Sharq jiydasi – Elaeagnus orientalis L. Jiyda jiydadoshlar – Elaeagnaseae oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi 3-7 m ga yetadigan daraxt. Daraxt tanasi qizil-qo‘ng‘ir po‘stloq bilan qoplangan. Yosh novdalari va bargi kumush-oq rangli, qalin va qattiq tangachalar bilan qoplangan. Barglari nishtarsimon yoki ellipsimon, o‘tkir uchli bo‘lib, poya va shoxlarida bandi bilan ketma-ket o‘rnashgan. Xushbo’y, sariq rangli, to‘rt bo‘lakli gullari 1-3 tadan barg qo‘ltig‘iga joylashgan. Mevasi – sariq rangli, cho‘ziq-dumaloq, danakli meva. Jiyda mevasi may oyida gullaydi, mevasi sentyabr-oktyabrda pishadi. Jiyda Markaziy Osiyo, MDH Yevropa qismining janubiy xududlarida, Kavkaz va Qozog‘iston, G‘arbiy Sibirdagi to‘qayzorlarda o‘sadi. Sharq jiydasining xalq seleksiyasi navlari “non jiyda” nomi bilan keng miqyosda aholi tomonidan mevali daraxt sifatida o‘stiriladi. Xalq tabobatida jiydaning mevasi ishlatiladi. Mevasi to‘liq pishib yetilgan vaqtida qoqib olinadi va ochiq havoda soyada quritiladi. Jiyda mevasi tarkibida 40-67,8% qandlar (jumladan 16,12 - 44,6% fruktoza, 18 - 32,79% glyukoza), 36% gacha tanidlar, 0,44 - 2, 46% organik kislotalar, 100 mg % gacha C vitamini, minyeral tuzlar, bargida 251,6 - 350,0 mg% C vitamini, gulida 0,2 - 0,3% efir moyi, po‘stlog‘ida alkaloidlar (tetragidrogarmol, N-metil tetragidrogarmol) bor. Jiyda mevasi (yoki meva qaynatmasi) xalq tabobatida me’da-ichak kasalliklarida (ich ketishda), yuqori nafas yo‘llari shamollashida qo‘llaniladi. Mevasidan olingan “pshiatin” preparati ilmiy tibbiyotda me’da-ichak kasalliklarini davolashda ichishga, og‘iz bo‘shligi yallig‘langanda chayish uchun ishlatiladi. Daraxt tanasidan olingan jiyda yelimi farmatsevtika amaliyotida emulgator sifatida ishlatiladi.
J o‘ka (Lipa) – Tilia L. Jo‘ka daraxti Jo‘kadoshlar – Tiliaseae oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi 25 m gacha yetadigan daraxt. Jo‘ka turlari O‘zbekistonga introduksiya qilingan, o‘rmonchilik va ko‘kalamzorlashtirishda keng foydalaniladi. Tibbiyotda jo‘kaning quyidagi Yuraksimon mayda bargli jo‘ka – Tilia sordata Mill. va yirik bargli jo‘ka – Tilia Platyphyllos Scop. turlaridan olinadigan gullari ishlatiladi. Jo‘kaning barglari o‘tkir uchli, arrasimon qirrali bo‘lib, uzun bandi yordamida shoxlarida ketma-ket o‘rnashgan. Xushbuy, sariq rangli, besh bo‘lakli gullari 2-5 (keng bargli jo‘kada) yoki 5-11 (yuraksimon jo‘kada) tadan yarim soyabon gul to‘plamiga joylashgan. Mevasi – tukli, besh qirrali yoki sharsimon, maydaroq (yuraksimon jo‘kada) yong‘oqcha. Jo‘ka iyun - iyul oylarida gullaydi, mevasi avgust - sentyabrda yetiladi. Jo‘ka turlari MDHbning Yevropa qismi, Kavkaz, Qrim va G‘arbiy Sibirdagi o‘rmonlarda o‘sadi, ba’zan katta maydonlarda jo‘kazorlarni (masalan Boshqirdistonda) tashkil qiladi. Jo‘ka turlari manzarali daraxt sifatida istirohat bog‘larida, ko‘chalarda va bog‘larda o‘stiriladi. Jo‘kadan shifobaxsh asal olinadi. Tibbiyotda gullari qo‘llaniladi. Ularni gullagan vaqtida guloldi bargi bilan birga qirqib olib yig‘iladi va soya joyda quritiladi. Guli tarkibida 0,05 % efir moyi, tiliatsin va gespyeridin (flavonoid) glikozidlari, trityerpen saponinlar, C vitamini, karotin, shilliq, oshlovchi va boshqa biologik faol moddalar bor. Guli va uning damlamasi tyerlatuvchi yig‘malar-choylar tarkibiga kiradi. U shamollash kasalliklarida tyerlatuvchi dori sifatida hamda tomoq og‘riganda og‘iz va tomoqni chayish uchun ishlatiladi. Jo‘ka turlarining gulidan tayyorlangan damlama xalq tabobatida shamollash kasalliklarida tyerlatuvchi, qon oqishini to‘xtatuvchi vosita sifatida ham qo‘llaniladi. Damlamasi yana yo‘talni, turli asab kasalliklarini va bosh og‘rig‘ini davolashda ishlatiladi. Issiq damlamasi bilan tomoq og‘riganda tomoq chayiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |