Obishir I g’or makoni. Farg‘ona vodiysi Sox daryosining yuqori oqimida joylashgan bo‘lib, taniqli arxeolog olim O‘.Islomov tomonidan 1966, 1967 va 1973 yillarda tadqiq etilgan. G‘orning o‘lchamlari quyidagicha: g‘orning og‘iz qismi balandligi 12 metr, eni 12-14 metr va ichki tomon chuqurligi 6 metrdan iborat. Asosiy qazilma ishlari 50 metr kvadrat maydon sathida amalga oshirilgan. Tuproqli qatlam 4 metrgacha qalinlikda bo‘lib, undan tadqiqot jarayonida 2 ta madaniy qatlam ajratilgan. Madaniy qatlamlardan qiziqarli tosh qurollari to‘plami qo‘lga kiritilgan. Tosh qurollari yasalishi xom ashyosi asosan qayroqtosh, chaqmoqtoshli-slanets, chaqmoqtoshlar bo‘lgan. Yaxshi sifatli chaqmoqtoshlar Obishir makonidan 40-50 km. masofada bo’lgan Qopchig’oy chaqmoqtosh ustaxonasidan olinganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Soy va uning irmoqlarida sifatli qayroqtoshlar ham bo‘lgan va ulardan tosh qurollari yasalgani ehtimoli bor. Makondan 2511 dona tosh buyumlari topilib, uning 322 tasini tosh qurollari tashkil etgan. Tosh qurollarining tipologik tahliliga ko‘ra U.Islomov yodgorlik tosh industriyasi payraqali-uchirmali industriya bo‘lgan, 2 foyizdan ortiqroq qayroqtoshli element uchratilgan degan xulosani keltiradi.
YUqorida keltirganimizdek, makondan 2 ta madaniy qatlam aniqlangan. Bu esa g‘or makonini 2 marotaba ibtidoiy odamlar yashash uchun makon bo‘lganligini bildiradi. 1- madaniy gorizont qalinligi 10-20 sm, ikkinchi madaniy gorizontining qalinligi esa 60-70 sm, hamda ba’zi holatlarda 1,5 metrgacha etadi. SHunisi qiziqki, O‘.Islomov aniqlashicha raskopning shimoliy, ya’ni g‘or ichki qismida arxeologik topilmalar to g‘orning asl o‘zak tosh xarsangigacha etib boradi. Raskopning o‘rta qismida esa madaniy qatlam qalinligi to 1,8 metrgacha borgan, raskopning janubida esa ba’zi topilmalar 2,5 metr chuqurlikkacha bo‘lgan qalinlikda uchraydi. 1973 yilgi qazilmalarda tuproq qatlamining qalinligi 3,8-4 metrgacha borgan. Ko‘pgina kvadratlarda arxeologik topilmalar uning ustki qatlamdanoq uchray boshladi. Bu holatni O‘.Islomov ustki kul rang va sarimtil kulrang qatlamlarni so‘nggi vaqtlarda ko‘chmanchi chorvadorlar o‘z o‘tovlarini qurganlarida erni tekislashi munosabati bilan buzib yuborgan deb izohlamoqda. SHu bilan birga qatlamlarni bir-biriga nisbatan to‘la kuzatilmasligi (yoki ustki qatlamdan keyin stratigrafiyada ko‘rinib turganidek navbatdagi qatlamni ba’zi uchastkalarda kuzatilmaslik holati) ya’ni arxeologik topilmalarni yuqori qatlamdan uchray boshlashligi yana bir sababini tadqiqotchi quyidagicha ko‘ratadi: 1-dan relefni qiyalik holati xarakteridan, 2-dan tuproq qatlamini to‘planishi va uning tezligi jarayoni ba’zi qatlamlarni hosil bo‘lish xarakterini belgilaydi.
1966-1967 va 1973 yilgi arxeologik shurflarda qazib ko‘rilgan barcha kvadratlardan arxeologik topilmalar chiqqan. Obishir I ,V g‘or makoni tosh industriyasi paraqali- otshepli industriya(27-rasm). Tosh qurollar asosan qayroq toshdan, chaqmoqtoshdan yasalgan. Sababi, soy irmoqlaridan qayroqtoshlar olishganlar. Makondan 5-6 kilometrlar masofada esa chaqmoqtosh koni ham mavjud. YAxshi sifatli chaqmoqtoshlar Obishir makonidan 40-50 km bo‘lgan qopchig‘oy chaqmoqtosh ustaxonasidan olingan. SHuni ta’kidlash lozimki ko‘pgina tosh davri g‘or makonlari tabiiy hosil bo‘lgan g‘or yonida qo‘lda yasalgan uy-joy qurulishlari bo‘lgan, shuning uchun ham O‘.Islomov o‘z tadqiqotida Obishir I makonida ham shu turdagi qurilish qoldiqlarini g‘or makoni oldidagi maydon 1- madaniy gorizontidan topgan O‘.Islomov Obishir I makoni madaniy qatlamini o‘rganishda hayvon suyagi qoldiqlari nisbatan kamroq topilganligini ta’kidlagan. Uchratilgan hayvon suyagi asosan o‘rta hajmdagi ilik suyaklari hisoblanadi. Hayvon suyaklarining kam uchrashi ilmiy adabiyotlarda ibtidoiy odamlar o‘z oziq-ovqat chiqindilarini makondan tashqari bo‘lgan degan joylarga chiqarib tashlangan deb tahlil qilingan. SHu bilan birga bevosita makonning o‘zida hayvonlarni go‘shtlarini ajratish ishlari bajarilmagan.
O’. Islomov fikricha Obishir I makoni ibtidoiy odamlarning uzoq muddatli ovchilik manzilgohi bo’lmasdan, balkim qisqa muddatli qurol yasovchi manzilgohi bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |