MODIFIKATSION O‘ZGARUVCHANLIK
Tashqi muhitning ta’siri natijasida paydo bo‘ladigan o‘zgarishlar modifikatsion o‘zgaruvchanlik deb ataladi. Modifikatsion o‘zgaruvchanlik darajasi tashqi muhitning organizmga ko‘rsatgan ta’sirining kuchi va muddatiga qarab har xil bo‘ladi. Agar organizmga ta’sir qilayotgan tashqi muhit omili kuchli va uzoq muddatli bo‘lsa, modifikatsion o‘zgaruvchanlik ham shunchalik kuchli, aks holda kuchsiz ifodalangan bo‘ladi. Modifikatsion o‘zgaruvchanlik organizm rivojlanishining sezgirlik davri yuqori bo‘lganda ta’sir etish orqali uning yo‘nalishini o‘zgartirib yuboradi. Ko‘p belgilarga tashqi muhit uzoq muddat ta’sir etishi, boshqa belgilarga esa ularning sezgirligi oshgan davrida qisqa muddatda ta’sir etadi.
Modifikatsion o‘zgaruvchanlik ko‘lami genotipning reaksiya normasi bilan chegaralangan. Belgining reaksiya normasi – bu ma’lum genotipga ega belgining o‘zgarish imkoniyatlarining chegarasidir. Taraqqiyotning ma’lum vaqtlarida modifikatsion o‘zgaruvchanlik ro‘y bermasligi ham mumkin. Modifikatsion o‘zgaruvchanlik hosil qilish qobiliyatiga ko‘ra belgilar muhitga nisbatan turg‘un va o‘zgaruvchan xillarga bo‘linadi. Har bir belgining fenotipda namoyon bo‘lishi bir tomondan gen faoliyatiga, ikkinchi tomondan organizm yashayotgan muhit omillariga bog‘liq bo‘ladi.
O‘zgaruvchanlik ham sifat, ham miqdor belgilarga taalluqlidir. Sifat belgilarning o‘zgarishi bir yoki ikki genga bog‘liq . Uning fenotipda namoyon bo‘lish darajasiga tashqi muhit omillarining ta’siri juda kam bo‘ladi.
Odamlardagi sifat belgilariga misol qilib qon guruhlari, ko‘z rangi, qosh shakli va h.k larni olish mumkin. Miqdor belgilarining rivojlanishi esa bir tomondan genlar faoliyatiga, ikkinchi tomondan tashqi muhit omillariga bog‘liqdir. Odam gavdasining hajmi, bo‘ychanligi, miqdor belgilar sanaladi. Har qanday belgi genotip orqali belgilanadi. Lekin genning belgiga ko‘rsatgan ta’sir etish darajasi muhitga bog‘liq bo‘ladi. CHunonchi odamning aql-idroki, fe’l-atvori, qobiliyati bir tomondan irsiyatga, ikkinchi tomondan tashqi muhitga bog‘liqdir.
Odamlarning psixologik va psixofiziologik jihatdan turli-tumanligini shakllanishida genetik va muhit o‘zgarishlarining o‘zaro ta’siri muhim ahamiyat kasb etadi. Odamni psixofiziologik jihatdan o‘rganish psixologiya va fiziologiya fanlarining vazifasiga kiradi.
Modifikatsion o‘zgaruvchanlik tavsiflash uchun statistik ko‘rsatgichlar: belgining o‘rtacha arifmetik ifodalanishi, variatsiya koeffitsienti, dispersiyasi hamda variatsiya egri chizig‘ini aniqlash talab etadi. O‘rganilayotgan ob’ektnig umumiy tavsifidan tashqari belgining o‘zgarishi ham baholanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |