shaxs, narsa, belgi, harakat-holatlarni ifodalaydigan olmoshlar belgilash olmoshlari sanaladi.
TOPSHIRIQ-3. Belgilash olmoshlarini toping.
1. O‘g‘limning har bir holidan xabar olib turish sening vazifangdir. (A. Qodiriy) 2. Hamma perronda. Hamma o‘z jigarini qidiradi. (Said Ahmad) 3. Barcha shodlik senga bo‘lsin, bor sitam, zorlik menga, Barcha dildorlik senga-yu, barcha xushtorlik menga. (E. Vohidov) 4. Dildorning bari gaplari haqiqat edi. (Said Ahmad) 5. Ulug‘ ajdodlarimiz ilm-u ma’rifatlari bilan ham butun olamni fath etganlar. (Sirojiddin Sayyid) 6. Bog‘imizda uzumning hamma xilidan bor edi. (M. Qoriyev) 7. Har qaysi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz, oilaning o‘rni va ta’siri beqiyosdir.
6. BO‘LISHSIZLIK OLMOSHLARI – So‘roq olmoshlari va bir, narsa, nima so‘zlari oldidan hech so‘zining qo‘llanishi natijasida bo‘lishsizlik olmoshlari hosil bo‘ladi. Hech kim, hech nima, hech qachon, hech qanday, hech qancha, hech narsa, hech bir so‘zlari bo‘lishsizlik olmoshlari sanaladi va ular yozuvda
ajratib yoziladi.
TOPSHIRIQ-4. Bo‘lishsizlik olmoshlarining tagiga chizing.
1. Moziylar sasiga quloq tutgum jim, ustun bo‘lgan emas dunyoga hech kim. (I. To‘xtamishev) 2. Haqing berma hech kimga, urho-yo, urho. (I. To‘xtamishev) 3. Hammasi joyida, do‘stlar, men hech kimdan, hech narsadan xafa emasman. (P. Qodirov) Hech bandaning boshiga farzand dog‘ini solmasin ekan. (O‘.Hoshimov) 4. Yo‘q, xo‘jayin, qorin to‘q. Hech nima yegim kelmay turibdi. (G‘afur G‘ulom) 5. Hozir ham hech kim o‘z ismimni aytmaydi, «Ulfat» deyishadi. (Ulfat) 6. Hech kimni shafe keltirmay tura turing, hali. (Cho‘lpon) 7. Hech qanday kishini, xoh u tirik bo‘lsin, xoh u vafot etgan bo‘lsin, yomon so‘zlar bilan kamsitib gapirmaslik kerak. (Muhammad Husayn) 8. U haqda hech qanaqa xat-xabar yo‘q. (G‘afur G‘ulom) 9. Kim o‘z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi. (J. Bayron) 10. Quruq gapning o‘zi hech qachon lo‘nda dalil bo‘la olmaydi. (Ibn Sino).
7.GUMON OLMOSHLARI - So‘roq olmoshlariga alla- yoki -dir qo‘shimchasini qo‘shish yo‘li bilan gumon olmoshlari hosil qilinadi. Alla- qo‘shimchasi so‘roq olmoshlari oldidan, -dir qo‘shimchasi esa so‘roq olmoshlari so‘ngidan qo‘shiladi. Har ikki qo‘shimcha asos qism bilan qo‘shib yoziladi. Narsa so‘zi faqat alla- qo‘shimchasi yordamida gumon olmoshiga aylanadi.
Bir so‘zi kishi, narsa, nima kabi so‘zlarga qo‘shilib, bu so‘zlarga gumon ma’nosini yuklaydi. Ularni kimdir, nimadir, qachondir singari gumon olmoshlari bilan almashtirish mumkin. Bunday vaqtda bir so‘zi gumon olmoshi o‘rnida qo‘llangan bo‘ladi. Shu bilan birga birov so‘zi ham kimdir so‘zi bilan erkin almashina olgani uchun gumon olmoshi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |