BHXS (IAS) 8 “Hisob siyosatlari, hisoblab chiqilgan baholardagi o’zgarishlar va xatolar”
BHXS (IAS) 8 “Hisob siyosatlari, buxgalteriya hisobi maqsadida baholashlardagi o’zgarishlar va xatolar” nomli standartning maqsadi hisob siyosatini tanlash va o’zgartirish uchun mezonlarni o’rnatish hamda hisob siyosatidagi o’zgarishlar, buxgalteriya hisobi maqsadida baholashlardagi o’zgarishlar va xatolarni tuzatishni hisobga olish tartibini va ularga tegishli oshkor qilinadigan ma’lumotni belgilashdan iboratdir. Ushbu Standart xo’jalik sub’ektining moliyaviy hisobotlarida aks ettirilgan axborotning o’rinliligi va ishonchliligi hamda bu moliyaviy hisobotlarining davrlaro va boshqa xo’jalik sub’ektlarining moliyaviy hisobotlari bilan qiyosiyligini oshirishga qaratilgan.
Mazkur Standart hisob siyosatini tanlashda va qo’llashda, shuningdek hisob siyosatidagi o’zgarishlarni, buxgalteriya hisobi maqsadida baholashlardagi o’zgarishlarni va oldingi davr xatolarini tuzatishni hisobga olishda qo’llanilishi kerak. Oldingi davr xatolarini tuzatishning va hisob siyosatidagi o’zgarishlarni qo’llash uchun qilingan retrospektiv tuzatishlarning soliqlarga bo’lgan ta’siri MHXS
12 “Daromad soliqlari”ga muvofiq hisobga olinadi va oshkor etiladi.
Qandaydir MHXS operatsiyaga, boshqa hodisaga yoki sharoitga aniq tegishli bo’lganida, unga nisbatan qo’llaniladigan hisob siyosati yoki siyosatlari ushbu MHXSni qo’llash bilan aniqlanishi kerak.
Operatsiya, boshqa hodisa yoki sharoitga aniq tegishli bo’lgan MHXS mavjud bo’lmaganida, xo’jalik sub’ektining rahbariyati qo’yidagi xususiyatlarga ega bo’lgan axborotni shakllantiradigan hisob siyosatini ishlab chiqish va qo’llashda o’z hukmini chiqarishi kerak:
foydalanuvchilarning iqtisodiy qarorlarni qabul qilish bilan bog’liq talablari uchun o’rinli bo’lgan; va
moliyaviy hisobotlar quyidagilarni ta’minlagani tufayli ishonchli bo’lgan:
xo’jalik sub’ektining moliyaviy holati, moliyaviy natijalari va pul oqimlarini ishonchli ko’rsatadi;
operatsiyalar, boshqa hodisalar va sharoitlarning nafaqat yuridik shakli, balki iqtisodiy mohiyatini aks ettiradi;
betaraf, ya’ni xolis;
ehtiyotkor; va
hamma ahamiyatli tomondan to’liq.
Yuqorida qayd qilinganidek hukm chiqarishda, rahbariyat quyidagi manbalarga qarashi va ularning qo’llanilishi mumkinligini pasayib boruvchi tartibda ko’rib chiqishi kerak:
MHXSlarda shunga o’xshash yoki bog’liq masalalarga tegishli talablar;
Kontseptual asoc keltirilgan aktivlar, majburiyatlar, daromadlar va xarajatlarning ta’riflari, tan olish mezonlari va baholash kontseptsiyalari.
Hukm chiqarishda, rahbariyat, shuningdek, standartlarni o’rnatadigan va buxgalteriya hisobi bo’yicha standartlarni ishlab chiqishda o’xshash kontseptual asosdan, boshqa buxgalterlik adabiyotlardan va ushbu sohada qabul qilingan amaliyotlardan foydalanadigan boshqa idoralar tomonidan eng so’nggi chiqarilgan standart tusidagi hujjatlarni e’tiborga olishi mumkin.
Xo’jalik sub’ekti o’xshash operatsiyalar, boshqa hodisalar va sharoitlarga tegishli hisob siyosatlarini izchil ravishda tanlashi va qo’llashi kerak, agar qandaydir MHXS moddalarning har xil hisob siyosatlari to’g’ri kelishi mumkin bo’lgan toifalarga bo’linishini alohida talab etmasa yoki ruxsat etmasa. Agar qandaydir MHXS moddalarning bunday toifalarga bo’linishini talab etsa yoki ruxsat etsa, bunday har bir toifaga tegishli bo’lgan hisob siyosati izchil ravishda tanlanishi va qo’llanilishi kerak.
Xo’jalik sub’ekti hisob siyosatini faqat qo’yidagi hollarda o’zgartirishi kerak:
agar o’zgartirish MHXS tomonidan talab etilsa; yoki
agar o’zgartirishning natijasida moliyaviy hisobotlarda xo’jalik sub’ektining moliyaviy holatiga, moliyaviy natijalariga yoki pul oqimlariga operatsiyalarning, boshqa hodisalarning va sharoitlarning ta’siri to’g’risida ishonchli va o’rinliroq ma’lumotlar aks ettirilsa.
Quyidagilar hisob siyosatidagi o’zgarish bo’lib hisoblanmaydi:
oldin sodir bo’lgan operatsiyalar, boshqa hodisalar yoki sharoitlardan mohiyati bo’yicha farqlanadigan operatsiyalar, boshqa hodisalar yoki sharoitlarga nisbatan qandaydir hisob siyosatini qo’llash; va
oldin sodir bo’lmagan yoki ahamiyatsiz darajadagi bo’lgan operatsiyalar, boshqa hodisalar yoki sharoitlarga nisbatan yangi hisob siyosatini qo’llash.
MHXS 16 “Asosiy vositalar” yoki MHXS 38 “Nomoddiy aktivlar”ga muvofiq aktivlarni qayta baholash siyosatini birinchi marta qo’llash – mazkur standartga muvofiq emas, balki MHXS 16 yoki MHXS 38ga muvofiq qayta baholash sifatida qaraladigan hisob siyosatidagi o’zgarish bo’lib hisoblanadi.
Istisno holatlarini hisobga olgan holda:
xo’jalik sub’ekti qandaydir MHXSni birinchi marta qo’llashi natijasida yuzaga keladigan hisob siyosatidagi o’zgarishni ushbu MHXSda belgilangan, agar belgilangan bo’lsa, maxsus o’tish qoidalariga muvofiq hisobga olishi kerak; va
agar qandaydir MHXSda qilinayotgan o’zgarishga tegishli bo’lgan maxsus o’tish qoidalari belgilanmagan bo’lib, xo’jalik sub’ekti ushbu MHXSni birinchi marta qo’llash paytida hisob siyosatini o’zgartirsa, yoki u hisob siyosatini ihtiyoriy ravishda o’zgartirsa, bunda ushbu xo’jalik sub’ekti hisob siyosatidagi o’zgarishlarni retrospektiv tarzda qo’llashi kerak.
Istisno holatlarini hisobga olgan holda, hisob siyosatidagi o’zgarish retrospektiv tarzda qo’llanilganida, xo’jalik sub’ekti taqdim qilingan oldingi davrlarning eng dastlabki davri uchun ushbu o’zgarish ta’sir qilgan kapitaldagi tarkibiy qismlarning boshlang’ich qoldiqlariga va har bitta taqdim qilingan oldingi davr uchun oshkor qilingan boshqa qiyosiy ma’lumotlarga, xuddi yangi hisob siyosati hamma vaqt qo’llanilganidek qilib, tuzatish kiritishi kerak.
Hisob siyosatidagi o’zgarish retrospektiv tarzda qo’llanilishi kerak, bundan o’zgarishning biror-bir davrga tegishli ta’sirini yoki yig’ilgan ta’sirini aniqlashni amaliy iloji yo’q bo’lgan holatlar istisno.
Hisob siyosatidagi o’zgarishning taqdim qilingan bir yoki undan ortiq oldingi davrlar uchun qiyosiy ma’lumotga nisbatan biror-bir davrga tegishli bo’lgan ta’sirini aniqlashni amaliy iloji yo’q bo’lganida, xo’jalik sub’ekti yangi hisob siyosatini retrospektiv qo’llashni amaliy iloji bo’lgan davrlardan eng birinchi davri, bu joriy davr ham bo’lishi mumkin, boshiga bo’lgan aktivlar va majburiyatlarning balans qiymatiga nisbatan qo’llashi kerak, hamda ushbu davrdagi kapitalning ta’sir qilingan har qanday tarkibiy qismining boshlang’ich qoldig’iga tegishli tuzatish kiritishi lozim.
Joriy davrning boshida yangi hisob siyosatini hamma oldingi davrlarga nisbatan qo’llashning yig’ilgan ta’sirini aniqlashni amaliy iloji bo’lmasa, xo’jalik sub’ekti yangi hisob siyosatini qo’llashni amaliy iloji paydo bo’lgan eng dastlabki sanadan boshlab istiqbolli qo’llash maqsadida, qiyosiy ma’lumotlarga tuzatish
kiritishi kerak.
Qandaydir MHXSni birinchi marta qo’llash joriy davrga va har qanday oldingi davrga ta’sir qilganida, yoki ushbu davrga ta’sir qilishi mumkin bo’lganida, yoki kelgusi davrlarga ta’sir qilishi mumkin bo’lganida, bundan tuzatish summasini aniqlashni amaliy iloji yo’q bo’lgan holatlar istisno, xo’jalik sub’ekti quyidagilarni oshkor etishi kerak:
ushbu MHXSning nomi;
o’rinli bo’lsa, hisob siyosatidagi o’zgarish ushbu standartning o’tish qoidalariga muvofiq amalga oshirilganligi;
(v) hisob siyosatidagi o’zgarishning xususiyati;
(g) tegishli bo’lganda, o’tish qoidalarining tavsifi;
tegishli bo’lganda, kelgusi davrlarga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan o’tish qoidalari;
joriy davr va har bir taqdim etilgan oldingi davr uchun, iloji boricha, quyidagilar bo’yicha tuzatish summasi:
moliyaviy hisobotning ta’sir ko’rsatilgan har qanday moddasi; va
agar MHXS 33 “Bitta aktsiyaga to’g’ri keladigan foyda” ushbu xo’jalik sub’ektiga tegishli bo’lsa, bitta aktsiyaga to’g’ri keladigan bazaviy va kamaytirilgan foyda;
(j) iloji boricha, taqdim qilingan davrlardan oldingi davrlarga tegishli bo’lgan tuzatish summasi.
Keyingi davrlarning moliyaviy hisobotlarida yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni qaytadan oshkor etish shart emas.
Hisob siyosatiga ixtiyoriy ravishda o’zgartirish kiritish joriy davrga yoki har qanday oldingi davrga ta’sir qilganida, ushbu davrga ta’sir qilishi mumkin bo’lganida, bundan tuzatish summasini aniqlashni amaliy iloji yo’q bo’lgan holatlar istisno, yoki kelgusi davrlarga ta’sir qilishi mumkin bo’lganida, xo’jalik sub’ekti quyidagilarni oshkor etishi kerak:
hisob siyosatidagi o’zgarishning xususiyati;
yangi hisob siyosatini qo’llash natijasida ishonchli va o’rinliroq axborot ta’minlanishining sabablari;
(v) iloji boricha, joriy davr va taqdim qilingan har qanday oldingi davr uchun quyidagilar bo’yicha tuzatish summasi:
moliyaviy hisobotning ta’sir ko’rsatilgan har qanday moddasi; va
agar MHXS 33 “Bitta aktsiyaga to’g’ri keladigan foyda” ushbu xo’jalik sub’ektiga tegishli bo’lsa, bitta aktsiyaga to’g’ri keladigan bazaviy va kamaytirilgan foyda;
(g) iloji boricha, taqdim qilingan davrlardan oldingi davrlarga tegishli bo’lgan tuzatish summasi; va
(d) agar retrospektiv qo’llashni biror oldingi davr uchun yoki taqdim qilingan davrlardan oldingi davrlar uchun amalga oshirishni amaliy iloji bo’lmasa, bunday vaziyat bo’lishiga olib kelgan sharoitlar va hisob siyosatidagi o’zgarish qachondan boshlab va qanday qilib qo’llanilganligining tavsifi.
Keyingi davrlarning moliyaviy hisobotlarida yuqorida qayd etilgan
ma’lumotlarni qaytadan oshkor etish shart emas.
Xo’jalik sub’ekti yangi chiqarilgan, ammo haligacha kuchga kirmagan MHXSni qo’llamagan bo’lsa, xo’jalik sub’ekti quyidagilarni oshkor etishi lozim:
ushbu faktni o’zini; va
ushbu yangi MHXSni birinchi marta qo’llashning xo’jalik sub’ektining moliyaviy hisobotlariga mumkin bo’lgan ta’sirini baholash uchun ma’lum bo’lgan yoki oqilona ravishda baholanishi mumkin bo’lgan o’rinli ma’lumotlar.
Tadbirkorlik faoliyatiga xos bo’lgan noaniqliklar mavjud bo’lishi natijasida, moliyaviy hisobotlardagi ko’pgina moddalar aniq baholana olmaydi va faqat taxminiy baholanishi mumkin. Taxminiy baholashlar eng so’nggi ishonchli axborotga tayangan holda hukm chiqarishni qamrab oladi. Masalan, quyidagilarni taxminiy baholash zarur bo’lishi mumkin:
umidsiz qarzlar;
tovar-moddiy zaxiralarning qadrsizlanishi;
(v) moliyaviy aktivlar yoki moliyaviy majburiyatlarning haqqoniy qiymati;
(g) eskiradigan aktivlarning foydali xizmat muddati yoki ularda mujassamlangan kelgusi iqtisodiy naf qay tarzda olinishi; va
(d) kafolat majburiyatlari.
Buxgalteriya hisobi maqsadida baholashdagi o’zgarishning ta’siri, bunda uni quyidagi davr foydasi yoki zararida aks ettirish orqali istiqbolli ravishda tan olinishi kerak:
o’zgarish ro’y bergan davr, agar o’zgarish faqat ushbu davrga ta’sir qilsa; yoki
o’zgarish ro’y bergan davr va kelgusi davrlar, agar o’zgarish ikkalasiga ham ta’sir qiladigan bo’lsa.
Buxgalteriya hisobi maqsadida baholashdagi o’zgarish qay darajada aktivlar va majburiyatlarning o’zgarishini keltirib chiqarsa, yoki kapitalning qandaydir moddasiga tegishli bo’lsa, u tegishli bo’lgan aktivlarning, majburiyatlarning yoki kapital moddasining balans qiymatini tuzatish yo’li bilan o’zgarish ro’y bergan davrda tan olinishi kerak.
Xo’jalik sub’ekti joriy davrga ta’sir qiladigan yoki kelgusi davrlarga ta’sir qilishi kutilayotgan buxgalteriya hisobi maqsadida baholashdagi o’zgarishning xususiyatini va summasini oshkor etishi kerak, bundan kelgusi davrlarga bo’lgan ta’sirini, ushbu ta’sirni baholashni amaliy iloji yo’q bo’lganida, oshkor etish istisno.
Agar kelgusi davrlarga bo’lgan ta’sir summasi, ushbu ta’sirni baholashni amaliy iloji yo’q bo’lgani tufayli, oshkor etilmasa, xo’jalik sub’ekti ushbu faktni oshkor etishi lozim.
Xo’jalik sub’ekti oldingi davrlardagi ahamiyatli xatolarni, ular topilganidan keyin chiqarilishi ruxsat etilgan moliyaviy hisobotlarning birinchi to’plamida, retrospektiv tarzda quyidagicha tuzatishi lozim:
xato paydo bo’lgan, taqdim etilgan oldingi davr(lar) uchun qiyosiy ma’lumotlarni qayta hisoblash yo’li bilan;
agar xato taqdim etilgan oldingi davrlarning eng daslabki davridan oldin yuzaga kelgan bo’lsa, oldingi taqdim etilgan davrlarning eng daslabki davridagi
aktivlar, majburiyatlar va kapitalning boshlang’ich qoldiqlarini qayta hisoblash yo’li bilan.
Oldingi davr xatosi retrospektiv qayta hisoblash yo’li bilan tuzatilishi kerak, bundan xatoning biror-bir davrga tegishli ta’sirini yoki yig’ilgan ta’sirini aniqlashni amaliy iloji yo’q bo’lgan holatlar istisno.
Xatoning taqdim qilingan bir yoki undan ortiq oldingi davrlar uchun qiyosiy ma’lumotga nisbatan biror-bir davrga tegishli bo’lgan ta’sirini aniqlashni amaliy iloji bo’lmaganida, xo’jalik sub’ekti retrospektiv qayta hisoblashni amaliy iloji bo’lgan davrlardan eng birinchi davridagi (bu joriy davr ham bo’lishi mumkin) aktivlarning, majburiyatlarning va kapitalning boshlang’ich qoldiqlarini qayta hisoblashi lozim.
Joriy davrning boshida xatoning hamma oldingi davrlarga bo’lgan yig’ilgan ta’sirini aniqlashni amaliy iloji bo’lmaganida, xo’jalik sub’ekti qayta hisoblashni amaliy iloji paydo bo’lgan eng dastlabki sanadan boshlab xatoni istiqbolli ravishda tuzatish maqsadida qiyosiy ma’lumotlarni qayta hisoblashi kerak.
Xo’jalik sub’ekti quyidagilarni oshkor etadi:
oldingi davrdagi xatoning xususiyati;
taqdim qilingan har bir oldingi davr uchun, amaliy iloji boricha, tuzatishning quyidagilar bo’yicha summasi:
moliyaviy hisobotning ta’sir ko’rsatilgan har qanday moddasi; va
agar MHXS 33 “Bitta aktsiyaga to’g’ri keladigan foyda” ushbu xo’jalik sub’ektiga tegishli bo’lsa, bitta aktsiyaga to’g’ri keladigan bazaviy va kamaytirilgan foyda;
(v) taqdim qilingan oldingi davrlardan eng dastlabki davr boshiga tuzatishning summasi; va
(g) agar retrospektiv qayta hisoblashni biror oldingi davr uchun amalga oshirishni amaliy iloji bo’lmasa, bunday vaziyat bo’lishiga olib kelgan sharoitlar va xato qachondan boshlab va qanday qilib tuzatilganligining tavsifi.
Keyingi davrlarning moliyaviy hisobotlarida yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni qaytadan oshkor etish shart emas.
Ba’zi vaziyatlarda, joriy davr bilan qiyosiylikka erishish uchun bir yoki undan ortiq davrlar uchun qiyosiy ma’lumotni tuzatishni amaliy iloji bo’lmaydi. Masalan, yangi hisob siyosatini retrospektiv qo’llash yoki oldingi davr xatosini tuzatish uchun retrospektiv qayta hisoblash imkoniyatini yaratadigan tarzda ma’lumotlar oldingi davrlarda yig’ilmagan bo’lishi mumkin, va bunday ma’lumotlarni qaytadan paydo qilishni amaliy iloji yo’q bo’lishi mumkin.