Inkor bog‘lovchisi bog‘langan qo‘shma gap qismlarini bog‘lash bilan birga ularda ifodalangan
harakat-holat yoki belgining inkorini ham bildiradi. Shuning uchun bunday bog‘langan qo‘shma gaplarda kesimlar bo‘lishli shakldagi fe’llar yoki bor, mavjud kabi so‘zlar orqali ifodalansa-da, mazmun inkor tarzida anglashiladi. Yozuvda takror qo‘llanayotgan bog‘lovchidan oldin vergul qo‘yiladi: 1. Oradan uch kun o‘tdi hamki, Mahmuda na birovga biron ish aytdi, na murod-u maqsadini surishtirdi. (Nabi Jaloliddin) 2. Ko‘kda na bitta yulduz ko‘rinadi, na undan tushishi mumkin bo‘lgan bir qatim nur. (Ulug‘bek Hamdam).
TOPSHIRIQ-7. Matnni ko‘chiring, na..., na... bog‘lovchisi qaysi gaplarda uyushiq bo‘laklarni, qaysi gaplarda qo‘shma gap qismlarini bog‘lab kelayotganini aniqlang.
1. Xuddi birov ko‘kragimga ming pudli tosh bostirib qo‘ygandek na qo‘limni, na oyog‘imni qimirlata olaman. (Murodjon Mansur) 2. Na ko‘nglimni to‘ka olaman, Na o‘g‘limni so‘ka olaman. (Iqbol Mirzo) 3. Na baqirganingni birov eshitadi, na yordam deb chaqirganingni o‘zing eshitasan. (Ulug‘bek Hamdam) 4. Yalqov va besabr bo‘lma, u senga na obro‘, na baxt keltiradi.
(«Hikmatnoma»dan.) 5. Ilmsiz odam mevasiz yog‘och kabidir: undan na o‘ziga, na xalqiga foyda bor. («Otalar so‘zi») 6. Na tug‘ilib o‘sgan yurtini, na qachonlardir uni yer-u ko‘kka ishonmay ne orzu-umidlar ila katta qilgan ota-onasini, na rasadxona va na undagi do‘stlari-
yu xojasi Umar Xayyomni eslardi. (Nabi Jaloliddin)
BO‘LSA, ESA SO‘ZLARI YORDAMIDA BOG‘LANGAN QO‘SHMA GAPLAR
Bo‘lsa, esa so‘zlari bog‘langan qo‘shma gap qismlarini bog‘lash bilan birga ular o‘rtasida qiyoslash va zidlash munosabati mavjudligini ifodalaydi. Bo‘lsa, esa so‘zlari qiyoslanuvchi bo‘lakdan so‘ng keladi. MASALAN: Rejadagi zarur ishlarni amalga oshirishga vaqt yetkaza olmayapman, sen bo‘lsang faqat dam olaylik deysan. («Gulxan»). Aql – eskirmas kiyim, bilim esa tuganmas buloqdir.
TOPSHIRIQ-8. Gaplarni ko‘chiring, bog‘lovchi vositalarni izohlang.
1. Tovus o‘zining chiroyli patlarini ehtiyot qiladi, vijdonli odam esa o‘zining sharaf-u shonini saqlaydi. 2. Egrilik insonni qabohatga yetaklaydi, to‘g‘rilik bo‘lsa uni saodatga boshlaydi.
3. Yaxshilik qilmoqlik ulug‘ fazilatdir, buning qadriga yetmaslik esa illatdir. 4. Oy tunda kerak, aql esa kunda kerak. 5. To‘g‘ri til tosh yoradi, egri til esa bosh yoradi. 6. Yaxshidan bog‘ qoladi,
yomondan esa dog‘ qoladi. 7. Jahl – dushman, aql esa do‘stdir. 8. Dono aybni o‘zidan
axtaradi, ahmoq bo‘lsa do‘stini ayblaydi. 9. Aql ko‘pga yetkazadi, hunar bo‘lsa insonni ko‘kka ko‘taradi. 10. Rostgo‘ylik odamni kamolotga yetaklaydi, yolg‘onchilik esa uni halokatga olib boradi. 11. So‘zning yumshog‘i g‘azabni so‘ndiradi, so‘zning qattig‘i esa odamni o‘ldiradi.
29-DARS ERGASHGAN QO‘SHMA GAPLAR
Do'stlaringiz bilan baham: |