To‘g‘ri marketing (direkt marketing) — bu muayyan reaksiyaga ega bo‘lish maqsadida iste’molchi bilan bevosita muloqot qilish uchun foydalanadigan kommunikatsiya vositalarining kompleksidir. To‘g‘ri marketing usullariga katalog bo‘yicha, pochta, telefon, internet va interaktiv xizmatlar yordamida sotishlar kiradi. Ular iste’molchi bilan muloqot qilishning eng samarali darajasiga erishishga va ular bilan uzoq muddatli munosabatlarni o‘rnatishga yordam beradi. Bu ma’noda to‘g‘ri marketing ko‘pincha to‘g‘ri munosabatlar marketingi deyiladi.
To‘g‘ri marketing ishlab chiqaruvchilar uchun ham, mahsulotni sotib oluvchilar uchun ham qulay va foydalidir. Masalan, haridor tovarlarni o‘z uyida turib interaktiv sotish xizmatlaridan foydalanib yoki pochta kataloglarini ko‘rib chiqish orqali sotib olishi mumkin. Boshqa tomondan esa ishlab chiqaruvchi, zamonaviy texnologiyalar (yangi multmediyali kompyuterlarning ma’lumotlar bazasi, modemlar, fakslar, elektron pochta va hokazo)dan foydalanib bitta iste’molchini yoki ularning muayyan guruhini tanlab olishi va ularning xohish-istaklariga muvofiq xususiy aloqa vositalari haqidagi takliflarni yo‘naltirishi mumkin.
To‘g‘ri marketingning samaradorligi salmoqli darajada ma’lumotlar bazasining to‘liqligiga bog‘liq. U geografik, demografik, iqtisodiy, psixografik mezonlar jihatidan, shuningdek, iste’molchilar xatti-harakatlarining xususiyatlari jihatidan alohida haridorlar haqida batafsil ma’lumotlar massivlaridan iborat. Bunday bazalar haridorlar bilan aloqalarni o‘rnatish va bitimlarni tuzish uchun asos yaratadi.
To‘g‘ri marketing shaxsiy sotishlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri pochtadan yuborish, kataloglar bo‘yicha sotish, telefonli marketing, telemarketing va tovarlarni interaktiv tartibda sotib olish shaklida amal qilishi mumkin.
Shaxsiy sotishlarni amalga oshirish uchun firmalar sotish bo‘limlarining xodimlari, savdo agentlari, yakka sotishlar bo‘yicha mutaxassislar, kommivoyajerlardan foydalanishi mumkin. To‘g‘ri pochta orqali yuborish pochta orqali xatlarni, reklama materiallarini, tovarlarning namunalarini, bukletlar va shu kabi vositalarni potensial iste’molchilarning manzillariga yuborishni o‘z ichiga oladi. Yetkazib berish shakllari quyidagacha bo‘ladi: faksimil (hujjatlarni telefon aloqasi orqali jo‘natish), elektron (ma’lumotlar yoki fayllarni bevosita bir kompyuterdan ikkinchisiga yuborish) va ovozli pochta (biror telefon raqamiga yuborilgan og‘zaki xabarlarni olish va saqlash).
Tovarlarni katalog bo‘yicha sotish — bu to‘g‘ri marketingning bir turi bo‘lib, haridorlarga yuboriladigan yoki bevosita do‘konda sotiladigan tovarlar kataloglarini qo‘llash bilan amalga oshiriladi. Tele-marketing, tovarlarni haridorlarga to‘g‘ri sotishning vositasi sifatida, telefon imkoniyatlaridan foydalanadi. Sotish haqidagi takliflarni aniqlashtirish bilan bir qatorda tele-marketing ma’lumotlar bazasini yaratish, so‘rovlar, marketing tadqiqotlarini o‘tkazish va ularning natijalarini baholash uchun muvaffaqiyatli ishlatilishi mumkin. Telemarketingning afzalliklari yaqqol ko‘rinib turibdi: harid jarayonining qulayligi, tovar va xizmatlar haqidagi axborot sifatining yuqoriligi.
Darhol javob beradigan televizion marketing ikki yo‘nalishga ega. Birinchi holda reklama (videoklip)ni joylashtirish haqida gap boradi. Uning yordamida bepul telefon raqamini ko‘rsatish bilan birga tovarning xususiyatlari haqida ma’lumot beriladi (qo‘ng‘iroq qilib tovarni buyurtma qilish mumkin). Ikkinchi holda teledasturlar tartibida ishlaydigan va kanalning ishlashi davomida tovarlar va xizmatlarni sotish jarayonini amalga oshiradigan teledo‘konlar ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |