10-bob. IJTIMOIY ISHCHINING O‘ZINI TUTISH STANDARTLARI VA KASBIY LAYOQATLILIGI
Reja:
1. Mijozlar oldidagi axloqiy majburiyatlar: madaniy layoqatlilik
2. Ijtimoiy xizmatchi tajribasi
3. Ijtimoiy ish amaliyotini amalga oshirish va axloqiy me’yorlar.
Tayanch so‘z va iboralar: axloqiy majburiyat, madaniy layoqatlilik, tajriba, malaka, axloqiy me’yorlar.
1. Mijozlar oldidagi axloqiy majburiyatlar: madaniy layoqatlilik
1994-yilda Kolombo shahri (Shri-Lanka)da Ijtimoiy xodimlar xalqaro federatsiyasining “Ijtimoiy ish etikasi: tamoyillar va prinsiplar” nomli umumiy yig‘ilishida “Ijtimoiy ish etikasi: tamoyillar va nazariyasi” nomli hujjat qabul qilindi. Bu hujjat ikki qismdan iborat:
♦ “Ijtimoiy ish tamoyillarining xalqaro deklaratsiyasi”
♦ “Ijtimoiy xodimlarning xalqaro axloqiy andozalari”.
Bu hujjatlarning qabul qilinishi Federatsiya tomonidan uzoq yillar davomida orqaga surib kelindi, chunki bu tashkilotga a’zo bo‘lgan yuzlab mamlakatlarning a’zolari diniy va siyosiy qarashlari bo‘yicha juda xilma-xil bo‘lishidan tashqari ularning o‘ziga xos madaniyati, davlatlar tuzilishi, boshqaruv shakllari xilma-xil bo‘lib, o‘zlarining an’analariga va ijtimoiy ishning shakllanish tarixiga egaligi bilan izohlash mumkin. Qizg‘in munozaralardan keyin umumiy xulosaga kelishga muvaffaq bo‘lindi, shuning natijasida “Ijtimoiy ishning axloqiy tamoyillarning xalqaro deklaratsiyasi” Xalqaro ijtimoiy ishchilar federatsiyasi tomonidan 1994-yil 8-iyulda qabul qilindi. Mazkur deklaratsiyaga muvofiq Ijtimoiy ish xodimining quyidagi majburiyatlari belgilandi:
1. Mijoz shaxsining sha’ni va noyobligini hurmat qilib uni harakatga, ijodga undash;
2. Mijozga quloq tuta bilish, sabr-toqat ko‘rsatish, muammo va vaziyatni tushunish, uning o‘rniga o‘zini qo‘ya bilish, nazokat va odob ko‘rsata bilish;
3. Muloqotmand bo‘lish, ochiq bo‘lish, mijozni gapirtira bilish, birgalikda muammolarning echimini aniqlash, atrofdagilar uchun kerakli va qiziqarli bo‘lish;
4. Mijoz va uning atrofidagilar o‘rtasida vosita, bog‘lovchi halqa bo‘lish, mijozga ko‘rsatilayotgan xayriya yordami orqali uning sha’ni pastga urilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
5. Mijoz bilan ishlashda norasmiy bo‘la bilish, mijozning o‘z muammolarini hal qilishda maslahatchi, ko‘makchi vazifasini bajarish, o‘zaro munosabatlarni tenglik asosida qurish;
6. Doimo insonparvarlik va mehribonlik nuqtayi nazaridan yondashish. Mijozni muhokama qilmaslik va unga tanbeh bermaslik; shaxs yoki odamlar guruhiga g‘ayriinsoniy va diskriminatsion yondashuvlarning oldini olish; mijozni jismoniy yoki ruhiy o‘ng‘aysizlikdan, asabiylashishdan, xavfdan va hatarlardan himoya qilish;
7. O‘z hulq-atvorining yuksak axloqiy andozalarga mosligini saqlash, har qanday makrlar, birovlarni aldash, nopok xatti-harakatlarni istisno qilish. Doimo faqatgina mijoz manfaatlarini yo‘lida harakat qilish;
8. O‘ziga ko‘makchilarni topa bilish, ijtimoiy ishni rivojlantirishda jamoatchilik ko‘magini ta’minlash;
9. Faqatgina o‘zi vakolatli bo‘lgan doirada ish yuritish, o‘z ishining sifati uchun shaxsan mas’ul bo‘lish; tashqi ta’sir va bosimlarga berilmasdan, mijozni qo‘llanilayotgan tadbirlar, unga ko‘rsatayotgan yordam xarakteri, yozuvlar, to‘planayotgan ma’lumotlar haqida xabardor qilish;
10. O‘zining kasbiy munosabatlaridan shaxsiy maqsadlar yo‘lida foydalan-maslik, vaziyatlarni muhokama qilish va baholashda faqat kasbiy maqsadlar bilan ishtirok etish, mijoz ishonib bildirgan sirni hurmat qilish va uni fosh etmaslik. Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haqni faqat qonuniy asoslarda olish. Bajarilgan ish uchun qimmatbaho sovg‘alar olmaslik;
11. Kasbiy bilimlari, mahorati, malakasini uzluksiz oshirib borishga intilish. O‘z amaliy faoliyatini kasbiy bilimlar asosida tashkil etish;
12. Kasbning obro‘si va pokligini himoya qilish va orttirishga intilish. Kasbiy o‘zaro munosabatlar va o‘zaro ta’sir jarayonida hamkasblar ishonchiga hurmat bilan qarash, nazokat va adolatni saqlash. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, hamkasbi axloqqa zid harakat qilsa, unga qarshi choralar ko‘rish392.
Odatda, sovuqqonlik deb baholanadigan kasbiy me’yorlarni buzish yoki xatolar “beg‘amlik, malakasizlik yoki oldindan o‘ylangan niyat tufayli kasbiy me’yorlarni buzish” sifatida baholanadi. Ijtimoiy soha xodimlari maxfiylikni buzganlari, bolalar bilan yomon munosabatda bo‘linayotgani haqidagi shubha to‘g‘risida habar bermaganlari, suistemolliklar, so‘z bilan haqoratlar yoki jismoniy zo‘ravonlik tahdid singari holatlarga befarqlik, xatti-harakatlar yordamida haqoratlash, davolash yoki axloq tuzatish muassasasiga hatar natijasida yotqizish tufayli erkinlikni cheklagani uchun sud tomonidan ta’qib qilinishi mumkin.
“Ijtimoiy ishning axloqiy tamoyillari Deklaratsiyasi”da quyidagi tamoyillar bayon qilingan:
Har bir odam noyob hodisa bo‘lib, unga axloq nuqtayi nazaridan e’tibor berish lozim.
Har bir odam o‘z ehtiyojlarini qondirishda boshqalarning huquqlariga zarar yetkazmasdan harakat qilish huquqiga ega va u jamiyat farovonligini oshirishga o‘z hissasini qo‘shishi lozim.
Har bir jamiyat, boshqaruv shaklidan qat’iy nazar, o‘zining har bir a’zosini maksimum darajada noz-ne’matlar bilan ta’minlashga intilishi lozim.
Ijtimoiy soha xodimlari ijtimoiy adolat tamoyillariga daxildordir. Negaki, ijtimoiy ish xodimi o‘zining bilimlarini, ko‘nikma va malakalarini alohida odamlar, guruhlar,jamoa va jamiyatlar taraqqiy etishi uchun, shaxsiy-ijtimoiy nizolarni hal qilish, ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun sarf qilishi lozim.
Ijtimoiy ish diskriminatsiyani rad etish asosiga quriladi. Demak, u mijozlarning jinsi, yoshi, millati, diniy e’tiqodi, tili, siyosiy e’tiqodlari, jinsiy yo‘naltirilganligidan qat’iy nazar, amalga oshriladi.
Ijtimoiy xodimlar har bir odam va ijtimoiy guruh huquqlarini, uning mustaqilligi va sha’nini hurmat qilar ekan, “BMTning inson huquqlari hartiyasi” va boshqa xalqaro hujjatlarga asoslanadi.
Ijtimoiy ish mijozlarning daxlsizligini himoyalash tamoyiliga asoslanadi, bunga tanlov erkinligi va kasbiy sir, mijozning o‘z huquqlari va shaxsiy delosi mohiyatini tushuntirib berishga bo‘lgan huquqi ham kiradi.
Ijtimoiy xodimlar kasbiy sir saqlaydilar, hatto u amaldagi qonunchilikka zid bo‘lsa ham. Ijtimoiy ish mijozning ishtiroki va u bilan hamkorlikka asoslanadi. Ijtimoiy xizmatchilar o‘zlari duch keladigan har qanday murakkab vazifani hal qilishda mijozlar bilan hamkorlik qilishilari lozim, bunda mijozning manfaatlarini eng yaxshi usulda himoya qilish uchun harakat qilish kerak. Ijtimoiy soha xodimlari xizmatlaridan foydalanayotgan shaxslar o‘z muammolarini hal etishda juda faol ishtirok etishlari lozim. Mijozlar har doim ijtimoiy soha xodimi tomonidan ana shu birgalikdagi harakatlarningmaqsadi va oqibatlari (xatar va foyda) haqida ma’lumot olishlari zarur.
Ijtimoiy ish mijozlarining ixtiyoriyligi tamoyiliga asoslanadi. Demak, u har qanday majburiylikni minimum darajaga tushirish uchun yo‘naltirilgan bo‘ladi.
Ishtirokchilardan bir guruhining muammolarini boshqa guruh muammolari hisobiga hal qilish zaruriyati tug‘ilganda majbur qilish, har doim muqobil guruhning manfaatlarini batafsil ko‘rib chiqish, har ikki guruhni to‘la eshitib bo‘lgandan keyingi tamoyil tanlashga asoslanishi kerak. Ijtimoiy soha xodimlari muqobil guruhning har ikkisini ham malakali vakillar bilan ta’minlashlari zarur. Ijtimoiy ish xodimlari, shuningdek, o‘z mamlakatlari qonunchiligida ochiq majbur qilish imkoniyatlarini minimum darajaga tushirishlari kerak.
Ijtimoiy ish o‘z fuqarolarini ezadigan, terrorizm, qiynoqlar va shunga o‘xshash shafqatsiz vositalardan foydalanadigan biror shaxs, guruh, siyosiy kuchlar yoki hokimiyat tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlashga mutlaqo zid.
“Ijtimoiy ishning xalqaro axloqiy andozalari” besh qismdan tashkil topgan bo‘lib, bular: axloqiy xulq-atvor andozalari; mijozlar bilan o‘zaro munosabatlar; agentliklar va tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlar; hamkasabalar bilan o‘zaro munosabatlar; kasbga munosabatlardan tashkil topgan bo‘lib, quyida biz ularni batafsil qarab chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |