2. Jahon bozori kon’yunkturasini prognozlash usullari Bozor kon’yunkturasini tahlil va bashorat qilish natijalari firmaning biznes-reja tuzishda yoki firmaning bozordagi butun faoliyatini tartibga solishda va boshqarishda keng qo‘llaniladi.
Bozor kon’yunkturasini bashorat qilish uslublarini 4 ta katta sinfga bo‘lishimiz mumkin.
1. Faktografik uslublar. Bu bashorat qilishning shunday uslubiki, unda o‘tgan davrda bo‘lib o‘tgan haqiqiy omillardan axborotli asos sifatida foydalaniladi. Bu ma’lumotlar miqdor va sifat harakteriga egadir. Bozor kon’yunkturasini bashorat qilishning faktografik uslublari o‘z navbatida 3 turga bo‘linadi. Birinchi turi ekstrapolyatsiya va interpolyatsiya uslublari yig‘indisidan iborat bo‘lib, bu turdagi modellar uchun chiziqli funksiyalarni tuzishda boshlangich axborotdan foydalanish harakterlidir. Ikkinchi turi statistik uslublar bo‘lib, ular ikki va undan ortiq o‘zgaruvchan bashorat qilish ob’yektlarining o‘zaro aloqalarini tadqiq qilishda qo‘llaniladi. Uchinchi turi mazkur ob’yektlarning kelgusidagi rivojlanishini shunga o‘xshash ob’yektlarning rivojlanish qonuniyatlari bo‘yicha tadqiq qilishga asoslanadi.
2. Ekspert uslublari yoki bu sohadagi mutaxassis-ekspertlarning fikr va mulohazalarini qayta ishlashga asoslanadi. Bashorat qilishning ekspert baholash uslubi intuitiv va analitik uslubni o‘z ichiga oladi. Intuitiv uslublarga ekspertlarni jalb qilishga, amalda bashorat qilish ob’yektini rivojlantirish jarayonlarini aniqlash hamda shaxsiy eruditsiya (ko’p narsani bilish, bilim doirasi keng) va tuyg‘u vositasida kelgusidagi o‘zgarishni baholashga asoslangan uslublar kiradi. Analitik uslublarga bashorat qilish ob’yektini tadqiq qilish jarayoni modelini mantiqan tahlil qilishga asoslangan usullari kiradi.
Bozor kon’yunkturasini bashorat qilishda ekspert baholash uslublari, ayniqsa, intuitiv uslublar keng qo‘llaniladi.
3. Ekstrapolyatsiya uslubi. Ekstrapolyatsiya uslublari bozor kon’yunkturasining turli ko‘rsatkichlari va xususiyatlarini bashorat qilishda qo‘llaniladi. Ekstrapolyatsiya formalar yoki jarayonlarning kelgusidagi holati qonunlari, nazariyalari hamda tajribasini keng yoyishni taqozo qiladi, ya’ni bu holda ekstrapolyatsiya bashorat qilish amalga oshirilayotgan ob’yektning ilgarigi rivojlantirish tendensiyalariga tayanadi.
Ekstrapolyatsiyaning bozor tadqiqotlarida qo‘llaniladigan asosiy modellaridan biri – bu trend modelidir. Trend modellari jarayonlarni vaqtga nisbatan o‘zgarishning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatadi.