Lizing to’lovlari – lizing beruvchining lizing ob’ektini olish uchun qilgan xarajatlarining hammasi yoki ko’p qismi, shuningdek, lizing ob’ektini etkazib berish va belgilangan maqsadda foydalanish uchun uni yaroqli holga keltirish bilan bog’liq bo’lgan boshqa xarajatlari lizing oluvchi tomonidan qoplanishi hamda lizing beruvchining daromadi. Lizing to’lovlari shartnomaning butun amal qilish muddatiga taqsimlanadi va bo’lib-bo’lib to’lanadi. Lizing to’lovlarining miqdorlari va davriyligi lizing shartnomasi bilan belgilanadi.
Lizing ob’ektlari – tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan iste’mol qilinmaydigan har qanday ashyolar, shu jumladan korxonalar, mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari hamda boshqa ko’char va ko’chmas mulklar.
Litsenziya – u yoki bu mahsulotni tayyorlash, xo’jalik ishlab chiqarish va
ilmiy faoliyatning turini amalga oshirish, mahsulotning ma’lum bir turi va miqdorini eksport yoki import qilishga davlat yoki boshqaruv mahalliy organlarining rasmiy ruxsati.
Markaziy bank – mamlakatning pul belgilarini emissiya qilish (pul bosib chiqarish) va tijorat banklari faoliyatini nazorat qilish huquqi berilgan bosh davlat banki. Markaziy bank «banklarning banki» bo’lib, pul muomalasini tartibga solishda va byudjetni boshqarishda davlatga va hukumatga yordam beradigan organ hisoblanadi.
Majburiy zaxira talabi – tijorat banklari jalb qilgan mablag’laridan ma’lum bir qismining Markaziy bankning zaxira fondiga o’tkazilishi.
Marketing xizmatlari – maxsus tayyorgarlik ko’rgan marketologlar guruhi, uyushmasi, bo’limi va boshqarmasining faoliyat majmui.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat – a’zolari jamiyat majburiyatlari bo’yicha faqat o’zlari qo’shgan ulush doirasida javobgar bo’ladigan jamiyat.
Maqsadli soliq imtiyozlari – xo’jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan davlatning maqsadli ijtimoiy, iqtisodiy, investitsion va boshqa dasturlarining bajarilganligi uchun soliqqa tortish hajmining pasaytirilishi. Investitsion soliq kreditidan farqli ravishda o’zaro manfaatdorlik (o’zaro foydalilik) asosida mintaqaviy byudjetga borib tushuvchi soliq summalari doirasida ijroiya hokimiyati organlari tomonidan har qanday korxonaga berilishi mumkin.
Milliy valyuta – bu muayyan mamlakatda muomalada yuruvchi va tanho to’lov vositasi deb qabul qilingan puldir. Har bir milliy valyutaning boshqa valyutaga almasha olish xususiyati valyuta konvertatsiyasi deyiladi. To’liq konvertirlanuvchi va qisman konvertirlanuvchi valyutalar bo’ladi. Valyutalarning konvertirlanish darajasi mamlakat iqtisodiyotining ochiqligi, uning rivojlanganligi va eksport salohiyatiga bog’liq bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |