Badiiy nutqda poetik aktuallashgan til vositalarini aniqlash tamoyili. Badiiy asardagi poetik aktuallashgan til vositalarini aniqlash ham muhim tamoyillardandir. Bunday vositalarning lingvistik va badiiy mohiyatini ochib berish orqali badiiy mazmunning shakllanishi va ifodalanishi mexanizmlarini aniq tasavvur qilishi mumkin.
Badiiy nutqdagi intertekstuallik mexanizmlarining lisoniy va semantik xususiyatlarini aniqlash tamoyili. Nutq ichida qo’llanilgan o’zga nutq ko’rinishlarini (nazira, taqlid, naql, hadis, rivoyat, miflar, afsonalar, didaktemalar, u yoki bu ijodkorning asari yoki parchasi kabi) aniqlash va ularning asar mazmuni bilan qay darajada uyg’unligi badiiy mazmun ifodasidagi o’rni, asosiy matn bilan lisoniy va semantik bog’lanishidagi muhim holatlar haqida fikr yuritish badiiy matn lingvopoetikasini ochishda favqulodda zarurdir.
Ilmiy mushohada usuli. Biror bir badiiy asarni o’qish jarayonida beixtiyor ko’z o’ngimizda asarda tasvirlanayotgan voqealar, qahramonlar, joylar, turli holatlar namoyon bo’ladi. O’zimizni qahramonlar dardiga sherikday his qilamiz, ularni o’rtagan tuyg’ular bizni ham o’rtay boshlaydi. Asar o’qish jarayonida biz butunlay yozuvchi yo’rig’ida bo’lamiz. Uning to’g’ri deb bilganlarini kuzatib boramiz yoki biz ham kitobda yozilganlarni to’g’ri deb qabul qilamiz. Lekin asar o’qib bo’lingach, dastlab his qilganlarimiz, tushunganlarimiz, tasavvur qilganlarimizning hammasi ham to’g’ri emasligini anglaymiz. Demak, mushohada orqali dastlabki hislarimizni tahlil qila boshlaymiz. Bu bilan asarni xayolan o’z saviyamizga ko’ra qayta tiklagan bo’lamiz. Qayta tiklash jarayonida ilmiy mushohada usulidan foydalanamiz. Asarda yozuvchi o’zi xohlagan narsani xohlaganiday ko’radi va istaganiday tasvirlaydi. O’zi istagan o’rinlarda atroflicha, turli badiiy tasvir vositalaridan foydalanib, to’lib-toshib tasvirlaydi. Istamagan joylarini qisqagina yoki butunlay ochiq qoldirib ketishi mumkin. Kitobxon esa asarda yoritilmagan, ochiq qolib ketgan o’rinlarni tiklab boradi. Yohud yozuvchi tasvirlagan makonni, qahramonni kitobxon o’zidan kelib chiqib butunlay qayta
yaratadi. Badiiy nutqni lingvopoetik tahlil qilishda o’sha ikki jihatni unutmasligimiz kerak. Ba’zan tadqiqodchilar badiiy asarlar nutqini tahlil qilish jarayonida yozuvchining tushiga ham kirmagan fikrlarni «yozuvchining mahorati yoki kashfiyoti» sifatida talqin qilishadi. Bunday xatoga yo’l qo’ymaslik uchun ilmiy xolislikka amal qilish kerak. Ilmiy mushohada usulida har bir til hodisasiga ilmiy mantiqqa asoslanib yondashish talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |