II bob. Sharq renessansining dunyo tafakkuri taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi
2.1 Ilmlar rivojida Xorazm Ma‘mun akademiyasining roli
Jahon siyosiy tafakkuri rivojida sharq mutafakkirlarining, xususan, Movaraunnahr va Xuroson hududida tug‘ilib o‘sgan olimlarning xizmatlari katta. O‘rganilayotgan davrda yashagan ko‘plab buyuk olimlarimiz o‘z asrlarini arab tilida yozishgan va arab-musulmon madaniyatining tarkibiy qismi sifatida tarixga muxrlangan. Sharq olamida, xususan, Markaziy Osiyo xalqlari hayotida rivojlangan madaniyatning mavjud bo‘lgani haqida qadimgi baqtriya, so‘g‘d, o‘rxun, xorazm yozuvlarida bitilgan yodgorliklar, devoriy tasviriy san’at asarlari va haykalchalar, arxitektura na’munalari dalolat beradi.
Xorazm Ma’mun akademiyasi Xorazmda X asr oxiri–XI asr boshlarida faoliyat ko‘rsatgan ilmiy muhit. Ma’muniylar davlati (992–1017) tarixi bilan bevosita bog‘liq. Siyosiy, iqtisodiy, harbiy qudratga erishgan xorazmshoxlar davlati mamlakatni birlashtirish, unda tartib o‘rnatish bo‘yicha tadbirlarni boshlab yuborgan. Kun tartibida davlat ichki va tashqi siyosatini olib borishda mafkuraviy masalalarni hal qilish turgan. Ali ibn Ma’mun (997–1010) dono va zukko maslahatchilarga muhtoj bo‘lgan. Uning baxtiga tog‘asi Abu Nasr ibn Iroq o‘z davrining o‘ta bilimdon olimi bo‘lgan. 1004 yilning boshida Ibn Iroq taklifi bilan Beruniy Gurganjga qaytib kelgan. Ma’mun saroyida ilm ahli uchun yaxshi sharoit yaratib berilgan. Bu ikki shaxs Yaqin va O‘rta Sharqdagi ko‘plab olimlar bilan shaxsiy yozishmada bo‘lganlar. Ularning taklifi bilan Nishopur, Balx, Buxoro va hatto arab Iroqidan ko‘plab olimlar Gurganjga kelishgan. Shu tariqa 1004-yildan boshlab Gurganjda «Dorul hikma va maorif» (ba’zi bir manbalarda «Majlisi ulamo») nomini olgan ilmiy muassasa to‘la shakllangan. Bu ilmiy muassasada xuddi Afinadagi «Platon», Bag‘doddagi «Bayt ul-hikma» akademiyasi faoliyatiga o‘xshab ilmning barcha sohalarida tadqiqot va izlanishlar olib borilgan, juda ko‘p manbalar to‘plangan, tarjimonlik ishlari bajarilgan, hind, yunon, arab olimlarining ishlari o‘rganilgan, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniylarning o‘lmas asarlari, ilmiy ishlaridan foydalanilgan va tadqiq qilingan. XVIII–XX asr tarixchi olimlari tomonidan ilmiy muassasa har tomonlama o‘rganilgan va o‘z faoliyati nuqtai nazaridan bu dargoh o‘z davrining akademiyasi bo‘lganligi isbotlangan va unga «Ma’mun akademiyasi» nomi berilgan1.
Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari Yunoniston, Yaqin va O‘rta Sharq, Hindiston ilm-fan yutuqlarini ijodiy, tanqidiy o‘rganib, uni yanada yuksak bosqichga ko‘targanlar. Akademiya a’zolarining aksariyati olim sifatida Markaziy Osiyoda shakllanganlar. Ularning ilmiy faoliyati, asarlari tufayli Qadimgi Xorazm badiiy san’ati, adabiyoti, astronomiyasi, matematikasi, sug‘orish madaniyati yutuqlari jahon tamadduni xazinasiga kirgan va butun insoniyat manfaatlariga xizmat qila boshlagan.
Masalan, Abu Nasr ibn Iroq, astronomiyaga doir ilmiy asarlari tufayli «Batlamiyusi soniy» («Ikkinchi Ptolemey») degan faxriy nom olgan1.
Abulxayr ibn Hammor mantiq, falsafadan tashqari tabobatda ham juda mashhur bo‘lgani uchun «Buqroti soniy» («Ikkinchi Gippokrat») laqabiga sazovor bo‘lgan.
Abu Sahl al-Masihiy tabib, Ibn Sinoning ustozi bo‘lgan. Akademiya rahbari Abu Rayhon Beruniy fanning deyarli hamma sohalari bilan shug‘ullangan. Uning geodeziya va matematika sohalari bo‘yicha asarlari bugun ham dolzarbdir. Beruniy O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib tibbiyotga oid «Kitob as-Saydana fit-tib» («Tabobatda dorishunoslik kitobi») asarini yozgan. Beruniy Amerika qit’asi mavjudligini yevropalik olimlardan taxminan 450 yil oldin aytib o‘tgan. Uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida qadimgi xalqlar (yunonlar, eroniylar, sug‘diylar, xorazmiylar va boshqalar)ning yil hisoblari, bayramlari va mashhur kunlari, urf-odatlariga oid qimmatli ma’lumotlar to‘plangan.
Xorazm Ma’mun akademiyasining yana bir zabardast qomusiy olimi Ibn Sino jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Xususan, uning «Tib qonunlari» asari butun dunyoga mashhur bo‘lgan. Xorazmda Ibn Sino, asosan, matematika va astronomiya bilan shug‘ullangan. Olimning Aristotel ta’limoti xususida Beruniy bilan va o‘zining shogirdi Baxmanyor bilan yozishmalari tarixda mashhurdir. Bu yozishmalar savol-javob tarzida bo‘lib, unda Beruniy va Ibn Sino fazo, issiqlikning tarqalishi, jismlarning issiqdan kengayishi, nurning aks etishi va sinishi kabi masalalarda ilmiy munozara olib borganlar. Ibn Sino Xorazmshoxlar vaziri Abul Husayn as-Sahliy bilan do‘stlashib, unga atab alkimyoga oid «Risola al-iksir» («Iksir haqida risola») asarini yozgan2.
Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari Xorazm tabiati, iqlimi, sug‘orish tizimi, mineralogiyasi, yer osti suvlari, Amudaryo deltasining tarixi, korizlar qurish orqali tuproqni tozalash yo‘llarini tadqiq etishgan. Akademiya a’zolaridan Abu Bakr al-Xorazmiy, tabib Abu-l-Faraj ibn Hindu she’riyatda yuksak mahoratga erishganlar. Xorazm tarixi, dinlari, taqvimi, bayramlari, urf-odatlari, yozuvi, milliy qadriyatlari haqidagi qimmatli ma’lumotlar ularning faoliyati tufayli bizgacha etib kelgan. Ularning o‘zlariga xos shiori: «Ilm — insonlar hojatini chiqarmoqlikka xizmat qilsin», — deya atalgan edi. Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlariga ilmda qat’iylik xos bo‘lgan. Aristotel yo‘l qo‘ygan ko‘p xatolar tekshirishlar davomida tuzatilgan, qutbdagi davomiy tun va kunlar masalasi osonlik bilan falakiyot fani nuqtai nazaridan tushuntirilib, echilgan. Beruniy qayd etishicha, qadimda Xorazm astronomlari yulduzlar joylashish tartibini arablardan ko‘ra yaxshiroq bilishgan.
Xorazmshoh Ma’mun ibn Ma’mun saroyidagi olimlar shuxrati o‘z davrida uzoq o‘lkalarga tarqalgan. Bu esa Mahmud G‘aznaviyning g‘ashiga tekkan. U uyushtirgan suiqasd natijasida Ma’mun II halok bo‘lgan va 1017-yilda Xorazmga bostirib kirgan. Katta qirg‘in va talon-tarojlar natijasida Xorazm Ma’mun akademiyasi faoliyati tugatilgan va olimlarning ko‘pchiligi G‘aznaga majburan olib ketilgan1.
Tadqiqotchi-olimlarning fikricha, Sharq, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi IX-XII va XIV-XV asrlarda bamisoli po‘rtanadek otilib chiqqan ikki qudratli ilmiy-madaniy yuksalishning manbai hisoblanib, jahonning boshqa mintaqalardagi renessans jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan sharq uyg‘onish davri – Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan.
Shu bilan birga, ko‘plab tadqiqotchilar qayd etganidek, agar Yevropa uyg‘onish davrining natijalari sifatida adabiyot va san’at asarlari, arxitektura durdonalari, tibbiyot va insonni anglash borasida yangi kashfiyotlar yuzaga kelgan bo‘lsa, sharq uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq va tabiiy fanlarning, shuningdek, tarix, falsafa va adabiyotning rivojlanishida namoyon bo‘ldi.
Uyg’onish davri o‘z yuksak aql-zakovati, salohiyati, izlanishlari bilan fanning ko‘plab sohalarida muhim kashfiyotlar qilgan qanchalab buyuk daholarni yetishtirib berdi. Ular jahon fanining tibbiyot, falakiyot, matematika, jug‘rofiya, tarix, geologiya, geodeziya, minerologiya, farmakologiya va boshqa yo‘nalishlarining tamal toshini yaratdilar. Bu muqaddas zamindan etishib chiqqan Muhammad Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Abu Bakr Muhammad Narshaxiy, Abu Abdulloh Xorazmiy, Mahmud az- Zamahshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Nizomulmulk, Qaffol ash-Shoshiy, Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi va boshqa buyuk siymolarni nomini haqli ravishda ehtirom bilan tilga olamiz. Milliy mustaqilligimiz sharofati tufayli ularning boy ilmiy merosi sarchashmalaridan baxramand bo‘la boshladik. «Istiqlol sharofati bilan, - degan edi Islom Karimov, - ma’naviyat buloqlarining ko‘zi ochildi, biz bu buloqning zilol suvlaridan bahramand bo‘la boshladik. Sho‘ro davrida unutilgan qadriyatlarimiz, nomi qoralangan bobokalonlarimizning durdona so‘zlarini biz obi kavsardek ko‘zimizga surtmoqdamiz. O‘ylaymanki, biz nimaga erishgan bo‘lsak, ana shu savobli ishlarimiz uchun Allohning bizga in’om etgan marhamatidandir».1
Allomalarimizning qomusiy bilimdonliklari shundaki, ularning har biri bir emas, balki ko‘plab ilm-fan yo‘nalishlarida ulkan kashfiyotlar qildilar. Bu jihatdan Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850), Ahmad al-Farg‘oniy (797-865), Abu Nasr Forobiy (873-950)larning fandagi jasoratlari ibratlidir. Agar al-Xorazmiy matematikaga oid «Hisob aljabr va al-Muqobala», «Hind hisobi haqida kitob», «Astronomik jadvallar», «Quyosh soatlari haqida risola» asarlari bilan matematika (algoritm) va astronomiya fanlarining tamal toshini qo‘ygan bo‘lsa, uning «Kitob surat al-arz» asari arab geografiyasi fanining tom ma’noda yaratilishiga negiz bo‘lib xizmat qildi. Olimning «Kitob at-tarix» asari esa Movarounnahr, Xuroson va Kichik Osiyo xalqlari tarixining VIII-IX asrlari davrini o‘rganish uchun muhim manba hisoblanadi.
Ma’lumki arablar Iroq, Misr va Suriyani istilo qilgunga qadar yunon alifbosiga asoslangan raqamlardan foydalanganlar. VII asrdan boshlab esa arab alifbosi harflari bilan ifodalanuvchi raqamlar qo‘llanilgan edi. Al-Xorazmiy Hindistonda kashf qilingan o‘n raqamidan iborat sanoq tizimini o‘rgandi, soddalashtirdi va birinchi marta arab tilida bayon qildi. Al-Xorazmiy «Arifmetika» si bilan birga hind raqamlari ham arab dunyosiga kirib keladi. XII asrda Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqaladi. Arab raqami hanuz jahonda shunday deb yuritiladi. Uni jahonga tanitgan Al-Xorazmiy ekani Abu Rayxon Beruniyning «Hindiston» asarida ham aytib o‘tilgan. U o‘z davridagi Bag‘dod ilmiy Akademiyasi faoliyatiga rahbarlik qilgan, bu esa uning nufuzining ko‘tarilishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Astronomiya, geografiya va boshqa fan sohalarida muhim kashfiyotlar qilgan Ahmad al-Farg‘oniy nomi ham mangulikka daxldordir. Chunonchi, olimning «Astronomiya asoslari haqida kitob», «Al-Farg‘oniy jadvallari», «Yetti iqlimni hisoblash haqida» singari asarlari allomaga astronomiya ilmida jahoniy shuhrat keltirdi. U yer sharining ilk bor xaritasini tuzgan birinchi buyuk geograf olim hamdir. U nafaqat Sharq dunyosida shuhrat qozonib qolmay, balki g‘arb olimlari e’tirofiga ham sazovor bo‘lgan. Shu bois u Evropada «Alfraganus» nomi bilan mashhurdir. Bejiz yurtboshimiz Al-Farg‘oniyni «...kishilik tarixidagi ilk Uyg‘onish davrining eng zabardast va yorqin namoyandalaridan biri, o‘z zamonasi fundamental fan asoschilaridan edi. Uning merosi insoniyatning yangi ilm cho‘qqilariga ko‘tarilishiga sababchi bo‘ldi, butun ma’rifiy dunyo olimlari uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qildi»,1 deb ta’rif etgan edi.
Tabiiy va ijtimoiy fanlar rivojiga birdek katta hissa qo’shgan, geologiya, minerologiya, geodeziya, geografiya, farmakologiya fanlarining tamal toshini qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy (973-1048) ham ilm-irfon osmonining porloq yulduzlari sirasiga kiradi. Uning qalamiga mansub «Ma’sud qonuni», «Saydana», «Minerologiya», «Astronomiya kaliti», «Quyosh kitobi» singari asarlari necha asrlar davomida turli yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi dunyo olimlari uchun bitmas-tuganmas ilmiy xazina rolini o‘tab keladi. Olimning chuqur ilmiy yirik fundamental asari – «Hindiston» to‘g‘risida so‘z yuritgan akademik V.R.Rozen «Sharq va g‘arbning qadimgi va O‘rta asrdagi butun ilmiy adabiyoti orasida bunga teng keladigan asar yo‘q»,1 deb baho beradi.
1010-yili Beruniy Abu-l Abbos Ma’mun II ibn Ma’mun tomonidan mamlakatning yangi poytaxti Urganchga keltiriladi. Ma’mun II fan va adabiyot homiysi bo‘lib Urganchda “Ma’mun akademiyasi” nomli ilmiy markaz barpo etgan edi. Bu akademiyaga O‘rta Osiyo va umuman islom sharqining birqancha olim, shoir, yozuvchilarini to‘plagan edi. Beruniy akademiya faoliyatida faol ishtirok etadi va muhim rol o‘ynaydi2. Beruniy barcha fanlarning kelib chiqishini insonning ehtiyoji bilan bog‘laydi. Olim ilmni dindan alohida tadqiq etish tarafdori. Uning fikricha, ilmiy haqiqatni diniy haqiqatdan ajrata bilish, birini ikkinchisi bilan solishtirmaslik lozim. Olim “Alloh hamma narsani biladi” iborasi nodonlikni oqlamaydi deydi3. Uning bu fikriga Ibn Sino ham qo‘shiladi. Ilohiyat haqidagi ilmning “Alloh hamma narsanioldindan biladi” degan tezisini rad etishda Brabantlik Siger Ibn Sino ta’limotiga suyanadi4.
Beruniy zamondoshi, ko‘hna Buxoro zaminidan yetishib chiqqan Abu Ali ibn Sino (980-1037) nomi tibbiyot ilmi bilan hamohang, tibbiyotni haqiqiy fan sifatida shakllanib o‘z maqomiga ega bo‘lishiga asos solgan buyuk olimdir. Zotan, uning 5 jildli «Kitob al-qonun fit- tib» («Tib qonunlari») asari aynan tibbiyotga oid benazir dasturilamal kashfiyotdir. Bu asarlar majmuini ko‘zdan kechirar ekanmiz, allomaning yuksak tabiblik salohiyatiga, kasalliklarni aniqlash, ularni davolash borasidagi yuksak mahoratiga tan beramiz. Jumladan, «Al- qonun» ning ikkinchi kitobida 800 ga yaqin dori-darmonlarning xususiyatlari, ularni tayyorlash va iste’mol qilish usullari buning isboti bo‘la oladi. Olimning falsafa va tabiiy fanlarga doir 4 qismdan iborat «Kitob ash-shifo», Donishnoma” asarlari ham mavjuddir. Ibn Sinoning tibbiyotdan tashqari ko‘plab tabiiy va ijtimoiy fanlar bilan faol shug‘ullanganligi, muhim yutuqlarga erishganligi ham ibrat bo‘larlidir. Ma’mun akademiyasi Mahmud G‘aznaviy tomonidan tugatilgan bo‘lsa-da, oradan ming yillar o‘tib uning faoliyati qaytadan yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 11-noyabrdagi “Xorazm Ma’mun akademiyasini qaytadan tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq akademiya bugungi kunda ham o‘z faoiyatini olib bormoqda. 1997-yil noyabr oyida akademiya tarkibida arxeologiya, tarix va falsafa, til va adabiyot, biologiya muammolari bo‘limlari tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-noyabrdagi qaroriga muvofiq, 2006-yilda Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi yurtimizda keng nishonlandi.
Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, Xorazm Ma’mun akademiyasi faoliyati nisbatan kam yillar davom etgan bo‘lsa-da, tariximiz sahifalarida o‘zining o‘chmas izini qoldira oldi. Dunyo madaniyati tamadduniga yuksak hissa qo‘shgan olimlar ushbu akademiyada faoliyat ko‘rsatdi va avlodlarga bitmas-tuganmas boylik qoldira oldilar . Ushbu akademiya hozirda ham kunning dolzarb muammolarini hal etishni o‘z oldiga maqsad qilib, izlanishlar olib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |