Jadvallar yotiq va tik to`g’ri chiziqlar kesilmalaridan tuzilgan geometrik shakl bo`lib, qator va ustunlardan tarkib topadi. Ularda o`rganilayotgan ob`ektlar va ularning ko`rsatkichlari joylashtiriladi. Har bir qator va ustun o`z nomiga, jadval esa umumiy sarlavhalarga ega bo`lib, bular jadvalning asosiy unsurlari hisoblanadi.
Agarda jadval qatorlari va ustunlari o`z nomlariga hamda umumiy sarlavhaga ega bo`lib, sonlar bilan to`ldirilmagan bo`lsa, u jadval maketi deb ataladi. Har bir jadval qisqa, aniq va tushunarli, shu bilan birga ma`lumotlar ma`nosini oydinlashtiradigan sarlavhaga ega bo`lishi shart.
Statistik jadval chuqur ma`noga ega bo`lib, ijtimoiy voqea va hodisalarni ifodalashi bo`yicha uni o`ziga xos mantiqiy gapga o`xshatish mumkin. shuning uchun har bir statistik jadvalning egasi va kesimi mavjuddir. Har xil ko`rsatkichlar orqali ta`riflanayotgan statistik to`plam jadvalning egasi, ko`rsatkichlar esa jadvalning kesimi hisoblanadi. Jadvalning egasi, odatda, jadvalning chap qismida, kesimi o`ng tomonida bo`ladi. Lekin ular aksincha joylanishi ham mumkin.
Eganing tuzilishiga qarab statistik jadvallar uch tuga bo`linadi: oddiy, gruppaviy va kombinatsion.
Oddiy jadval deb o`rganilayotgan ob`ektlar va ularning ko`rsatkichlari birma-bir ro`yxat ko`rinishida yozilgan jadvalga aytiladi.
Gruppaviy jadval deganda o`rganilayotgan ob`ektlarni birbelgi asosida guruhlash natijalarini ifodalaydigan jadval nazarda tutiladi.
Kombinatsion jadval – bu ega qismida ob`ektlarni ikkita va undan ortiq belgilari asosida guruhlash natijalarini aks ettiradigan jadvallar.
Statistik jadval ixcham va ko`rimli chiqishi uchun uni tuzishda quyidagi qoida va tartiblarga amal qilish kerak:
1. Jadvallar hajmi katta bo`lmasligi kerak. Murakkab to`plamlarni o`rganishda jadval hajmini kengaytirmasdan, yaxshisi ikki va undan ortiq o`zaro bog’langan jadvallar tuzish kerak. Jadvallar aniq, tushunarli va o`qishga oson ko`rinishda tuzilishi kerak.
2. Jadvalning umumiy nomi undagi ega va kesimlar mazmunini ifodalashi lozim, uni qisqartirib yozish mumkin emas.
3. Jadvalda bir-biri bilan bog’liq ko`rsatkichlar birin-ketin, soddadan murakkabga o`sib borish tartibida joylashtirilishi lozim.
4. Jadvaldagi ma`lumotlar mazmunini anglash oson bo`lishi uchun ularni bir xil aniqlik darajasi bilan butunlashtirib, kattaroq sonlar orqali ifodalash lozim.
5. SHartli belgilashlarga katta e`tibor berish kerak. Zarur bo`lganda ayrim ko`rsatkichlar yoniga yulduzcha yoki raqamlar qo`yilib, ularni qaerdan yoki qanday hisoblab olinganligi ilova tarzida berilishi kerak.
6. Hodisa sodir bo`lganligi to`g’risida ma`lumotlar bo`lmasa, jadvalda shu ko`rsatkich o`rniga «ma`lumot yo`q» yoki nuqtalar (…) qo`yiladi, agarda hodisa umuman sodir bo`lmagan bo`lsa, tire (-) belgisi bilan ifodalanadi. Jadvallarni tuzish texnikasi yaxshi egallansa, ularni o`qish va tushunish ishi ancha osonlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |