Ishlab chiqarish samaradorligi – korxona miqyosida iqtisodiy faoliyat, iqtisodiy dasturlar va tadbirlarning foydali natijalar berishi, olingan iqtisodiy samaraning muayyan qiymatga ega bo’lgan resurslarni qo’llagan holda eng yuqori ishlab chiqarish hajmiga erishishga sabab bo’lgan ishlab chiqarish omillari, resurslar sarflariga nisbati bilan tavsiflanadi.
Ishlab chiqarish xarajatlari – korxonaning mahsulot ishlab chiqarish maqsadlarida iqtisodiy resurslar sotib olish uchun qilgan pul sarflari.
Iqtisodiy faol aholi – milliy xo’jalikda band bo’lgan barcha kishilar bilan bir qatorda ish qidirayotgan mehnatga layoqatli aholi. Ular iqtisodiy jihatdan faol va tegishli faoliyatda qatnashishi mumkin, biroq, daromad oladigan manbalari kam yoki mablag’lari yo’qligi tufayli bu faoliyatni amalga oshira olmaydilar.
Kapital (nem. kapital; lot. capitalis – bosh, asosiy) sarmoya – keng ma’noda – o’z egasiga daromad keltirish xususiyatiga ega bo’lgan jami vositalar va mablag’lar; yangi qiymat keltiruvchi, o’zini-o’zi ko’paytiruvchi qiymat. Tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish uchun kishilar tomonidan yaratilgan resurslar; tor ma’noda – ishlab chiqarish vositalari ko’rinishidagi ishga qo’yilgan, ishlab turgan daromad manbai.
Kapital bozori, fond bozori – bo’sh turgan pul mablag’larini to’plash, ularni ssuda kapitaliga aylantirish, so’ngra uni ishlab chiqarish jarayonlari ishtirokchilari o’rtasida taqsimlash munosabatlari; qimmatli qog’ozlar, korxonalarning aktsiyalari hamda davlat obligatsiyalari bilan oldi-sotdi operatsiyalari olib boriladi.
Kapital qo’yilmalar, kapital mablag’lar – ishlab chiqarish va noishlab chiqarishga tegishli asosiy fondlarni yaratishga, ularni yangilashga va harakatdagi fondlarni ko’paytirishga, ob’ektni qurishga sarf qilinadigan, ishlab chiqarishga qo’yilgan mablag’.
Kapital qurilish – yangi qurilish, korxonalarni kengaytirish, rekonstruktsiya qilish, zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash, ob’ektlar va vositalarni mukammal ta’mirlash, shu jumladan, loyiha-qidiruv ishlarini bajarish.
Konsortsium (lot. consortium – shirkat, ishtirok etish) – 1) kompaniyalar, banklarning kapitaltalab, juda keng ko’lamdagi iqtisodiy loyihani amalga oshirish yoki qarzlarni hamkorlikda joylashtirish uchun tuzilgan vaqtinchalik birlashmasi; 2) bu aniq iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan korxonalarning muvaqqat birlashmasi.
Kon’yunktura – bozorda ma’lum bir vaqtda yuzaga kelgan iqtisodiy holat (asosan, talab hamda taklif nisbati va u bilan bog’liq bo’lgan narxlar darajasi orqali yuzaga keladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |