Tadqiqotning nazariy-uslubiy asoslari. Tadqiqotning nazariy uslubiy asoslarini belgilashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning asarlarida bayon qilingan xolislik, tarixiy xotira, haqqoniy tarixni yoritish1 kabi tamoyillari muhim ahamiyat kasb etdi. Tadqiqotning nazariy asosi sifatida sharq renessansining nazariy va amaliy masalalarini yorituvchi tadqiqotlar va ilmiy adabiyotlarga murojat etildi.
Malakaviy bitiruv ishining tuzilishi. Bitiruv malakaviy ishi kirish, ikki bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhatidan iborat.
______________________________________________
I bob. Sharq renessansi, uning mazmun - mohiyati va vujudga kelishi
1.1 Sharq uyg‘onishi davri tushunchasi va uning mohiyati
Tarixdan ma’lumki ijtimoiy taraqqiyot doim bir yo‘sinda ravon bo‘lmagan. Insoniyat umumiy rivojlanish bilan birga qanchadan-qancha to‘siqlarni, tanazzul va tangliklarni boshidan kechirgan va so‘ngra ularni bartaraf etib o‘z moddiy va madaniy darajasini qayta tiklagan, yangi taraqqiyot sari astoydil intilgan. VIII-XII asrlar davomida Markaziy Osiyoda katta va muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Movarounnahr va Xuroson arablar tomonidan to‘lig‘icha bosib olinib, arab xalifaligi tarkibiga kiritildi. Yerli xalq arab mustamlakachiligiga qarshi to‘xtovsiz kurash olib bordi va asta- sekin IX-X asrlarga kelib bu yerda mustaqil davlatlar vujudga kela boshladi. Mustaqil davlatchilik sohasida o‘zaro urushlar davomida Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Xorazmshoxlar birin-ketin hukmronlik qilib, tarix sahnasiga kelib ketdilar. Lekin shunga qaramay bu davr madaniyati, ma‘naviy hayotida juda katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdiki, ular nafaqat Movarounnahr, balki butun musulmon Sharqi tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
Ma’naviy hayotda eski dinlar o‘rniga islom mustahkam o‘rin egalladi. U faqat dingina emas, balki yangi ma’naviy yo‘nalish sifatida butun madaniy jarayonga, barcha musulmon mamlakatlari orasida ijtimoiy-madaniy, ma’rifiy aloqalarning kuchayishiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu davrda ma’naviyatda hurfikrlilik, har qanday bilim, ilm-fanga hurmat, diniy oqimlar erkinligi ustunlik qildi. Diniy va dunyoviy ilmlar uzviy bog‘liq holda rivoj topdi. Qadimgi yunon, hind va boshqa ilmiy an’analardan ham keng foydalanildi. Movarounnahrdagi qadimgi boy madaniy qadriyatlar islom bilan bog‘liq bo’lgan yangi ma’naviy an’analarning shakllanishi va rivoj topishida muhim rol o‘ynadi1. Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari madaniyatining rivojlanishida, jamiyat ma’naviy hayotida IX asrdan boshlab keskin yuksalishni kuzatamiz. Bu rivojlanish bir necha asr davom etdi. Tabiatshunos, shoir va mutafakkirlarning ajoyib vakillari yetishib chiqdi. O‘sha davrning ilmiy tiliga aylangan arab tiliga turli chet tillardan adabiy va ilmiy asarlarni tarjima qilish avj oldi. Matematika, astranomiya, kimyo, tibbiyot, mineralogiya sohasida yangi ixtirolar qo‘lga kiritiladi: tarix, falsafa, filologiyada keskin ko‘tarinkilik yuz beradi, yangi ilg‘or g‘oyalar olg‘a suriladi. Badiiy adabiyot misli ko‘rilmagan yuksalishga erishadi. Hozirgi davrga qadar o‘zining qimmatini yo‘qotmagan, qomusiy xarakteri bilan kishini taajjubga solib keluvchi risolalar, arab, fors, turkiy tillarda bitilgan nafis ruboiylar, g‘azallarning ko‘pchiligi ana shu davrning mahsulidir. Yaqin va O‘rta Sharqda IX asrdan boshlab bir necha asr davom etgan va turli mamlakatlarda qisqa vaqt ichida o‘zining yuksak nuqtasiga ko‘tarilgan bu madaniy ravnaq ilmiy adabiyotlarda Renessans1 (Uyg‘onish davri) deb xarakterlanadi2.
Uyg‘onish davri – Markaziy Osiyo, Eron, Xitoy (IX-XII va XV asrlar) va G‘arbiy Yevropada (XV-XVII) yuz bergan alohida madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davridir. Sharq Uyg‘onishi, sharq renessansi haqida gap ketganda turli soha olimlari-tarixchilar, adabiyotshunoslar, madaniyatshunoslar va san‘atshunoslar bu masalaga befarq bo‘lmaganlaridek, qarashlar ham asosan ikkiga bo‘linadi. Uyg‘onish atamasi (italyancha-fransuzcha-Renaissans-Uyg’onish)ni dastavval shu madaniyat sohiblari – italyan gumanistlari ishlatganlar jumladan, italiyalik yozuvchi J. Bakachcho bu atamani Djotto ijodiga qarata, «u antik san’atni uyg‘otdi» deb birinchi bor ishlatgan edi. Butun bir davrni anglatuvchi tushuncha sifatida san’at tarixchisi J. Vazari (1511-1574 y.) tarafidan uning «Mashhur san’atkorlar hayotidan lavhalar» kitobida (1550) tilga olingan. Bu tushuncha birinchi paytda antik madaniyat an’analarini Italiyada «ming yillik yovvoyilikdan so‘ng» tiklanishini anglatib, so‘ngroq ilmiy tadqiqotlarda keng ishlatila boshlandi. Ya.Burkxart Uyg‘onish (Renessans)ni alohida tipdagi madaniyat deb baholadi. Ushbu masalaga qiziqish ortib, ilmiy izlanishlar ko‘paya borgani sayin uyg‘onish tushunchasi, bu davr madaniyatining xronologik va geografik chegaralari, uni davrlashtirish xususida ziddiyatli, turlicha fikrlar bildirila boshlandi. Y.Xeyzing o‘zining «O‘rta asrchilikning kuz fasli» asarida uyg‘onish davri-o‘rta asr madaniyatining intixo davri deb hisoblasa, boshqa olimlar uyg‘onish davri yangi davr madaniyatining boshlanishi deb sanaydilar. Ko‘pchilik olimlar Yevropa uyg‘onish klassik tarzda davrlashtirib u XIV-XVI asrlarga xos deb bilsalar, boshqalar Uyg‘onish madaniyatini bir muncha ilgariroq XII asr– Karolinglar renessansidan boshlab, Ispaniya, Italiya shimolidagi mamlakatlardagi (Shimoliy Uyg‘onish) uyg‘onishni XVII asr bilan yakunlaydilar.1950-yillarning o‘rtalaridan e’tiboran «Sharq» uyg‘onish davri masalasida jiddiy munozara bahs ketdi. Xitoy madaniyati tarixi tahlilida akademik N.Konrad uyg‘onish davrini qadimgi, o‘rta asrlar singari insoniyat sivilizatsiyasining barcha mintaqalariga xos umumbashariy hodisa deb qaraydi. Umumjahoniy jarayon hisoblangan uyg‘onish sharqda (Xitoy) VI-VIII asrlarda boshlanib, g‘arb sari siljigan va XIV asrda Yevropa hodisasiga aylangan. Uyg‘onishning bunday talqiniga qarshi bu hodisa turli mamlakatlarda mintaqaviy, ayrim ko‘rinishlarda amal qilishi mumkin, lekin u umumjahoniy fenomen bo‘lishi mumkin emas, deb hisoblovchilar ham bor. Uyg‘onish davri Xitoyda (Konrad), Eron-Tojikistonda (Braginskiy, Nikitin), Hindistonda (Celishev), Turkiyada (Mellov), Armanistonda (Chaloyan), Ozarboyjonda (Gajiev), Gruziyada (Nucubidze, Natadze) kechkanligi haqida ayrim ma’lumotalar keltiriladi. Ayni chog‘da har ikki qarash tarafdorlarini Yevropa uyg‘onish davrini mutlaqo betakror hodisa deb qarovchi mualliflar (A.Losev, M.Petrov) jiddiy tanqid qiladilar1.
Ammo Renessans, ya’ni Uyg‘onish faqat Yevropa hodisasi emas, dunyo madaniyatini yaxlit olib o‘rgangan olimlarning ishlari shuni ko‘rsatadiki, Osiyo markazida joylashgan Movarounnahr, Xuroson, Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (IX-XII) ulkan madaniy ko‘tarilish yuz bergan2. Bu davr dunyo ilmida “Musulmon Renessansi”3 yoki “Sharq Uyg‘onishi”4 nomi bilan atalib kelinmoqda. Sharq Uyg‘onishi juda katta hududlarda sodir bo‘lgan jarayondir. Jumladan, Pireneya yarim orolidan Hindistongacha, Misr va Arabiston yarim orolidan Tyan-Shan tog‘i va uning etaklaridagi hududlarni o‘z ichiga oladi5. Ushbu hududlarda sodir bo‘lgan madaniy yuksalish boshqa hududlarga ham ijobiy ta’sir etmay qolmadi.Akademik M. Xayrullayev Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrini ikki bosqichga bo‘ladi:
1. Ilk Uyg’onish davri IX-XII asrlarni o‘z ichiga oladi1. Ushbu davrda buyuk qomusiy olimlar: Al-Xorazmiy, Al-Farg’oniy, Forobiy, Rudakiy, Ibn Sino kabilar yashab, ijod etganlar.
2. XIV-XV asrlar Renessansning “yetuklik” davri bo’lib, bu davrni buyuk astranom Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod nomlari bilan bog‘lashimiz mumkin. Ushbu bosqich Temur va Temuriylar davri nomi bilan ham ataladi2.
XIV asr oxiri va XV asrdagi O‘rta Osiyodagi Uyg‘onish davri madaniy ko‘tarinkiligini bu yerdagi IX-XII asrlardagi madaniy rivojlanishdan alohida olib, birdan vujudga kelgan hodisa, deb talqin etish noto‘g‘ridir. IX-XII asr va XIV-XV asrlardagi madaniy yuksalishni bir jarayonning ikki bosqichi, deb qaramoq zarur. Ya’ni bu ikki davrni bir butun deb tushunish lozimdirki, shundagina biz Ulug‘bek va Navoiy davridagi madaniy ravnaqni, uning ma’naviy, g‘oyaviy manbalarini to‘g‘ri tushungan bo‘lamiz. Renessansning so‘nggi davrida ham arab tili inkor etilmagan holda fors-tojik va turkiy tillar, ayniqsa turkiy til madaniy ravnaqning muhim belgisiga aylandi3.
Renessans - uyg‘onish davri madaniyati, ma’naviyati va ma’rifati mohiyat-e’tibori bilan dunyoviy, gumanistik dunyoqarashi, antik davr madaniy merosiga murojaat qilish, bamisoli uning «qayta uyg‘onishi» (nomi ham shundan)ni anglatadi. Uyg‘onish davri namoyondalari qarashlari insonning cheksiz imkoniyatlariga, uning irodasiga, aql-idrokiga ishonib qarashi bilan ajralib turadi. Fanda sharq va g‘arb uyg‘onishi davri tushunchalari ishlatiladi. Ular umumiy, o‘xshash tomonlar bilan birga, ma’lum farq, o‘ziga xos xususiyatlari jihatidan ham ajralib turadi. Avvalo ular davr nuqtai nazaridan farqlanadi. Ilk sharq uyg‘onish davri IX-XII asrlarni, so‘nggi uyg‘onish davri XIV-XV asrlarni o‘z ichiga olsa, g‘arb uyg‘onish davri XV-XVII asrlarni o‘z ichiga olishi bilan farqlanadi. G‘arb uyg‘onish davri uchun feodalizmga, dinga qarshi kurash xos bo‘lsa, Sharqda masalaning g‘arbdagidek keskin qo‘yilishini ko‘rmaymiz4. Sharq va g‘arb uyg‘onishi uchun umumiy xususiyatlar antik davrga murojaat qilish, uni «qayta tiriltirish», tabiiy fanlar rivoji, fanda universallik (qomusiylik)ni, gumanizmni targ‘ib etish va boshqalarda namoyon bo‘ladi.
Sharq renessansi davri quyidagi umumiy xususiyatlarga ega:
madaniyat, dunyoviy fanlar va islom aqidashunosligining taraqqiyoti;
yunon, rum, fors, hind va boshqa madaniyatlar yutuqlariga suyanish;
astronomiya, matematika, minerologiya, jug‘rofiya, kimyo va boshqa tabiiy fanlar rivoji;
uslub (metodologiya)da - ratsionalizm, mantiqning ustunligi;
insoniy do‘stlik, yuksak axloqiylikning targ‘ib etilishi;
falsafaning keng darajada rivoj topishi;
adabiyot, she’riyat, ritorikaning keng miqyosda rivojlanishi;
bilimdonlikning qomusiy xarakterda ekanligi.
Tadqiqotning ushbu qismiga xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, O‘rta Osiyo tarixiy voqealarga g‘oyat boy o‘lka bo‘lishi bilan birga azaldan ilm-fan, madaniyat va ma’naviyatning markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Bu o‘lka dunyoga ma’naviyat va ma’rifatning barcha sohalarida yuzlab, minglab jahonshumul ulug‘ zotlar, davlat arboblarini tarbiyalab bergan. Umumbashariyat ma’rifatparvarligini yaratishda buyuk ajdodlarimiz bevosita ishtirok etganlar, uning taraqqiyoti va boyishiga ulkan hissa qo‘shganlar. O‘rta Osiyo madaniy merosi jahon madaniyati va ma’rifatining uzviy ajralmas tarkibiy qismidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |