Xivchinlilar - Mastigophora sinfi
Bu sinfga mansuv hayvonlar sitoplazma o‘simtasidan hosil bo‘lgan bitta yoki
bir nechta xivchinlar yordamida harakatlanadi. Ko‘pchiligida xivchin bittadan,
ba’zan ikkita yoki undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Xivchinlilarning hujayrasi
organik pellikuladan iborat qobiq bilan o‘ralgan. Shuning uchun ular tanasining
shakli doimiy bo‘ladi. Xivchinlilar sinfi o‘simliksimon va hayvonsimon xivchinlilar
kenja sinflariga bo‘linadi.
O’simliksimon xivchinlilar – Phytomastigina kenja sinfi. O’simliksimon
xivchinlilar hujayrasida yashil rang beruvchi xromatoforalar bo‘ladi. Hamma yashil
xivchinlilar yashil o‘simliklar singari yorug‘da karbonat angidrid gazi, suv va
boshqa mineral moddalardan organik moddalar sintezlaydi, ya’ni fotosintez orqali
avtotrof oziqlanadi. Ular fotosintez jarayonida kraxmal yoki unga o‘xshash modda
paramila sintezlaydi. O’simliksimon xivchinlilar tuzilishiga ko‘ra bir hujayrali
suvo‘tlariga o‘xshaydi.
Yashil evglena. Yashil xivchinlilar orasida evglenasimonlar turkumiga mansuv
bo‘lgan hayvonlar chuchuk suvlarda ko‘p uchraydi. Ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan
Yashil evglena (2-rasm) chuchuk suv havzalarida yashaydi. Uning hujayrasi yupqa
elastik po‘st - pellikula bilan qoplangan bo‘lib, shakli ikki uchi ingichkalashgan
dukka o‘xshaydi. Tanasining oldingi uchida bitta uzun xivchini, sitoplazmasida esa
yirik pufaksimon yadrosi, tayo‘qchasimon bir qancha yashil xromatoforalari, xivchin
asosida qisqaruvchi vakuolasi va qizil dog‘simon ko‘zchasi joylashgan. Tanasi
egilishi va shakli birmuncha o‘zgarishi mumkin. Harakatlanayotgan evglena
xivchinini aylantiradi. Xivchini parma singari buralishi tufayli evglena oldinga
aylanma harakat bilan suzib ketadi.
Volvoks. Chuchuk suvlarda koloniya bo‘lib yashovchi Yashil xivchinlilar ham
ko‘p uchraydi. Ular orasida volvoks ayniqsa keng tarqalgan. Volvoks koloniyasi bir-
biri bilan sitoplazmatik ipchalar orqali qo‘shilib ketgan juda ko‘p sonli evglenaga
o‘xshash tuzilgan hujayralardan iborat. Hujayralarning ko‘pchiligi vegetativ
(o‘suvchi), oz qismi esa generativ (ko‘payuvchi) bo‘ladi. Volvoks koloniyasining
ko‘rinishi ko‘p hujayralilar embrionning blastula davriga o‘xshaydi. Volvoksni
o‘rganish ko‘p hujayralilarning kelib chiqishi tarixini bilishda katta ahamiyatga ega.
O’simliksimon xivchinlilar yorug‘lik yetishmaganida yashil rangini yo‘qotib,
barcha hayvonlar singari tayyor organik moddalar hisobiga geterotrof oziqlanishga
o‘tadi. Bunda ular suvda erigan organik moddalarni shimib oladi. Evglenasimon
xivchinlilar orasida birdaniga ikki xil oziqlanish xususiyatiga ega bo‘lgan turlar ham
bor. Bunday ikki xil usulda oziqlanish miksotrof (aralash) oziqlanish deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |