Sinditsiyalashtirilgan kredit – bir necha banklar tomonidan yirik investitsiya loyihalarini birgalikda kreditlash.
Smeta (rus.) – oldindan tuzilgan kirim-chiqim hisobi. 1) xarajatlar smetasi – mahsulot ishlab chiqarish, ish, xizmatlarni bajarish bo’yicha to’liq xarajatlar hisobi; 2) daromadlar va xarajatlar smetasi – korxona, tashkilot, muassasaning xo’jalik faoliyatini moliyalashtirishda foydalaniladigan pul mablag’lari tushumlari va uni sarflash bo’yicha hujjatlashtirilgan buxgalteriya rejasi. Ba’zan ishlab chiqarishga, ob’ektlarni qurishga alohida xarajatlar smetasi tuziladi; 3) smeta bo’yicha moliyalashtirish –xarajatlarni qoplash uchun taqdim etilgan xarajatlar hisoblariga ko’ra davlat byudjetidan pul mablag’lari ajratish.
Soliqlar – qonunda belgilangan tartibdagi stavka bo’yicha xo’jalik yurituvchi sub’ektlardan va fuqarolardan davlat tomonidan davlat yoki mahalliy byudjetga olinadigan majburiy to’lovlar.
Soliq og’irligi (yuki) – davlat va jamiyat hayotida soliqlarning rolini xarakterlab (ko’rsatib) beradigan eng umumlashgan ko’rsatkich. Ishlab chiqarishning umumiy hajmi va daromadlarda soliq ajratmalarining salmog’ini (hissasini) ko’rsatuvchi, bozor iqtisodiyotining amalga oshirilayotgan modelidan kelib chiqadigan o’lcham. Soliq yig’imlarining jami milliy mahsulotga (yalpi ichki mahsulotga) nisbati bilan aniqlanadi.
Soliq imtiyozi – soliq to’lovchi soliq majburiyatlari hajmining to’liq yoki qisman qisqarishi, to’lov muddatining kechiktirilishi yoki orqaga surilishi. Soliqlarning rag’batlantiruvchi funktsiyasi soliq imtiyozlari tizimi orqali amalga oshiriladi. Soliq imtiyozi soliqqa tortish ob’ektining o’zgarishida, soliqqa tortish bazasining kamayishida (qisqarishida), soliq stavkalarining pasaytirilishida va boshqalarda o’z ifodasini topadi.
Soliq stavkasi – soliqqa tortish birligiga to’g’ri keluvchi soliqning hajmi (miqdori, darajasi).
Soliq tizimi - mamlakat doirasida (hududida) to’lovchilardan (yuridik va jismoniy shaxslardan) belgilangan tartibda olinadigan soliqlar, yig’imlar va boshqa to’lovlar hamda ular tarkibiy tuzilishining shakl va uslublari yig’indisi.
Ssuda (rus.) – moddiy boyliklar garovi hisobiga foiz to’lash va qaytarib berish sharti bilan muayyan muddatga qarzga beriladigan pul yoki moddiy boylik.
Ssuda kapitali – vaqtincha foydalanib qaytarish, ma’lum foiz haq to’lash sharti bilan qarzga beriladigan pul kapitali. Ssuda kapitalining iqtisodiy ma’nodagi o’ziga xos xususiyati shundaki, u foiz ko’rinishida foyda keltiradi.
Subventsiya (lot. subvenire – yordamga kelmoq) – markaziy organlar tomonidan muayyan tadbirni, ob’ektni maqsadli moliyalash uchun ajratiladigan pul nafaqasi. Maqsadli foydalanish talablari buzilganda subventsiya uni bergan organ tomonidan qaytarib olinadi. Davlat ma’qullagan iqtisodiy va madaniy rivojlantirish dasturlari, loyihalari subventsiya orqali pul bilan ta’minlanadi.
Subsidiya (lot. subsidium – yordam, nafaqa, qo’llab-quvvatlash) – davlat byudjeti, mahalliy byudjetlar mablag’lari yoki maxsus fondlardan jismoniy va yuridik shaxslarga, mahalliy organlarga, boshqa davlatlarga beriladigan pul mablag’i yoki natura shaklidagi yordam. Subsidiyalar davlat tomonidan qaytarib olmaslik sharti bilan ajratiladi.
Sug’urta – 1) tabiiy ofatlar, har xil baxtsiz hodisalar ro’y berishi natijasida ko’rilgan zararni qoplash va boshqa pul qoplamalari to’lash uchun maqsadli pul jamg’armalarini tashkil etish va undan foydalanish bilan bog’liq iqtisodiy munosabatlar tizimi; 2) yuridik yoki jismoniy shaxslar to’laydigan sug’urta mukofotlaridan shakllantiriladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug’urta hodisasi) yuz berganda ushbu shaxslarga sug’urta shartnomasiga muvofiq sug’urta tovonini (sug’urta pulini) to’lash yo’li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |