Mavzuning dolzarbligi. Respublikamizda bugungi kunda xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining hamma jabhalarida erishilayotgan yutuqlar, jahonning eng rivojlangan davlatlari bilan siyosiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-texnik sohalardagi aloqalarda erishilayotgan muvaffaqiyatlar bevosita yurtimizning o’z mustaqilligini qo’lga kiritganligi bilan bog’liqdir. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov xalqimizning asrlar davomida ardoqlab kelingan buyuk boyligi hisoblangan ma’naviyatning asl mohiyati va uning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi o’rni va ahamiyatini yoritib berishga bag’ishlangan “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” asarida ona tilimizning mamlakatimiz ichki va tashqi hayotidagi o’rni va rivojlanishiga, uning vazifaviy-uslubiy imkoniyatlarini yanada kengaytirish lozimligiga alohida e’tibor qaratgan. Haqiqatdan ham, yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “biz ajdodlardan avlodlarga o’tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimiy ishlashimiz zarur”. [1; 87-bet]
Darhaqiqat, ma’naviyatimizning asosi bo’lgan adabiy tilimizni yanada rivojlantirish, xalqimizning asrlar davomida shakllangan milliy-ma’naviy qadriyatlarini tiklash, ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ma’naviy merosni o’rganish, mustaqillik mafkurasini badiiy ijod sohasida, ta’lim jarayonida yoshlarimiz ongiga singdirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
Umuman olganda, tadqiqot ishimizning obyekti hisoblangan badiiy nutq masalasiga doir adabiyotlarni ko’zdan kechirganda, o’zbek tilida bu borada mukammal ma’lumot berilgan biror-bir adabiyotni topish qiyinchilik tug’diradi. Badiiy adabiyot va uning uslublariga bag’ishlangan adabiyotlarda ma’lum bir sahifalarida badiiy nutq haqidagi fikrlarni uchratishimiz mumkin. Ammo badiiy nutqni tahlil qilish usullari bo’yicha hech bir adabiyot mavjud emas. Shu sababli ushbu mavzuning dolzarbligi sababli, rus va ingliz adabiyotlaridan foydalanib, shu mavzuni o’zbek tilida yoritib berishni o’z oldimizga maqsad qilib oldik.
Shuningdek, badiiy nutqning shakl va janrlari turli adabiyotlarda turlicha tavsiflanadi. Ularni farqlay olish esa mavzuning dolzarbligidan dalolat beradi. Shu sababli ularni bir necha adabiyotlardagi ma’lumotlardan foydalanib, umumlashtirish usuli bilan bir qolipga solish ham bu ishimizning yutuqlaridan biri sanaladi.
Tilning o’z funksional-semantik imkoniyatlarini, turli ma’no nozikliklarini namoyon etishda badiiy ijod ahlining, xususan, shoir va yozuvchilarning xizmatlari beqiyosdir. Shu bois alohida olingan ijodkorlar individual uslubi, asarlarida qo’llangan badiiy nutqning tahlili va usullarini o’rganish ularning adabiy tilimiz rivojiga qo’shgan hissalarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Atoqli olmon olimi Vilgelm fon Gumboldtning “Yer yuzidagi tillarning xilma-xilligi faqat tovushlarning har xilligi emas, balki har bir millatdagi dunyoni ko’rishning farqliligi natijasidir”, degan gapida juda katta haqiqat mavjud.
Jahon nazm va nasriga katta hissa qo’shgan, 1986-yilgi Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori, Afrika xalqlarining sevimli shoiri, yozuvchi va dramaturgi Vole Shoyinka hisoblanadi. Vole Shoyinkaning turli mavzularda yaratilgan she’rlarida badiiy nutq va tilning yashirin imkoniyatlari, nutq birliklarining o’ziga xos nozik ma’nolar ifodalashda xususiyatlari, jozibasi, bo’yoqdorligi, ifodaliligi, emotsional-ekspressivligi turli vositalar yordamida namoyon bo’ladi. Vole Shoyinka ijodida betakror tasvirlarni yuzaga keltiruvchi hamda she’riyati tilining badiiyatini ta’minlovchi stilistik vositalardan o’rinli foydalanganligi uning so’z qo’llashda yuksak mahorat sohibi ekanligidan dalolat beradi. Jahon adabiyotida alohida ijodkorlar she’r va asarlarida badiiy nutq jihatdan o’rganishga bag’ishlangan ayrim ishlar mavjud bo’lsa-da, Vole Shoyinkaning she’riy asarlari haligacha maxsus o’rganilmagan. Shuningdek, badiiy nutqning asosiy xususiyatlari haqida ham o’zbek tilimizda yetarlicha ma’lumotlar yo’q. Bu esa tanlangan mavzuning dolzarbligini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |