Darslik
3
K I R I SH
Insoniyat jamiyati taraqqiy etgani sayin uning tarkibi va xususiyatlari ham
murakkablashib bormoqda. Shu jihatdan u ko’pchilik fanlarning o’rganish obyektiga
aylandi. Xususan, sotsial va madaniy geografiya aholining turli xizmatlarga bo’lgan
ehtiyojini tadqiq etgan holda, iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning eng asosiy
bog’inlaridan biriga aylandi. Zero, hozirgi vaqtda shahar va qishloqlarda bozor, tijorat
do’konlari, turli xil xizmat ko’rsatish shoxobchalarining soni ko’payib bormoqda. Ammo
ularning barchasi ham samarali faoliyat ko’rsatmayapti. Buning sababi, ma’lum ma’noda,
shu muassasalarning geogafik jihatdan noto’g’ri joylashtirilganidir. Shu nuqtai nazardan,
iqtisodiyotning davrlar davomida bir xil rivojlanmaganligi, ayni vaqtda, uning makon
doirasida ham turli darajada bo’lishi obyektiv qonuniyatdir.
Ushbu darslikda sotsial sohalar, ya’ni aholi va aholiga xizmat ko’rsatish
tarmoqlarini joylashtirish to’g’risida so’z yuritiladi. Bundan asosiy maqsad u yoki bu
hodisaning tabiiy holda joylanishi emas, balki uni ongli ravishda joylashtirish, yana
to’g’rirog’i, hududiy tashkil qilish masalalarini o’rganishdan iboratdir.
Ijtimoiy — iqtisodiy hayotda ko’pgina voqelik va hodisalar muayyan maqsadni
ko’zlab joylashtiriladi, hududiy tashkil etiladi. Sotsial tarmoqlarni rivojlanishi va hududiy
tashkil qilishida tizim-tarkib qoidasiga muvofiq aloqadorlikni, tartibni va boshqaruvni
nazarda tutadi.
Shuning uchun sotsial sohalarni hududiy tashkil etishda barcha omil va sharoitlar
e’tiborga olinadi.
Aholiga xizmat ko’rsatish sohalarini joylanishi ko’proq ishlab chiqarish
tarmoqlarining joylanishi, uning yashashi uchun lozim bo’lgan shart-sharoitlarning
mavjudligi bilan belgilanadi. Biroq, shu bilan birga, uning o’z-o’zini tashkil qilish va
boshqarish xususiyatlari ham bor. Aholi joylashuviga qarab esa aholiga xizmat ko’rsatish
sohalari hududiy tashkil qilinadi.
Mazkur darslikda 5140600-geografiya bakalavr yo’nalishi davlat ta’lim
standartlari, malaka talablari, o’quv reja va fan dasturlaridan kelib chiqqan holda «Sotsial
va madaniy geografiya» fani bo’yicha asosiy mavzularning qisqacha matni berilgan.
Darslik o’quv adabiyotlarini yaratishning yangi avlodlarini yaratish konsepsiyasi
asosida tayyorlangan. Mavzularning mohiyati, mazmuni, hajmi izchillik bilan yoritilgan
hamda ta’lim oluvchilarning imkoniyatlariga moslashtirilgan. Buni illustiratsiyalarga
boyligi, karta-sxema va statistik ma’lumotlarni berilganligi bilan ham ifodalash mumkin.
Shu bilan birga ta’kidlash joizki, ushbu fan bo’yicha o’zbek tilida o’quv darsligi
va qo’llanmalar kamligi, buning oqibatida mazkur fanga oid manba yaratishda ba’zi
qiyinchiliklar mavjudligi tufayli ushbu ishda ham ayrim kamchilik va nuqsonlar bo’lishi
mumkin. Shu jihatdan, darslik yuzasidan bildirilgan fikr va mulohazalarni mualliflar
kutib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |