О‘z navbatida, joriy moliyaviy rejalashtirishning asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:
-ishlab chiqarish, investitsion, marketing, ilmiy-loyihaviy va qidiruv faoliyatlarini hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bо‘lgan moliyaviy resurslarning hajmi va ularning manbalarini aniqlash;
-mahsulotni (ishni, xizmatni) ishlab chiqarish va realizatsiya qilish tannarxini rejalashtirish;
-pul oqimlarini rejalashtirish;
-butun xо‘jalik yurituvchi sub’ekt doirasida foydani rejalashtirish (bashoratlash);
-investitsiyalarning daromadliligini rejalashtirish.
Moliyaviy rejalashtirish mamlakat milliy xо‘jaligini rejalashtirishning tarkibiy qismi bо‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejasining kо‘rsatkichlariga tayanadi, moliya tizimi barcha organlarining faoliyatlarini muvofiqlashtirishga (koordinatsiya qilishga) yо‘naltiriladi.
Moliya tizimi alohida bо‘g‘inlarining nisbiy mustaqilligi quyidagilarni о‘zida aks ettiruvchi moliyaviy rejalarning ishlab chiqilishi zarurligini belgilab beradi:
-pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish shakllari va metodlarining о‘ziga xosligi;
-moliyaviy resurslarni tarmoqlar va hududlar bо‘yicha qayta taqsimlash.
Moliyaviy rejalashtirishning bosh ob’ekti rejada о‘zining miqdoriy ifodasini oladigan moliyaning bо‘g‘inlari (moliyaviy munosabatlar) hisoblanadi. Aniq pul fondlari mablag‘larining harakati yagona tizimga birlashtirilgan tegishli moliyaviy rejalarda ifodalanadi va mustahkamlanadi.
Moliyaviy rejalar tizimining markazini byudjet rejasi egallaydiki, unda byudjet fondining harakati, daromadlar va xarajatlarni shakllantirish va ulardan foydalanishning shakllari va metodlari, daromad va xarajatlarning tarkibiy tuzilishi va tuzilmasi о‘zining miqdoriy ifodasini topadi.
Maqsadli fondlarning harakati, mos ravishda, Pensiya fondi, Ijtimoiy sug‘urta fondi, Majburiy tibbiyot sug‘urtasi fondi, Yо‘l fondi, kabilarning moliyaviy rejalarida (smetalarida), ularning daromadlari va xarajatlarida о‘z aks ettiriladi. Ularning daromadlar qismida yuridik va jismoniy shaxslarning majburiy va ixtiyoriy badallari ifodalanadi.
Sug‘urta badallarining miqdori mehnat haqiga nisbatan foizlarda о‘rnatiladi. Maqsadli fondlarga qisman byudjet mablag‘lari tushishi, mablag‘lar etishmaganda maqsadli fondlari bir-birlaridan qarzga mablag‘lar olishi mumkin. SHunday qilib, maqsadli fondlari bir-biri va byudjet fondi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Sug‘urta fondi butun jamiyat, alohida mintaqalar, hududlar va fuqarolar masshtabidagi yо‘qotmalarni tiklash uchun kerak bо‘ladi. Barcha hо‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ehtiyojlarini hisobga olish uchun sug‘urta fondi ham rejali tarzda shakllantiriladi va undan foydalaniladi.
Bu erdagi moliyaviy rejaning daromadlar qismida korxona, tashkilot va alohida fuqarolarning badallari, boshqa fondlardan (byudjet yо‘nalishidagi) mablag‘larning tushishi, xarajatlar qismida esa tabiiy ofatlardan kо‘rilgan zararlarni qoplash, sug‘urtalanganlarga sug‘urta tо‘lanmalari summasini tо‘lash kabilar aks ettiriladi. Sug‘urta fondini shakllantirish va undan foydalanishning rejasi mablag‘larning yanada samaraliroq foylanilishiga imkon beradi.
Moliyaviy rejalashtirishning umumdavlat va hududiy darajalariga istiqboldagi (istiqbol uchun mо‘ljallangan) moliyaviy rejalar, moliyaviy balanslar va shuningdek, aholi daromadlari va xarajatlari harakatining balansini ishlab chiqish va amalga oshirishlar kiradi.
Istiqboldagi (istiqbol uchun mо‘ljallangan) moliyaviy rejalashtirish iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot hamda moliyaviy siyosatni muvofiqlashtirishni (koordinatsiya qilishni) ta’minlash, shuningdek ishlab chiqiladigan islohotlar, dasturlar va qonunlarning moliyaviy oqibatlarini kompleks tarzda bashoratlash, uzoq muddatli salbiy tendensiyalarni kuzatish va ularga nisbatan tegishli choralarni о‘z vaqtida qabul qilish maqsadlarida amalga oshiriladi.
Odatda, istiqboldagi (istiqbol uchun mо‘ljallangan) moliyaviy rejalar navbatdagi uch yil uchun ishlab chiqilib, uning birinchi yili uchun byudjet tuziladi, navbatdagi ikki yil reja davri hisoblanib, ular davomida e’lon qilingan iqtisodiy siyosatning haqiqiy natijalari kuzatiladi. Istiqboldagi (istiqbol uchun mо‘ljallangan) moliyaviy rejalar mamlakat, uning ma’muriy-hududiy tuzilmalari ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanishining aniqlashtirilgan о‘rta muddatli bashoratining kо‘rsatkichlarini hisobga olgan holda har yili о‘zgartirilishi (korrektirovka qilinishi) mumkin. Reja davri esa, bunda yana bir yil oldinga suriladi.
Ijtimoiy takror ishlab chiqarishning proporsionalligi va balansliligini ta’minlashda, pul muomalasini tartibga solishda davlatning yig‘ma moliyaviy balansi (moliyaviy resurslar balansi) va har bir ma’muriy-hududiy tuzilmalarning daromadlar va xarajatlar balansi muhim о‘rinni egallaydi.
Davlatning yig‘ma moliyaviy balansi (moliyaviy resurslar balansi) mamlakat, uning sub’ektlari, mahalliy - hududiy tuzilmalari va ma’lum hududda faoliyat kо‘rsatayotgan barcha xо‘jalik yurituvchi sub’ektlarning barcha daromadlari va xarajatlarining yig‘indisidan iboratdir. U о‘tgan yilgi davlatning hisobot yig‘ma moliyaviy balansi (hisobot moliyaviy resurslar balansi) asosida va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining bashorat kо‘rsatkichlariga muvofiq ravishda tuziladi hamda ular byudjet loyihalarini ishlab chiqishda asos bо‘lib xizmat qiladi.
Bu moliyaviy rejalar (hujjatlar) Moliya vazirligi va moliya tizimining boshqa bо‘linmalari faol ishtirokida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi. Balansda byudjet fondi, maqsadli fondlar, sug‘urta fondi, kredit fondi, korxona va tashkilotlarning pul fondlari va nihoyat, fuqarolarning pul mablag‘lari tarkibida rejalashtirilayotgan resurslarning shakllanishi va ulardan foydalanish aks ettiriladi.
Moliyaviy rejalashtirishning balans metodi mamlakat, uning ma’muriy-hududiy tuzilmalari va mahalliy ma’muriyatlari miqyosida moliyaviy resurslar defitsitini aniqlashga, barcha xо‘jalik yurituvchi sub’ektlar о‘rtasida mablag‘larni samarali va asosli qayta taqsimlashga imkon beradi.
Davlatning yig‘ma moliyaviy balansi (moliyaviy resurslar balansi) mavjud barcha moliyaviy rejalarni yagona tizimga birlashtiradi. Uning kо‘rsatkichlari byudjet va kredit rejalarini, shuningdek boshqa moliyaviy rejalarni tuzishda asos sifatida qabul qilinadi.
Boshqa bir sintetik balans-aholi daromadlari va xarajatlarining balansi - davlatning yig‘ma moliyaviy balansi (moliyaviy resurslar balansi) bevosita bog‘langandir. Unda naqd pulli va naqd pulsiz shakllardagi aholi pul resurslarining harakati о‘z ifodasini topadi. Balansda aks ettirilayotgan aholining pul daromadlari о‘zining manbasiga kо‘ra quyidagi uch guruhga bо‘linadi:
-ish haqi va ish haqiga ustamalar, mukofotlar, safar xarajatlari uchun mо‘ljallangan mablag‘lar, yollanma ishchilarga (xodimlarga) ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladigan ijtimoiy xarakterdagi tо‘lanmalar;
-tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar, korxonalarning foydasiga ishtirok etish, shaxsiy mulk bilan operatsiyalar va moliya-kredit operatsiyalaridan olinadigan daromadlar;
-ijtimoiy transfertlar - davlat pensiyalari, nafaqalar, stipendiyalar va shunga о‘xshashlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |