Uchinchi guruh soliqlariga asosan mol-mulk va er soliqlari kiradi. Ular ham soliq tо‘lovchining daromadi bilan bog‘liq bо‘ladi. Bunda soliq tо‘lovchining daromadi bor deb faraz qilinadi. Bozor munosabatlari rivojlanish sharoitida mulkiy soliqlarning ahamiyati ancha oshadi.
Bir tomondan qaraganda, ushbu soliqlar ob’ektning tashqi xususiyatlaridan kelib chikqan holda undiriladi va sub’ektning daromadiga bog‘liq bulmaydi. Boshqa tomondan esa, oxirgi yillarda, mulkiy soliqlar soliq tо‘lovchining daromad solig‘iga qо‘shimcha ravishda qо‘llanilmokda, vaholanki tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri bо‘lmasada, soliq tо‘lovchining daromadini hisobga olmokda.
Mulkiy soliqlarning shaxsiy xarakterga ega bо‘layotganligi bozor munosabatlarining rivojlangani sari yaqqol kо‘rinmokda. Mantiqiy jihatdan avval tо‘lov manbaida ushlab qolinmagan daromadlar borib - borib muayyan mol -mulkka (masalan, xashamatli uy-joy, katta er uchastkasi va boshqalar) aylanadi, shuning uchun bozor munosabatlari rivojlangan davlatlarda katta daromadga ega bо‘lgan shaxslarga nisbatan soliq yuki oshirib boriladi.
Mulk solig‘i ba’zida “sanitar” soliq ham deb atashadi, chunki ular kо‘chmas va kо‘char mol-muldan qanchalik samarali foydalanishdan qat’iy nazar undiriladi. Davlat tomonidan mulkka nisbatan yuqori stavkadagi soliqni qо‘llash mulk egasining mulkka nisbatan ehtiyotlik bilan munosabatda bо‘lishini rag‘batlantiradi va foydalanilmayotgan asbob-uskunalar va er uchastkalaridan sotib qutilishlariga sabab bо‘ladi. О‘zbekistonda mulk solig‘i tо‘lovchisi mulk va er uchastkasidan foydalanishidan qat’iy nazar mol-mulk va er soliqlarini tо‘laydi.
Mulkiy soliqlar mahalliy byudjetning asosiy qismini tashkil etgan bо‘lganligi uchun unga nisbatan mahalliy hokimiyatlarning e’tibori yuqori ekanligini tushunish mumkin.
О‘zbekiston soliq qonunchiligida yana bir necha soliqlar borki (bular - er qa’ridan va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar va boshqa qator mahalliy soliqlar), ularni yuqorida keltirilgan birorta guruhga kiritish mumkin emas, odatda ularni “boshqa soliq”lar qatoriga kiritiladi.
Soliqlarning asosiy mohiyatini ularning funksiyalari, ya’ni soliqlarning jamiyat va davlatning rivojlanishga ta’sir etuvchi asosiy yо‘naltiruvchi kuch ekanligini ochib beradi. Soliqlar bozor iqtisodiyotiga о‘tgan xar bir davlatda tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri byudjet munosabatlariga va shu bilan birgalikda imtiyoz, jarima tizimlari orqali esa tovar (xizmat) ishlab chiqaruvchilarga ta’sir etuvchi asosiy kuch sifatida ishlatiladi.
Soliqlar orqali davlat о‘zning bir necha muommolarini hal qiladi, jumladan:
- jamiyatning mavjud ehtiyojlari va uni qondirish uchun zarur bо‘lgan resurslar о‘rtasidagi tenglikka erishiladi;
- tabiat boyliklaridan unumli foydalanish uchun jarimalar va boshqa turdagi chegaralar qо‘yish yuli bilan tabiatga zararli bо‘lgan ishlab chiqarishlarni tarqalmasligiga erishiladi;
- iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa kо‘pgina turdagi jamiyatning muammolari xal qilinadi.
Soliqlar quyidagi funksiyalarni bajaradi: 1. Fiskal. 2. Ijtimoiy (qayta taqsimlash). 3. Izga solib turuvchi. 4. Nazorat kiluvchi. 5. Jamlovchi. Tarixiy jihatdan soliqlarning birinchi bо‘lib fiskal funksiyasi kо‘riladi, chunki soliqlar yordamida davlat byudjetiga mablag‘ tushishi ta’minlanadi. Bu funksiya asosiy funksiyalardan biri bо‘lib, uning hisobiga davlat byudjetining daromad qismi shakllantiriladi. Ushbu funksiya tovar-pul muomalalari va ishlab chiqarishning rivojlanishi natijasida davlat daromadlarini oshishini aniqlab beradi. Soliqning boshqa funksiyalarini fiskal funksiyasining hosilasi deb atash mumkin.
Soliqlarning ijtimoiy (qayta taqsimlash) funksiyasi dar xil daromadga ega bо‘lgan aholini soliqqa tortish natijasida hosil bо‘lgan jamiyat daromadlarini har xil toifadagi aholi о‘rtasida qayta taqsimlashni о‘z ichiga oladi.
Ushbu funksiya yordamida jamiyatning boy qatlamiga soliq yukini oshirish hisobiga aholining iqtisodiy zaif va himoyalanmagan qatlamlarini mablag‘ bilan ta’minlanadi. Soliqlarning ijtimoiy funksiyasiga jamiyatning ijtimoiy zaif qatlamlariga daromad solig‘idan berilgan imtiyoz, qimmatbaho buyumlarga aksiz solig‘ini qо‘llash va boshqalar misol bо‘la oladi.
Kо‘pgina davlatlarda jismoniy shaxslarni daromadlarini soliqqa tortishda kо‘p daromad olganlarga nisbatan yuqori stavkada soliqqa tortish qо‘llaniladi. Ba’zi bir ijtimoiy yо‘nalishdagi davlatlarda (Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya) rasmiy darajada soliqlar bu yuqori daromad oladigan aholi qatlamlarining kamroq daromad oluvchi qismiga ijtimoiy mu’tadillik uchun tо‘laydigan tо‘lovlari deb tan oladilar.
Soliqlarning keyingi funksiyasi-izga solib turuvchi funksiyasi davlatning iqtisodiy faoliyatini rivojlantirish davrida kelib chiqadi. U maqsadli ravishda hukumatning dasturlari asosida milliy iqtisodiyotning rivojlanishiga ta’sir etadi. Bunda davlat soliqlarning shakli, soliq stavkalarining о‘zgarishi, undirish usullari, imtiyozlar va chegirmalardan foydalanib, tadbirkorlikni rivojlantirishning ustuvor yо‘nalishlarini ajratib oladi.
Yuqorida keltirilgan soliq funksiyalari bir-biri bilan chambarchas bog‘langan bо‘lib, ular bir-biridan alohida holda mavjud bulmaydi, ba’zi hollarda esa bir-biriga qarama-qarshi ham chiqadi. Masalan, fiskal funksiya ijtimoiy funksiyaga qarama-qarshi chiqadi, chunki ijtimoiy funksiya soliqlarni byudjetga tushumini kamaytiradi.
Soliqlarning izga solib turuvchi funksiyasi yordamida davlat ma’lum bir faoliyat turidagi tadbirkorlarga yaxshi faoliyat yuritishlari uchun shart-sharoit yaratib beradi. Ammo, esdan chiqarish kerak emaski, huddi shu davrning о‘zda bunday о‘zgarishlar natijasida boshqa faoliyat turidagi tadbirkorlar uchun esa soliq yuki ortadi va bu bilan erkin raqobat hamda adolat tamoyillari buziladi.