ESLATMA: O’zbek tilida shaxs va sonda moslashish hodisasi moslashuvli birikma doirasida chegaralanib qolmaydi. Ega va kesim orasida ham shaxs va sonda moslik hodisasi kuzatiladi. M: men o’qidim Demak, shaxs-sonda moslashish mavjud bo’lgan sintaktik birliklar deganda 2 hodisa nazarda tutiladi: a) moslashuvli birikma – qushning sayrashi b) ega-kesim munosabati – qush sayradiBoshqaruvli birikma 1. Bosh so’zning talabi bilan ergash so’zning ma’lum bir Grammatik vositalarni olishi boshqaruv deb nomlanadi. 2. Bunda tobe so’zning hokim so’zga tushum, jonalish, o’rin-payt va chiqish kelishigi qo’shimchalari yoki ko’makchilar yordamida bog’lanishi boshqaruv deyiladi. 3. Boshqaruv 2 xil bo’ladi: a) kelishikli boshqaruv – bunda tobe so’z hokim so’zga to’rtta kelishik, ya’ni tushum, jonalish, o’rin-payt va chiqish kelishiklari yordamida boglanadi. M: she’rni yodlamoq, uyga qaytmoq, bog’da ishlamoq, asaldan shirin b) ko’makchili boshqaruv – bunda tobe so’z hokim so’zga ko’makchilar yordamida bog’lanadi. M: opam bilan sirlashmoq, sayr haqida suhbatlashmoq 4. Boshqaruvli birikmada Grammatik ko’rsatkichlar, ya’ni kelishik qo’shimchalari yoki ko’makchilar hamma vaqt tobe so’z tarkibida bo’ladi. 5. Ba’zan boshqaruvda kelishik va ko’makchi birga qo’llanishi mumkin. Bunda, odatda, kelishik tobe so’z oxirida qo’shiladi, kelishik ko’makchidan oldin keladi. M: mehnatiga yarasha to’lamoq, darsdan keyin uchrashmoq, dalaga tomon yo’l olmoq Ayrim hollarda kelishik ko’makchidan keyin qo’shilishi mumkin. M: Dala tomonga yo’l olmoq 6. Boshqaruvli birikmada ayrim Grammatik ko’rsatkichlar belgisiz qo’llanishi mumkin. Bunda: - ko’proq tushum kelishigi belgisiz qo’llaniladi. M: ariq qazimoq, she’r yodlamoq, o’t o’rmoq- jo’nalish kelishigi yo’nalish ma’nosini ifodalganda belgisiz qo’llanishi mumkin. M: maktab bormoq - o’rin-payt kelishigi kam hollarda she’riyatda va maqollar tarkibida belgisiz qo’llanishi mumkin, bunda payt ma’nosi ifodalanadi. M: Qovun yesang, sahar ye - chiqish kelishigi belgisiz qo’llanilmaydi. 7. Kelishikli va ko’makchili boshqaruv o’zaro sinonim bo’lishi mumkin. Bunda ular o’rtasida ma’lum bir ma’no farqlanishi bo’ladi, ya’ni: - kelishik qo’shimchalari yordamida bog’lansa, hokim bo’lak ifodalagan harakatning chiqish va yo’nalish nuqtasi aniq bo’ladi; - ko’makchilar yordamida bog’lansa, hokim bo’lak ifodalagan harakatning chiqish nuqtasi noaniq bo’ladi. M: maktabga ketmoq maktab tomon ketmoq 8. Boshqaruvli birikmada tobe so’z belgili tushum kelishigi, belgisiz tushum kelishigi yoki ularga sinonim bo’lgan chiqish kelishigi bilan ifodalanganda quyidagicha ma’no farqlanishi mumkin: - uzum yemoq –har qanday uzum; - uzumni yemoq – so’zlovchi va tinglovchi uchun ma’lum bo’lgan aniq uzum va uning hammasi; - uzumdan yemoq – so’zlovchi va tinglovchi uchun ma’lum bo’lgan aniq uzum va uning bir qismi ma’nosi. 9. Boshqaruvli birikmada ham oldin tobe so’z, keyin hokim so’z keladi. Ba’zan she’riyatda ularning o’rni almashishi mumkin. Bunday o’rin almashtirish mazmun va sintaktik tuzilishga ta’sir qilmaydi, chunki Grammatik ko’rsatkichlar bor. M: Tinglab uning so’zlarin 10. Boshqaruvli birikmada ham tobe so’z, asosan, ot, shuningdek, otlashgan, ot xarakteridagi so’zlar, ya’ni ismlar bilan ifodalanadi. Chunki kelishik va ko’makchilarni olish shularga xos. 11. Boshqaruvli birikma hokim so’zning ifodalanishiga ko’ra ikki xil bo’ladi: a) fe’l boshqaruvli – bunda fe’l va uning shakllari to’rtta kelishik yoki ko’makchilarni boshqarib keladi. Boshqaruvning bu turi ko’proq uchraydi. M: institutda o’qigan idish-tovoqlarni arta-arta Salim bilan gaplashmoq yaxshiga yondash b) fe’l bo’magan so’zlar boshqaruvi – bunda hokim so’z fe’l va uning shakllaridan boshqa so’z turkumlari bilan ifodalanadi. Boshqaruvning bu turida tobe so’z hokim so’zga jo’nalish, o’ri-payt, chiqish kelishiklari qo’shimchalari yoki ko’makchilar yordamida bog’lanadi. Boshqaruvning bu turida tushum kelishigi ishhtirok etmaydi, chunki tushum kelishigi ismlarni faqat fe’lga bog’lash uchun xizmat qiladi. M: zavodda direktor yo’lida intizor intizomda birinchi o’qdan tez do’stlarga salom elda bori suv bilan to’la muhabbat haqida she’r Demak, tushum kelishigini faqat fe’l va uning shakllari boshqarib kelishi mumkin; jo’nalish, o’rin-payt, chiqish kelishigi va ko’makchilarni asosan, fe’l, ba’zan fe’l bo’lmagan so’zlar boshqarib kelishi mumkin. 12. Boshqaruvli birikmani quyidagi birliklardan farqlay olishimiz kerak: a) birga ishlamoq, tezda qaytmoq, zimdan qaramoq, tubdan o’zgartirmoq kabilar kelishikli boshqaruv hisoblanmaydi, chunki tobe so’z tarkibidagi kelishik qo’shimchalari qotib qolgan, bular bitishuvli birikmaga mansub; b) vatan uchun, dala tomon, muhabbati haqida, sen tufayli kabilar ko’makchili boshqaruv hisoblanmaydi, chunki bunda so’z birikmasi yuzaga kelishi uchun hokim so’z mavjud emas, shuning uchun bular so’z birikmasi sifatida shakllanmagan birliklar hisoblanadi. 13. Boshqaruvli birikmaning tobe so’zi gap tarkibida to’ldiruvchi yoki hol vazifasida keladi. hokim so’z turli gap bo’laklari vazifasida kelishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |