shliqni CHorbaqti manbalari to‘ldirdi bog‘lovchi xronologik bo‘g‘in bo‘ldi.
Sazog‘on I makoni. O‘rta Zarafshon vohasi mezolit jamoalari moddiy madaniyatini yoritishda Sazog‘on I makoni tadqiqoti natijasida qo‘lga kiritilgan arxxeologik manbalar ahamiyati muhim hisoblanadi. Makon O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘ridan voha tomon o‘z suvini oqizib chiquvchi yirik soylardan biri bo‘lgan Sazog‘onsoy yon qayirida joylashgan (Samarqand viloyati, Nurobod tumani Sazog‘on qishlog‘i yuqori qismida) (47 –rasm). Makon kashf etilishi Samarqand Davlat Universiteti arxeologik ekspeditsiyasi tadqiqotlari bilan bog‘liq bo‘lib, makonda 1967-68 yillari D.N.Lev, 1969-1977 yillar maboyinida M.J.Djuraqulov rahbarligida arxeologik tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Hammasi bo‘lib 100 metr kvadratdan ortiqroq maydon sathida madaniy qatlam ochilib, 2,5 mingdan ortiq arxeologik ashyoviy dalillar qo‘lga kiritilgan. Makon tosh industriyasi otshepli paraqali industriya bo‘lib, tosh qurollari tipologik tahlili uni O‘rta Osiyo tog‘ mintaqasi mezolit-neolit jamolari moddiy madaniyatiga o‘xshashligini ko‘rsatdi. SHu xususiyatlar asosida Sazog‘on I makoni mezolit davri so‘nggi bosqichlari va ilk neolit jamoalariga tegishli ekanligi aniqlandi Eng qizig‘i, makon tosh industriyasida Samarqand so‘ngi paleolit yodgorligi tosh qurollariga xos bo‘lgan qurollarga ishlov berish texnologik uslublari an’analari saqlanib qolganligi holatini kuzatilishi bo‘ldi. Bu xususiyat madaniyatlar kelib chiqishi ildizi masalasini oydinlashtirishda ham muhim omil hisoblanadi.
Zamicha-tosh makoni. Makon 1989 yili UzFA arxeologiya institutining paleolit guruhi xodimlari (T.Grechkina, S.Xudoyberdiev) tomonidan kashf etilgan bo‘lib, Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘ridan voha tomon chiqib keluvchi soylardan biri bo‘lgan Sevasoy yon qayirida joylashgan. (Samarqand viloyati, Urgut tumani). Bu makon yodgorliklarning o‘ngur tipiga kirib, uning o‘lchamlari quyidagicha – og‘iz qismi eni 10 metr, ungur tubiga qarab 4 metr. Arxeologik qazishma ishlari jarayonida makonda ikkita madaniy qatlam borliligi aniqlanib, ulardan qiziqarli arxeologik manbalar topishga erishilgan. Xususan, tosh buyumlarning tipologik tahlili natijasida tadqiqotchilar makonni so‘nggi mezolit davri jamoalariga tegishli ekanligidek xulosa chiqarishgan.
Qorakamar g‘or makoni. Sazog‘onsoyning qo‘shni soylaridan biri Katta Quruqsoy hisoblanadi. Bu soy Sazog‘onsoydan taxminan 1,5 kilometrlar chamasi g‘arb tomonda joylashgan. Samarqand Davlat Universiteti arxeologik ekspeditsiyasi 2000 yil kuzida Sazog‘onsoy va unga qo‘shni bo‘lgan soylar yon daralarida arxeologik qidiruv ishlarini amalga oshirayotgan paytda Katta Quruqsoy yon darasida Qorakamar g‘or makonini kashf etishga erishgan va qazilmalar 2002-2003 yillarda amalga oshirilgan. Qorakamar g‘or makoni soyning hozirgi o‘zanidan taxminan 15 metrlar chamasi yuqorida joylashgan bo‘lib, g‘orning og‘iz qismi shimoliy-sharqqa qaragan va pastki maydon qismi esa tuproqli qatlamdan iborat. G‘orning o‘lchamlari quyidagicha: uning og‘iz qismi balandligi 5,8 metr, eni esa 6,6 metr, ichki, ya’ni g‘orning tubi tomon uzunligi 10,5 metrni tashkil etadi. SHu yili g‘or makoni og‘zi qismida dastlabki 8X1 metr maydon sathida arxeologik qazishma ishlari bajarilib, qimmatli arxeologik ashyoviy dalillar (tosh buyumlar, sopol buyum parchalari, suyak qurollari bo‘laklari, hayvon suyagi qoldiqlari va h.k) topilgan, hamda 2 ta o‘choq qoldig‘i borligi ham aniqlangan. Tosh qurollarining tipologik tahlili makon tosh industriyasi so‘nggi mezolit davri jamoalariga tegishli ekanligidek dastlabki xulosa chiqarish imkonini bermoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |