Shou biznes hamda ommaviy axborot vositalari hamkorlik normalari
«Ommaviy madaniyat» alomatlari bilan tavsiflanadigan qo‘shiqlarning keng tarqalishida va bunday shou-biznes mahsulotlari yaratuvchilarining «tegirmoniga suv quyish»da ommaviy axborot vositalarining «hissasi» bor deyishga haqlimiz. Bunday qo‘shiqlarni efirga uzatish-u shou-biznes namoyandalari haqida axborot berish – ya’ni shou-biznes reklamasi endilikda OAVlarning daromad manbaiga aylangan.
Reklama OAVlar uchun daromad keltirishi mohiyatan tabiiy holdir. Ammo bunda xalqona qilib aytadigan bo‘lsak do‘ppini yerga qo‘yib, obdan puxta o‘ylab ish yuritish lozim. Binobarin, OAVlarning reklama faoliyatida, fikrimizcha, birinchi navbatda moddiy tovar va xizmatlar nazarda tutilishi lozim, ma’naviy ozuqani tijorat reklamasi predmetiga aylantirishga esa teran yondashuv talab etiladi. Xususan, asl san’at asarlarini OAVlarda notijoriy asosda, ya’ni ijtimoiy reklama sifatida keng targ‘ib qilish davr bilan hamqadamlik mezonidir.
Odatda, ko‘pchiligimiz televideniyeda nima ko‘rsatilsa, radioda nima eshittirilsa, gazetada nima yoritilsa – shuni hayotiy norma, me’yor tarzida qabul qilamiz.
Shunday ekan, ayni paytda shou-biznesning yuqorida misol tariqasida keltirilgan mahsulotlari qabilidagi qo‘shiqlar «Ko‘ngil qo‘shiq istaydi» («O‘zbekiston» kanali), «Yoshlik navolari» («Yoshlar» kanali) kabi musiqiy va boshqa xil tijoriy shou-dasturlarda, shou-biznes reklamasiga ixtisoslashgan maxsus «Navo» kanali, ko‘plab radiokanallar, qo‘l telefonlari, Internet vositasida, ko‘cha-ko‘yda tartibli va tartibsiz, rasmiy yoki norasmiy shaklda ming-minglab, millionlab sotilayotgan disklar orqali, konsert, to‘yu-tomoshalarda qo‘shiq shinavandalari uzra yomg‘ir misol yog‘ilmoqda.
Darvoqye, musiqiy ko‘rsatuvlar haqida so‘z borganda, telekanallarda musiqiy tijoriy dasturlarga keng yo‘l ochib qo‘yilgunga qadar bo‘lgan davrdagi ilk chiqishlari bilanoq haqiqiy san’at oshuftalari mehrini qozongan «Tarannum» dasturining har bir ko‘rsatuvi iliq, ijobiy so‘zlar bilan tilga olinardi.
Boshqa musiqiy dasturlardan farqli ravishda, unda qo‘shiqlar faqat jonli ijroda namoyish etilgani, taniqli san’atkor, suhandon Shuhrat Qayumov ma’nodor savollar bilan san’atkorlarni samimiy suhbatga tortib, dasturga yuksak professional darajada boshlovchilik qilgani tufayli «Tarannum» milliy qo‘shiqchilik san’atimizga muhabbat, uni namoyish etishga mas’uliyat, ustoz san’atkorlarga munosib ehtirom ko‘rsatish, tomoshabinlarni asl san’atning sehrli olamidan bahramand etish namunasi darajasiga yetdi.
Endilikda tijoriy «Tarannum» dasturlari tayyorlanib, efirga uzatiladigan bo‘ldi. Bu tijorat dasturi – yakshanba kunlari soat 16:10-16:40 oralig‘ida ko‘rsatilyapti.
To‘g‘risi, tijoriy «Tarannum»larni bekanda kuzatib boryapmiz deya olmaymiz. Ammo, ishonch bilan aytish mumkinki, ilgarigi ayrim notijoriy «Tarannum»larda goh-gohida kuzatilgan ikkinchi jihat ko‘proq sezilib qolayotir. Tijorat dasturining asosiy maqsadi san’at targ‘iboti, telemuxlislarning estetik didini tarbiyalash va o‘stirish emas, balki daromad olish va san’atkorni reklama qilish ekanligi sababli, shunday bo‘lishi turgan gap!
Do'stlaringiz bilan baham: |