Oqova suvlarni zararsizlantirish - oqova suvlari orqali tabiiy suv havzalariga tushgan patogen mikroorganizmlar o‘zlarining chidamliligi bilan farq qiladi. Shuning bilan birga mavjud tozalash usullari suvdagi bu mikroorgaiizmlar va gijjalarni to‘liq tozalashga qodir emas. Tozalash inshootlaridan to‘g‘ri foydalanilsa sug‘orish va filtratsiya maydonlarida oqova suvlar sporasiz mikroblardan yaxshi tozalanadi. Qolgan hamma tozalash usullarida mikroblar ma’lum miqdorda qoladi. Shuning uchun oqova suvlarini suv havzalariga quyishda sanitariya qoidasiga asosan albatta dezinfeksiya qilinadi.
Birinchi o‘rinda qushxona, teri va junni qayta ishlash, chiqindi zavodlaridan, biokombinat, veterinariya klinikalaridan chiqqan oqova suvlari zararsizlantirilishi kerak. Zararsizlantirishning eng ishonchli usuli termik usul, ya’ni yopiq idishlarda kamida 2 soat davomida qaynatish. Ammo bu usul ko‘p mexnat va harajat talab etadi.
Oqova suvlarini zararsizlantirishda kimyoviy usullardan ham keng foydalaniladi. Bunda xlori ohak yoki gazsimon xlor hamda 20% li yangi so‘ndirilgan ohak ishlatiladi. Xlor yoki xlorli ohakni solish miqdori oqova suvlarini mikrobiologik tekshirishlardan keyin aniqlanadi. Bunda ichak tayoqchasining titri 10 dan yuqori bo‘lishi kerak. Oqova suvi biologik usullar bilan tozalangandan so‘ng ham suvga 10 - 20 mg aktiv xlor qo‘shiladi. Mexanik tozalashdan so‘ng esa 20 - 30 mg va to‘liq kimyoviy tozalanmagan bo‘lsa 56 - 60 mg va undan ko‘p xlor qo‘shiladi. Gijjalarning tuxumiga xlor ta’sir qilmaydi. Uni yo‘qotishning birdan-bir yo‘li oqova suvlarni filtratsiya qilish yoki suvni qaynatish hisoblanadi.
Oqova suvlaridagi spora hosil qiluvchi mikroblarni yo‘qotishning aniq yo‘llari hali topilmagan. Keyingi yillarda Chorvachilikni rivojlanishi bilan juda ko‘p Chorvachilik fermer xo‘jaliklari tashkil etildi va qayta qurildi. Bunday xo‘jaliklarda hayvonlar to‘shamasiz saqlanadi va juda ko‘p miqdorda yarim suyuq va suyuq go‘nglar, qaysiki tarkibida 85 – 96% suvi bo‘lgan go‘ng sharbatlari hosil bo‘ladi. Go‘ng suyuqliklarini nazoratsiz ishlatish qishloq xo‘jalik o‘simliklariga ziyon etkazadi, tuproq, er osti va er usti suvlari ifloslanadi. Oson chiriydigan organik moddalarga boy bo‘lgan go‘ng suyuqliklari fermalar hududida yuqumli kasalliklar chiqishi xavfini tug‘diradi, bu esa yaqin atrofda yashaydigan odamlar uchun xavflidir.
Go‘ng suyuqliklarida patogen mikroorganizmlarni yashash qobiliyati qattiq go‘ngga qaraganda yuqori bo‘ladi. Uning bu xususiyati, fizik, kimyoviy va biologik xoosalariga bog‘liq. I. D. Grishaevni aniqlashicha, suyuq go‘ngda cho‘chqa saramasining qo‘zg‘atuvchisi yozda 92 kun, kuz va qishda 157 kun; qoramol salmonellyozi yozda 85 kun, qishda va bahorda 158 kun; qoramol va cho‘chqalar brutsellezi yozda 108 va kuz va qishda 174 kun, tuberkullyoz qo‘zg‘atuvchisi 45 kungacha hayotchanligini saqlaydi. Oqsil virusi qoramol va cho‘chqalarning suyuq go‘ngida yozda 42 kun, qishda esa 192 kungacha kasallik chaqirishi mumkin.
Shuni ham aytish kerakki suyuq go‘ngda mikrofloralarning soni oshishi bilan, patogen mikroblar va viruslarni yashash qobiliyati kamayadi.
Suyuq go‘nglar saqlanadigan joylarda gelmintlarning tuxumlari bir yilgacha yashash qobiliyatini saqlaydi. Qattiq go‘nglarda gelmintlarni tuxumi yoz paytlarida 4 oydan keyin nobud bo‘lsa, kuz va qishda esa hammasi tirik qoladi.
Chorvachilik xo‘jaliklaridan chiqqan suyuq go‘ng asosan dehqonchilikda o‘simliklarni sug‘orish uchun ishlatiladi. Go‘ngga ishlov beradigan inshootlar aholi yashash joylaridan uzoqda quriladi. Tozalash inshootlari quriladigan erlarni suv bosmaydigan, suv harakati uchun qiyaroq joylar tanlanadi. Atrofi 2 metrlik devor bilan o‘ralib, kamida 10 m kenglikda ko‘p yillik daraxtlar o‘tqaziladi. Kengligi 3,5 metr bo‘lgan asfalt yo‘l qilinadi.
Oqova suvlar, yomg‘ir-qor suvlari va maishiy oqova suvlari birgalikda tozalanganda sanitariya me’yolariga javob berishi kerak. Veterinariya sanitariya idoralarining keliShuvi bilan go‘ng suyuqliklari va ishlab chiqarish oqova suvlari yopiq inshootlariga keltiriladi. Chorvachilik fermalaridan chiqqan er usti suvlari ochiq holida maxsus saqlaydigan erlarga keltirilib, tegishli qayta ishlov berilgandan keyin erlarni sug‘orishga ishlatiladi. Suyuq go‘nglarni qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan erlarga keltirishda maxsus transport vositalaridan foydalaniladi. Doimiy oqadigan quvurlar qilinsa muzlamaydigan darajada chuqurlikka o‘rnatiladi, Suyuq go‘ngni tozalashda mexanik va biologik usullardan foydalaniladi. Suyuq go‘ngga mexanik ishlov berishda tarkibidagi qattiq bo‘laklar ajratilib, keyin suyuq qismi saqlanishga qo‘yiladi. Mexanik tozalash inshoatiga o‘zi oqib keladigan suyuqlikni oldiga oralig‘i 5 sm panjara o‘rnatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |