2.2 O’quvchilarni o’qitish jarayonida o’zaro xurmat va tarbiyaning ro’li.
Bundan ming yil muqaddam buyuk mutafakkir Mahmud Qoshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk” asarida tarbiya, axloq masalalariga to‘xtalib, “Zamon butunlay ozdi. Ilm, hikmat, poklik kamaydi. Tuban, yomonlar ko‘paydi, fazilat egalari yo‘qolayotir”, deya yozgan ekan. Turli davrlarda yashagan donishmandlarning bu singari qarashlarini dunyodagi ko‘plab xalqlar tarixida kuzatish mumkin. Ammo zamon, jamiyat taraqqiyotiga ko‘ra yoshlar tarbiyasi masalasida yangi muammolar tug‘ilgan hamda tarbiyachilar, ustozlarning oldida vazifalar ko‘payib borgan. Odamlar yaxlit, bir butun holda yaxshi yoki yomonga bo‘linmaydi. Agar shunday bo‘lganda edi, tarbiya masalasi osonlikcha hal bo‘lardi. Yaxshi fazilatlar va yomon odatlarning, turli g‘oyalarning bir odamning qalbi va ongini egallash uchun kurashi — tarbiya masalasining naqadar murakkab ekanini anglatadi.
“Tarbiya” so‘zining ma’nolari ko‘p bo‘lsa-da, milliy an’analardan kelib chiqsak, tasavvurda avvalo uning “axloqiy” sifati uyg‘onadi. Boisi, ota-bobolarimiz bola axloq-odobini tarbiyaning boshqa turlariga nisbatan ustun qo‘yishgan.
“Binobarin, bolaning aqliy va jismoniy tarbiyasi samarasiz qolmasligi uchun, — deb yozadi birinchi o‘zbek professori Abdurauf Fitrat “Oila” risolasida, — farzandning axloqiy tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanib ko‘p harakat qilish lozim.
Fitrat ta’lim olishni ham tarbiya sirasiga qo‘shib, uni “aqliy tarbiya” deb ataydi. Shuningdek, farzandni sog‘lom voyaga yetkazish, ya’ni “jismoniy tarbiya”siga ham jiddiy e’tibor qaratib, tarbiyaning ushbu uch turiga xulosa berar ekan, zamonaviy til bilan aytganda, “shaxsning ijtimoiylashuvi”ni sodda ifodalaydi: “...bolalarning tarbiyasi bu farzandni jismonan, fikran va axloqan tarbiya qilib, kamolga yetishtirish demakdir. Ya’ni ularni urinish va tirishish sahrosiga, ya’ni hayot-mamot maydoniga kuchli badan, sog‘lom fikr va yaxshi axloq bilan qurollantirib yuborish demakdir”.
Abdulla Avloniy ham “Turkiy guliston yoxud axloq” risolasida bola tarbiyasiga yondashganda, uni jismoniy, fikriy va axloqiy turlarga ajratib, axloqiy tarbiyaga alohida e’tibor qaratadi.
Ammo hozirgi zamon ta’lim tizimida “tarbiya” so‘zidan chekinish holatlari seziladi, hatto qonun ham “Ta’lim to‘g‘risida” deb atalgan.
Bolalar bog‘chasini “Maktabgacha ta’lim muassasasi” (maktabgacha ta’lim tashkiloti) deyishga ham asta-sekin ko‘nikdik, ammo MTM desa, ko‘z oldimizga baribir bolalar bog‘chasi keladi. Masalaga chuqurroq qarasak, bolalar uchun ilk yoshdan boshlab tarbiyaning jismoniy va axloqiy turlari muhim hisoblanadi. Aqliy yoki fikriy tarbiya — ta’lim bolalar maktabga borishi arafasida amalga kiradi.
Shu o‘rinda “ta’lim” va “tarbiya” so‘zlarining lug‘aviy ma’nosiga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.Milliy tarbiya tarixining atoqli namoyandalari Fitrat va Abdulla Avloniy qarashlarida “tarbiya” so‘zining ma’no qamrovi “ta’lim”ga qaraganda birmuncha kengligini ta’kidladik, hatto “ta’lim” mazmun-mohiyati jihatidan “fikr tarbiyasi” yoki “aql tarbiyasi” sifatida tarbiyaning tarkibiy qismi sanaladi. Tarbiya so‘zida yoshlarni (ham jismonan, ham axloqan, ham aqlan) barkamol avlod sifatida tarbiyalash tushuniladi. Ya’ni sodda qilib aytganda, “tarbiyali bola” barkamol avlod demakdir.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida tarbiya so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “rivojlantirish, parvarish qilish, o‘stirish; o‘rgatish; ilm berish” singari bir qator ma’nolarni anglatishi yozilgan. Izohli lug‘atni sinchiklab o‘rganganimizda “ta’lim” so‘zidan ko‘ra “tahsil” so‘zi ham kengroq ma’noni ifodalaydi.
Aqliy va axloqiy tarbiya mushtarakligiga xalqimiz azaldan o‘ta zukkolik bilan yondashgan. Abu Nasr Forobiy “Baxt-saodatga erishuv” asarida bu masalani o‘ziga xos tarzda izohlaydi: “Ta’lim degan so‘z xalqlar va shaharliklar o‘rtasida nazariy fazilatni birlashtirish, tarbiya esa shu xalqlar o‘rtasidagi tug‘ma fazilat va amaliy kasb-hunar fazilatlarini birlashtirish degan so‘zdir”.
Mutafakkir kasb-hunar egallashni ham, tarbiyani ham amaliy faoliyat orqali yuzaga chiqarishni nazarda tutadi, ta’lim esa faqat so‘z va nazariy tomondan o‘rganish bilan cheklanadi.
“Aqlli deb shunday kishilarga aytiladiki, — deb yozadi Forobiy “Aql to‘g‘risida” risolasida, – ular fazilatli, o‘tkir muhokamali, yaxshi, foydali ishlarga berilgan, zarur narsalarni kashf va ixtiro etishda zo‘r iste’dodga ega; yomon ishlardan o‘zini chetga olib yuradilar. Shunday kishilarni “oqil” deydilar. Yomon ishlarni o‘ylab topishda zehn-idrokka ega bo‘lganlarni “aqlli” deb bo‘lmaydi, ularni “ayyor”, “aldoqchi” degan nomlar bilan aytmoq lozim”.
Anglashiladiki, Sharqda tarbiya ta’limdan bir qadar keng tushuncha ekan, uning zamirida shaxs fazilatlari, bilimliligi, kasb-hunar egallagani, odob-axloqi, umuman, jamiyatda odamlarga qay darajada foyda keltira olishi asosiy mezon hisoblangan.
Tarbiyaviy ruhdagi (“Qobusnoma”, “Mahbub ul-qulub”, “Futuvvatnomayi sultoniy”, “Turkiy guliston yoxud axloq” singari) asarlarda shaxs fazilatlarining tasavvurimizdagi eng kichik, oddiy ko‘rinishlari ham batafsil tavsiflanganki, bu shaxsning tarbiyalanganlik darajasini aniqlashda o‘lchov bo‘lib xizmat qiladi. Shaxs fazilatlarini batafsil izohlash, dars jarayonida o‘rganishning yaqqol namunasi Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asaridir. Asarda insonga xos bo‘lgan fazilatlar, yaxshi va yomon xulq va illatlarga birma-bir izoh berilgan.
Turli tarixiy davrlarda tarbiya oldida turgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘ziga xos usullar, an’analar shakllangan. Bitiktoshlardagi mardlik va ezgulikka da’vat, xalq og‘zaki ijodidagi donishmandlik, mehr-oqibat, mehnatsevarlik kabi fazilatlar, odil podshohlar, komil farzandlar, fozil odamlar; o‘rta asrlar mutafakkirlarining axloqiy ta’limotlari, “ustoz va shogird”, “pir va murid” an’analari; jadid tarbiyashunosligi singari boy tarixiy manbalar ko‘pligiga guvoh bo‘lamiz.
Sho‘ro davridagi “kommunistik tarbiya” esa yuzaki va yolg‘onligi, milliy, tarixiy asosga qurilmagani bilan qisqa vaqt ichida unutildi.
Hozirgi zamon jahon pedagogikasida tarbiyaga turlicha ta’rif berilayotgan bo‘lsa-da, biz uchun sharq mutafakkirlari qoldirgan meros o‘zining hayotiyligi va mazmunan keng qamrovliligi bilan qimmatlidir. Ayrim hollarda ta’lim muassasalarida ta’limni tarbiyadan ustun qo‘yish, tarbiyani e’tibordan chetda qoldirish holati yoki tarbiyani ta’lim orqali amalga oshirish haqidagi fikrlar ilgari surildi.
Maktab amaliy hayotdan ajralib qolishining asosiy sabablaridan biri, shubhasiz (xuddi shuni sharq mutafakkirlari ta’kidlagan edilar), yosh avlod tarbiyasiga faqat nazariy (ta’limiy) tomondan yondashuv bo‘lib, axloqiy faoliyat e’tibordan chetda qoldirilganidir. Haqiqatan, ta’lim olish (o‘quv-biluv faoliyati) — aqliy tarbiyani amalga oshirishi, ya’ni mustaqil o‘qish, fikrlashni rivojlantirishi mumkin. Ammo ta’lim zamiridagi tarbiya nazariy bilimligicha qolaveradi, bu faoliyat emas.
Rus pedagog olimi I.P.Podlasiy (axloqiy) tarbiyani umumiy falsafiy nuqtayi nazardan insonning hayotiy shart-sharoitlarga moslashuvi, ijtimoiy tomondan katta avlod hayotiy va axloqiy tajribalarini yosh avlodga o‘tkazishi, pedagogik jihatdan keng ma’noda insonga barcha ta’sirlar jarayoni va uning natijasi, tor ma’noda o‘quv-tarbiya muassasalarida amalga oshiriluvchi tarbiyachilar tomonidan maxsus tashkil etilgan, aniq maqsadga yo‘naltirilgan va tarbiyalanuvchilarda belgilangan sifat-fazilatlarni shakllantiradigan boshqariluvchi jamoaviy o‘zaro harakat, amaliy nuqtayi nazardan aniq tarbiyaviy vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan tarbiyaviy faoliyat (tarbiyachilar, o‘qituvchilar, sinf rahbarlari, yetakchilar hamkorligida) jarayoni va natijasi deb izohlaydi. Shuningdek, taniqli rus pedagogi G.M.Kodjasparova tarbiya kategoriyasiga ikki yo‘nalishda yondashadi. Birinchidan, tarbiya ijtimoiy hodisa sifatida “yangi avlodni ijtimoiy hayotga tayyorlash maqsadida ularga ijtimoiy-tarixiy tajribalarni o‘tkazish jarayoni bo‘lsa, ikkinchidan, pedagogik hodisa sifatida insonga mavjud madaniyatni o‘zlashtirishi uchun aniq maqsadga yo‘naltirilgan va rejalashtirilgan (uzluksiz) sharoit yaratish”, deb izohlaydi. Bu tarbiya maxsus tarbiya muassasalarida, oila, maktab, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida, bolalar va o‘smirlar birlashmalarida, turar joylardagi klublar singari muassasalarda amalga oshiriladi. Tasavvur qiling, mana shu vazifalarni ta’lim zamirida amalga oshirish mumkinmi?
Tarbiyaning maqsad-mohiyati davrlar o‘tishi bilan o‘zgarmaydi, barcha millat uchun ham bir darajada ahamiyatli. Milliy va umuminsoniy qadriyatlar, an’analar tarbiya mazmun-mohiyatini belgilaydi. Bugun nemis, rus yoki ingliz maktabida ham, o‘zbek maktabida ham ta’lim muassasasining tarbiyaviy vazifalarini kuchaytirish, ta’limning “tarbiyalovchi” faoliyatidan qoniqmaslik holatlari olimlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Tarbiyaga asoslangan maktablar, o‘quvchini hayotga tayyorlashni, ijtimoiylashuvini asosiy maqsad bilayotgan ta’lim muassasalari tajribalarini o‘rganishga ehtiyoj tug‘ilayotganini ta’kidlash joiz.
Ta’lim berish yuksak darajada tashkil qilingan yapon yoki koreys maktablari bitiruvchilari o‘z xalqining milliy qadriyatlari asosida tarbiya topganini bir qarashda, ularning oddiygina salomidan sezamiz. Demak, ta’lim sohasida dunyo mamlakatlarining ilm-fan yutuqlarini o‘qib o‘rganish mumkin, ammo tarbiyada milliy qadriyatlar, urf-odatlardan chekinish yoki ularni ikkinchi darajaga tushirib qo‘yish mumkin emas.
Tarbiyaning ibratga, namunali amaliy faoliyatga asoslanganini ham unutmaslik joiz. Ya’ni aqliy tarbiya (ta’lim) aniq dastur va rejalar asosida oddiydan murakkabga tomon rivojlanib borsa, tarbiyada (axloqiy tarbiya) jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan yoshlarda o‘z vaqtida tegishli munosabat uyg‘otish, aniq maqsad va natijaga yo‘naltirilgan reja va dasturlar ijrosiga qo‘shimcha ravishda ijodiy yondashuv, ijtimoiy muhitni sinchiklab o‘rganish taqozo etiladi. Aqliy tarbiyaga nisbatan axloqiy tarbiyaning faoliyat qamrovi, oldiga qo‘yilgan vazifalar katta bo‘lib, buning samarali ijrosi uchun maktab imkoniyati torlik qiladi. Shunday bo‘lsa-da, ta’lim muassasasi tarbiya jarayonining tashkilotchisi, muvofiqlashtiruvchisi bo‘lishi maqsadga muvofiq. Chunki oilalar bolalarni nafaqat ta’limiy (fikriy), balki axloqiy va jismoniy tarbiyalash borasida turli darajada, hatto farzandiga odob qoidalarini o‘rgatishga qobil bo‘lmagan ota-onalar ham oz emas.
Pedagogik jarayonda axloqiy tarbiyani ham, ta’lim tizimidagidek (davlat ta’lim standartlari singari) uzluksizlik talablaridan kelib chiqib shakllantirish qanchalik katta va murakkab masala bo‘lsa-da, amalga oshirish lozim. Albatta, ma’naviy-axloqiy tarbiya tushunchalarini qolipga solib bo‘lmaydi, ammo talablar shaklida hayotdan ajralmagan holda ifodalash mumkin. Bu boradagi samarali vositalardan biri, shubhasiz, milliy adabiyot o‘qitishni yanada takomillashtirishdir. Chunki milliy adabiyotimiz azaldan odobga asoslanganligini yodda tutishimiz lozim.
Tarbiya umr bo‘yi davom etadigan jarayon. Hayotdagi har bir kishi tarbiyaviy ta’sirga ega. U hayot maktabida tarbiyalanar ekan, tarbiyachi sifatida, tarbiya vositasi sifatida o‘zi ham ijtimoiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Yana Abdulla Avloniyga murojaat qilamiz: ma’rifatparvar bobomiz “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida “o‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar” deya ota-onalardan, “usuli ta’lim” ko‘rmagan” deya muallimlardan noliydi. Demak, axloqiy tarbiyada oila, mahalla, jamoat, maktab hamkorligi hamda bu boradagi muammolar bugun paydo bo‘lgan emas. Bu hamkorlik asosida aniq maqsadga yo‘naltirilgan o‘nlab tarbiya konsepsiyalarini, texnologiyalarini yaratish kun tartibida turgan dolzarb vazifa bo‘lib qolaveradi. Davrimizning muammolari ham, tarbiyaviy imkoniyatlari ham barcha davrlardagiga qaraganda murakkab va ulkandir.
XULOSA
Xulosa qilib aytganda insonning uning o`rab turgan olamga o`zaro ta`siri ob’ektiv munosabatlar tizimida namoyon bo`ladi, ob`ektiv munosabat va aloqalar so`zsiz har qanday real guruhlarda paydo bo`ladi. Guruh a`zolarining bu ob`ektiv o`zaro munosabatlari sub`ektiv shaxslararo munosabatlarda aks etadi. Har qanday ishlab chiqarish odamlarning o`zaro birlashishini talab qiladi. Hech bir kishilik jamiyati agar unda odamlar bilan munosabat o`rnatilmasa, ular bir - birini to`g`ri tushunmasdan to`laqonli, birgalikdagi faoliyatni tashqil eta olmaydi. Masalan, o`qituvchi o`quvchilarga biror narsani o`rgatish uchun ular bilan munosabatga kirishishi kerak.
Muloqot kishilarning hamkorlikdagi faoliyati ehtiyojlari asosida tug`iladigan ular o`rtasidagi aloqa rivojlanishining ko`p qirrali jarayonidir. Muloqot hamkorlikdagi faoliyat qatnashchilari o`rtasida axborot almashinishni o`z ichiga oladi, bu muloqotning kommunikativ tomonini ifodalaydi. Odamlar bir - biri bilan munosabatga kirishishda tildan muomala vositasi sifatida foydalanadilar. Muloqotning ikkinchi tomoni muomalaga kirishuvchilarning o`zaro ta`siridir. Bunda faqat so`zlar emas, balki harakat va holatlar ham almashinadi. Masalan, sotuvchi bilan haridor o`rtasida biror so`z aytmasdan muomalaga kirishish mumkin. Muloqotning uchinchi tomoni muomalaga kirishuvchilarning bir - birini idrok qilishidir.
Muomalaga kirishuvchilarning bir -birini to`g`ri tushunishi muhim ahamiyatga ega. SHunday qilib, muloqotning shartli uch tomonini ajratish mumkin: kommunikativ (axborot berish), interaktiv (o`zaro ta`sir) va pertseptiv (o`zaro idrok qilish). Muloqotning bu uch tomonining birligi muomalaga kirishuvchi kishilarning o`zaro munosabati va hamkorlikdagi faoliyatining tashqil etish usuli sifatida namoyon bo`ladi. Muloqotning qonuniyatlarini, malaka va qobiliyatlarining shakllanishi bilish pedagog uchun g`oyat muhimdir. Bu to`laqonli pedagogik muloqotni yoki muomalani yo`lga qo`yishini ta`minlaydi. Pedagogik muloqot-pedagog va o`quvchilarning o`zaro ta`sir etish usullari yig`indisidir. Muloqotning mazmuni - axborot almashish, o`qituvchi tomonidan turli kommunikativ vositalar yordamida o`quvchilar bilan o`zaro tushunish va o`zaro munosabatlarni tashqil etishdir. Pedagoglarning tarbiyaviy va didaktik vazifalarni o`qituvchi hamda o`quvchilar jamoasi o`rtasida munosabatlarni ta`minlamay turib amalga oshirib bo`lmaydi.
Kishilar muloqotga kirishar ekan, savol berish, buyruq, iltimos qilish, biror narsani tushuntirish bilan birga o`z oldiga boshqalarga ta`sir etish, shu narsani ularga tushuntirish maqsadini qo`yadi. Muloqotning maqsadi kishilarning birgalikdagi faoliyatiga ehtiyojini aks ettiradi. Bunda muloqot shaxslararo o`zaro ta`sir sifatida namoyon bo`ladi, ya`ni kishilarning birgalikdagi faoliyati jarayonida paydo bo`luvchi aloqa va o`zaro ta`sirlar yig`indisidir. Birgalikdagi faoliyat va muloqot ijtimoiy nazorat sharoitida ro`y beradi. Jamiyat ijtimoiy normalar sifatida maxsus xulq - atvor namunalari tuzilishini ishlab chiqqan. Ijtimoiy normalar ko`lami nihoyat keng - mehnat intizomi harbiy burch va vatanparvarlik xushmuomalalik qoidalari ana shular jumlasidandir.
Ijtimoiy nazariya muloqotga kirishuvchilar bajaradigan rolning “repertuar”iga mos holda namoyon bo`ladi. Psixologiyada “rol’” deganda ijtimoiy (sotsial) mavqeni egallab turuvchi har bir kishidan atrofdagilar kutadigan, normativ tomonidan ma`qullangan xulq - atvor namunasi tushuniladi. (yosh, mansab, jins va oiladagi, o`qituvchi va o`quvchi shifokor va bemor, katta kishi yoki bola, boshliq yoki xodim, ona yoki buvi, erkak yoki ayol, mehmon yoki mezbon rolida namoyon bo`lishi mumkin). O`z navbatida har bir rol’ o`ziga mos talablarga javob berishi kerak. Bir kishi turli muloqot vazifalarida turli rollarni bajarishi mumkin. Masalan, xizmat joyida direktor, kasal bo`lsa shifokor ko`rsatmalariga itoat etuvchi bemor, oilada keksa ota - onasining qobil farzandi, mehmondo`st oila boshlig`i bo`ladi. Turli rollarni bajaruvchi kishilarning o`zaro munosabati rolli kutishlari bilan boshqariladi. Xohlaydimi yoki yo`qmi atrofdagilar undan ma`lum namunaga mos keluvchi xulq -atvorni kutadilar. Agar rol’ yaxshi bajarilmasa ijtimoiy - nazorat tomonidan baholanadi, ozmi -ko`pmi cheklanishlar qilinadi. Muloqotning bevosita muvaffaqiyatining sharti o`zaro ta`sir etuvchi kishilarning har biridan kutilayotgan harakatlarga mos keluvchi xulq - atvor namunasini qo`llanishidadir. Kishining boshqalar undan nimani kutayotganini, nimani eshitishga va unda nimani ko`rishga tayyor ekanligini to`g`ri, aniq, xatosiz ko`chira olish qobiliyati takt deb ataladi. O`qituvchi o`quvchilar jamoasi kishilardan tashqil topganligini unutmasligi har bir o`quvchi shaxsini e`tibordan chetda qoldirmasligi kerak. O`quvchilar bilan psixologik aloqaning qisqa muddatga bo`lsada yo`qolishi, og`ir oqibatlarni vujudga keltiradi.
Muloqotning pertseptiv tomoni kishining kishi tomonidan idrok qilish, tushunish va unga baho berishdir. Boshqa kishilarni tushunib olish bilan kishi suhbatdosh bilan bo`ladigan faoliyat, aloqa istiqbolini aniqroq belgilab oladi.
Kishini kishi tomonidan idrok qilish mexanizmi. Muomala jarayonida kamida ikki kishi ishtiroq etadi. Kishining qiyofasi, xatti - harakati asosida suhbatdosh haqida tasavvur hosil qilinadi. Bir -birini idrok qilishda quyidagi mexanizmlar g`oyat muhimdir:
a) identifikatsiya;
b) refleksiya;
v) stereotipizatsiya.
Do'stlaringiz bilan baham: |