39
Hech kim zaharli qurshovda emasligini ko'rsatuvchi bir alomatday,
so'qmoqda bir qiz paydo bo'ldi.
Mattis ko'zlariga ishonmasdi. U qiz hatto unga tanishga o'xshardi: yozda sholg'om
o'toqda ular birga ishlagan edilar. Bu o'sha yigitiga sonlarini chimchilatgan qiz
bo'lsa kerak.
Bu mo'jiza edi — shunday og'ir bir daqiqada yo'ldan uylari tomonga so'qmoq
bo'ylab tushib kelardi.
Mattis darhol, bu qiz mening oldimga kelgan, degan xayolga borib, o'zining
orolchadagi sarguzashtini ham yodga oldi.
Ammo, ma'lumki, o'toqda birga ishlagan qizning o'z yigiti bor.
Bu yoqqa qizlar hech qachon kelishmasdi. Bu yerda Xegedan boshqa ayol zoti yo'q
edi. Mattis qizni payqagan zahoti, balki bu Inger yoki Annadir, deb ham o'yladi.
Ammo u yaqinroq kelganda ko'rdiki, Inger ham, Anna ham emas. Agar ulardan
biri kelganda-ku, zo'r bo'lardi-ya! Ammo bu o'sha, o'toqda birga ishlagan qiz ekan,
Mattis baribir bunga ham sevindi.
Mattis o'zini emin-erkin tutardi: ular birga ishlashgan-ku axir! O'sha kuni u
Mattisga yaxshi muomala qilgandi. Ikkovlari ham o'sha kunni unutishmagan ekan.
Qiz o'zining tanishini ko'rganday Mattisga bosh irg'ab jilmaydi. Mattisning butun
ko'ngilsizliklari barham topib, zaharli o'rmon himoya qo'rg'oniga aylanganday
bo'ldi.
Qiz unga yaqinlashib, salomlashib ulgurmasidan Mattis kutilmaganda:
— Endi bir-biringlarni sevmaysizlarmi? — deb so'radi.
Qiz kulib yubordi.
— Kimni aytyapsan?
— Dalada seni chimchilab yurgan yigitni.
— Gapingni qara-yu! Nima, abadiy qo'l ushlashib yurishimiz kerakmidi?
Mattis darrov siqilib qoldi. Nahotki, u yana bema'ni gap aytgan bo'lsa? O'ylab
ko'rib, qiz chindan ham haqligini tushundi. Qiz esa Mattisni noqulay ahvoldan
qutqardi:
— Yo'q, yanglishmading, to'g'ri aytding. Bizning o'rtamizda allaqachon hammasi
tugab ketgan.
Mattisning yuragi sanchdi. Bir gal yoqimliroq, ikkinchi gal qattiqroq — ikki marta
sanchdi.
— Sen nimaga bunday qo'rqib ketding? — so'radi qiz.
— Qo'rqib ketmadim, — deb g'o'ldiradi u.
— U nojiddiy odam ekan, — tushuntirdi qiz. — Sen, qarab tursam, meni ko'rgan
zahoting hammasini to'g'ri anglabsan, — qalbi tozaligidan barini tan oldi qiz.
U «bo'lmasam-chi!» deb ochiqdan ochiq yolg'on uapirishga botinmadi, ma'nodor
qilib «ihm» deb yo’talib qo'ydi, xolos. U qizdan bu gaplari uchun minnatdor edi.
— Endi sening yigiting bormi? — asabiy ravishda so'radi Mattis. — Biron yangisi
bilan tanishdingmi?
— Yo'q, deyarli hech kimim yo'q, — qiz loqayd bosh chayqadi.
— Hm.
Qandaydir bir noma'lum sabab bilan qiz yana kuldi, ammo bu beg'araz,
samimiy kulgi edi. Nihoyat u nega bu yerga kelgani haqida gap ochdi.
— Meni sizlarnikida yashaydigan, yanglishmasam, Yorgen degan o'tinchining
oldiga yuborishdi. Faqat, u aftidan, kunduzi uyda bo'lmaydi shekilli?
— Ha, u o'rmonda, — qovog'ini uyib javob berdi Mattis. U yanglishibdi: qiz
Mattisning oldiga emas, Yorgenning oldiga kelgan ekan.
— Bo'lmasa, gapimizni sen aytib qo'yarsan. Maylimi, adashib ketmaysanmi? —
deb yuborganini o'zi ham sezmay qoldi qiz.
Mattis qizardi. Ammo qiz hamma yoshlarga xos xudbinligi tufayli buni
payqamadi.
Mattis topshiriqni bo'yniga olishga botinmasdi: gapni chalkashtirib yuborishi
mumkin edi. Ustiga ustak masala Yorgenga taalluqli edi.
— Yaxshisi opamga tayinlay qol, u hozir uyda, — maslahat berdi alam bilan.
Qiz jilmaydi.
To'g'ri aytasan. Men butunlay unutibman.
Qiz chaqqon odimlar bilan ketdi-qoldi. Mattis uning orqasidan qarab
qolganda ichida uni kechirib bo'lgan edi. U bu yozda Inger va Anna bilan qayiqda
suzgani uchun, momaqaldiroqdan qo'rqmagani uchun, tashkachilik qilgani uchun
o'zgarib qolgan edi. U bu qizni aytilishi lozim bo'lmagan so'zlami aytvorgani
uchun olijanoblik bilan kechira olardi.
Asosiysi uning kallasiga yalt etib turli rejalar kelib qolardi. Hozir ham
shunday bo'ldi. U bu qiz bilan yana biroz gaplashgisi kelardi. Uy tomondan unga
va Xegega ko'rinmaslik uchun yuqoriga, so'qmoqning pastqam joylariga ko'tarildi.
Qaytar chog'ida qiz albatta shu yerdan o'tishi aniq edi.
Hammasi o'ylaganidek bo'ldi. Tez orada qiz so'qmoq bo'ylab xuddi shu tomonga
keldi-da, tuzoqqa tushganday Mattisga to'qnashdi. Ammo qiz xijolat bo'lmadi.
— Shu yerdamiding? Orqaga qaytishimni poylayotganmiding?
Aqllilar hammasini tez anglashadi, o'yladi u. Deyarli hammasini... U qizning
savoliga beg'amlik bilan javob qaytara olmas, shu onda uning xayolini juda
murakkab, hatto aytish mumkinki, tantanali fikrlar band etgan edi. U qizga
yaqinlashdi va jiddiy ravishda:
— Seni ozgina kuzatib qo'ysam maylimi? — deb so'radi. — Faqat yo'lgacha.
— Mayli, agar xohlasang... —javob berdi qiz.
— Modomiki endi yigitning yo'q ekan, kuzatsam hech narsa qilmaydi, deb
o'ylayman, — deb qo'ydi Mattis duduqlanib.
— Men yigitim yo'q, demadim, deyarli yo'q dedim, bittasi bor har qalay.
Mattis ko'zlarini katta-katta ochib, odimini sekinlatdi. Uning yuzida taajjub aks
etardi. U bunday voqealarni tushunmasdi.
— Qani, kuzatasanmi? Yo fikringdan qaytdingmi?— deb so'radi qiz. —
Xohlamasang kuzatma.
— Xohlamasang? — u hech narsaga tushunmasdi. Har qalay yigiti bor bo’lsa, uni
kuzatishi mumkinmi, axir? U holda Mattisning qizga nima keragi bor, axir?!
Qiz ketishga chog'landi, ammo Mattis xuddi bir narsani tutmoqchi bo'lib, bu
fikridan qaytganday qo'lini ko'tardi. Bu harakat qizni to'xtatdi.
So'qmoq chetida oppoq yassi tosh bor edi. Mattis o'zini tanibdiki, har doim
shu toshning yonidan o'tardi— mana kelib-kelib bugun esa bu tosh barcha nomsiz
narsalar orasida boshqacha bo'lib oqarib turardi. Mattis ketmoqchi edi-yu, ammo
bu tosh... U nima xohlayotganini o'zi ham anglamasdi. Mattis qizga toshni ko'rsatdi
va shosha-pisha:
— Yassi toshlarda o'tirsa yaxshi bo'ladi, — deb qo'ydi.
Uning ovozidagi allaqanday bir sehr qizni o'tirishga majbur qildi. Mattis undan
buni kutmagandi.
Shunaqasi ham bo'larkan-da, o'yladi u va yonma-yon o'tirdi.
Tosh kattagina edi. Mattis qizga tegib ketmaslik uchun nariroqqa surildi. U nimani
xohlardi? Bunday savolga uning o'zi ham javob berolmagan bo'lardi. Biron gapini
eshitmoqchimidi? Yonida o'tirgisi kelganmidi? Ammo jim o'tirish noto'g'riligini
tushunardi: qiz unga talabchanlik bilan qaradi — biron gap aytishini kutayotgandi.
— Aqlli fikr-a, to'g'rimi? — deb so'radi Mattis o'zgarib.
— Qaysi fikr?
— Yassi tosh haqidagi fikr. Yassi toshda o'tirish yaxshiligini aytdim-ku.
Qiz piqirlab kulib yubordi va sakrab o'rnidan turib ketdi.
— Qo'lingdan bir nima keladimi o'zi? — deb so'radi qiz, hafsalasi pir bo'lib. Iya,
undan jahli chiqdi, shekilli...
Jahli chiqdi...
— Nimani aytyapsan? — toshdan turmay, qo'rqib so'radi u.
Qiz hozir ketib qoladi. Mattis qimirlashga ham qo'rqardi.
— Bunday deyish mumkinmasligini bilmabman, — deb g'o'ldiradi u.
— Mayli, zarari yo'q. Baribir ketadigan paytim bo'lgan.
— Bilasanmi...
Qiz uning gapini kesdi:
— Qo'ysang-chi, o'ylaydigan narsalar oz emas. Lekin hech narsaning ikkimizga
aloqasi yo'q Kelishdikmi?
Qiz yo'lga qarab keta boshlagan edi. Mattisga do'stona bosh silkib qo'ydi. Hatto
sal-pal qizarganday bo'ldi. So'ng kctdi-qoldi. Mattis o'z xotiralariga yopishib oldi.
— Ular butunlay boshqacha edi, — dedi u. — Biz ular bilan uzoq gaplashgandik.
Qiz birdaniga to'xtadi.
— Kim ular? Kimlarni aytyapsan?
- Ular — Inger va Anna, — dedi u past ovoz bilan. — Sen ular haqida
eshitganmisan?
— Bo'lmasam-chi?
— Biz kun bo'yi ko'l bo'ylab suzgan va gaplashgan edik. Ular tamomila boshqacha
qizlar edi.
Qiz Mattisning oldiga qaytib keldi. Uning ko'zlariga qarab qo'ydi, u
taassufda edi. Mattisning ko'zlari katta ochildi. U nimani kutardi, buni o'zi ham
bilmasdi. Ammo kutardi.
— Mattis, jonim. Mattis titrab ketdi.
— Nima?
Qizning o'zi ham esankirab qoldi. Mattisning ko'zlariga shunday jovdirab qaradiki!
— Yo'q, men... deb boshladi qiz. — Men hatto sendaqalarga nima gapirishlarini
ham bilmayman.
Qiz shunday deganidan keyin Mattisning yuzlarini tez-tez silab qo'ydi-da,
chinakamiga oshig'ich va yengil odimlar bilan jo'nab qoldi — bir lahzada ko'zdan
g'oyib bo’ldi.
Mattis o'z ahvolini tushunishga ham urinmadi, u hamma-hammasi uchun
ortig'i bilan mukofotlangan edi. Bu qiz allaqanday mas'ud ichki sezgi bilan na
Inger, na Anna qilmagan narsani qilib, Mattisning hayotida o'ziga xos o'rinni
egalladi.
Mattis endi bu toshda uzoq-uzoq o'tirardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |